Savol: O’zbekistonda qanday qilib Qirg’iziston pasporti bilan vid na jitelstvo (yashash guvohnomasi) olsa boladi? Qanaqa hujjatlarni to’plash lozim? Rahmat.
Javob: Agar siz Qirg’iziston Respublikasi fuqarosi bo’lsangiz, u holda siz O’zbekiston hududida chet el fuqarosi (xorijiy fuqaro) degan huquqiy maqomga ega bo’lasiz.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 26-fevraldagi PF-2240-sonli farmoniga 2-ilova, ya’ni “Xorijiy shaxsga O’zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi, fuqaroligi bo’lmagan shaxsga O’zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi va fuqaroligi bo’lmagan shaxs guvohnomasi to’g’risida”gi nizomning 3-bandiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi quyidagilarga beriladi:
– O’zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi xorijiy fuqarolarga yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga — ular 16 yoshga to’lganlarida;
– ushbu Nizomda belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash uchun ruxsatnoma olgan shaxslarga, shu jumladan, O’zbekiston Respublikasiga qaytib kelgan va qonunga muvofiq O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilgan shaxslarga;
– O’zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan, ammo O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilmagan yoki qonunga muvofiq O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilgan shaxslarga.
Yuqorida keltirilgan asoslardan biri sizda mavjud bo’lsa, u holda siz doimiy istiqomat qilayotgan joyingizdagi Ichki ishlar organlariga quyidagi hujjatlarni taqdim etishingiz kerak bo’ladi:
– O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan shakl bo’yicha ariza. Ichki ihslar organlarida namunaviy ariza shakllari bo’ladi;
– tug’ilganlik haqidagi guvohnoma (birinchi marta olayotganda);
– xorijiy davlatning haqiqiy pasporti, ya’ni pasportning asli, nusxasi emas.
– vakolatli organlar tomonidan berilgan va arizachining fuqaroligi tugaganligini tasdiqlaydigan hujjat, agar mavjud bo’lsa;
– kattaligi 35х45 mm. oq-qora yoki rangli 5 ta fotosurat;
– istiqomat joyidan oila a’zolari ko’rsatilgan ma’lumotnoma;
– nikoh to’g’risida guvohnoma.
Ushbu hujjatlarni O’zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi xorijiy shaxs bo’lmasangiz ham xuddi shu tartibda istiqomat qilayotgan joyingizdagi Ichki ishlar organlariga topshirishingiz mumkin. Yuqorida sanalgan hujjatlarni ko’rib chiqish muddati 15 kundan oshmasligi kerak.
Xorijiy shaxslarga yashash guvohnomasi 5 yil muddatga beriladi, lekin xorijiy davlat pasportining amal qilish muddatidan oshmasligi kerak. 60 yoshdan oshganlarga esa xorijiy davlat pasporti amal qiladigan butun muddatga beriladi. Yashash guvohnomasining amal qilish muddati 5 martagacha uzaytiriladi.