Sharh

O’zbekistonda nodavlat tashkilotlar erkin faoliyat yurita oladimi?

O’zbekistonda yangi hukumat kelgandan beri xalq bilan muloqot, davlat organlarida ochiqlik, xalqaro hamkorlikka intilish va fuqarolik jamiyatini kuchaytirish kabi islohotlarni olib borishga va’da berib kelmoqda. Mazkur islohotlarning har biri ko’plab tahlil va taklif bitilgan maqola yozishga arzigulik bo’lsa-da, bugun O’zbekistondagi fuqarolik jamiyatining ahvoli, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) oldidagi mavjud huquqiy to’siqlar haqida so’z yuritamiz.

Ma’lumki, davlatimiz mustaqillikka erishgach, ko’plab milliy NNTlar tashkil etildi. Shuningdek, ko’plab xalqaro ta’lim, ma’daniyat, sport, siyosat, ilm-fan sohalarida NNTlari O’zbekistonda o’z faoliyatini yurita boshladi. Afsuski, ba’zan asosli va ba’zan asossiz sabablarga ko’ra, 2000-yillarning oxiriga borib, mazkur xalqaro NNTlardan deyarli birortasida mamlakatda qolmadi. Mahalliy NNTlarning ham ko’plari o’z faoliyatini tugatishga yoki hech bo’lmasa o’zlarini ishlash bo’yicha qaytadan isloh qilishga majbur bo’ldi. Mahalliy va ayniqsa, xalqaro NNTlarning yurtimizdan chiqarilib yuborilishiga kim yoki nima sabab bo’lganligini muhokama qilish bu maqola mavzusiga kirmaydi, ammo 2016-yil 1-sentabr holatiga ko’ra aytish mumkinki, yurtimizda barmoq bilan sanarli xalqaro NNTlar juda tor doirada faoliyat olib bormoqda.

AQShning eng so’nggi NNTi Milliy Demokratik Institut (National Democratic Institute) 2016-yil bahorida hech bir mazmunli ish bajara olmaganligi sababli O’zbekistonni tark etti.

2017-yilning avgust oyida Xalqaro Press Klubda bo’lgan suhbatda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O’zbekistonga xalqaro tashkilotlarning kelishiga hech bir to’sqinlik yo’qligini, istasa Human Rights Watch kabi tashkilotlar O’zbekistonda faoliyatini qayta tiklashi mumkinligini aytdi. Mazkur xushxabardan xalqimizda va O’zbekiston taqdiriga qiziqqan xalqaro tashkilotlarda O’zbekistonga qaytishga umid paydo bo’ldi. Human Rights Watch tashkiloti xodimlari O’zbekistonga tashrif ham buyurdi.

BMT Bosh Assambleyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonda bo’layotgan ijobiy islohotlar qatorida mamlakat xalqaro tashkilotlar bilan ishlashga tayyorligini ham ta’kidlab o’tdi.

Ammo shu hafta boshida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi direktori Akmal Saidov Human Rights Watch Xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti hozircha O‘zbekistonda o‘z faoliyatini tiklay olmaydi, deb xabar qildi. Unga ko’ra, bu tashkilot sud hukmi bilan mamlakatdan chiqarib yuborilgan va rasman O’zbekistonda qayta ish boshlay olishi uchun shu hukm bekor qilinishi kerak.

Keling endi, agar O’zbekiston xalqaro nodavlat tashkilotlar uchun eshigini ochsa, ular mamlakatda erkin va mazmunli faoliyat yurita oladimi, bunga amaldagi qonunchilik qanchalik javob beradi, degan savolga javob izlasak.

NNTni tuzishdagi to’siq va muammolar

  1. NTTlar davlat ro’yxatidan o’tishi shart. “Nodavlat notijorat tashkilotlar to’g’risida”gi qonunning 15-moddasiga ko’ra, ro’yxatdan o’tmagan har qanday guruh yoki jamoa yoxud norasmiy guruhning faoliyati noqonuniy hisoblanadi. Buning uchun eng kam ish haqining 50 barobaridan 100 barobarigacha jarima (Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeks, 239-moddasi) va bunday norasmiy tashkilotda faollik uchun eng kam ish haqining 50 barobaridan 100 barobarigacha jarima yoki 6 oygacha qamoq jazosi yoxud 6 oygacha ozodlikdan mahrum etish jazosi (Jinoyat kodeksining 216-moddasi) belgilangan. Aslida bu inson huquqlari normalariga teskari bo’lib, fuqarolarning o’zaro qiziqish va manfaatlariga qarab birlashishiga to’sqinlik qiladi. Mazkur cheklov natijasida o’zbekistonliklar orasida keng tarqalgan “Gap o’ynash” ham yoki “Choyxona” ham yoxud “gashtak”lar ham noqonuniy ro’yxatdan o’tmagan tashkilot va noqonuniy faoliyat turi sifatida malakalanishi mumkin. Ammo amalda ularga e’tibor berilmaydi, lekin xuddi shunday yig’ilishlarda dindorlar ishtirok etsa yoki diniy mazmunga ega suhbatlar bo’lgan bo’lsa, unda ishtirok etgan shaxslarni noqonuniy diniy tashkilot tuzish va unda faollik yoki a’zolikda ayblab, ma’muriy va jinoiy javobgarlikka toritilish hollari juda ko’p uchraydi. Bu esa qonunlarning arbitrary, ya’ni o’zboshimchalik bilan, bir guruhni, ya’ni dindorlar guruhini kamsitib ijro qilinishini va qonundagi NNTlarning ro’yxatdan o’tish talabi fuqarolarning biror qiziqish va manfaatlar yo’lida birlashish, yig’ilish va fikr almashish kabi huquqlarini cheklashga xizmat qilishini ko’rsatadi.
  2. Ro’yxatdan oluvchi organning (Adliya Vazirligi) amalda ro’yxatdan o’tish uchun yuborilgan arizalarni “ko’rmasdan qoldirishi” holatlari ham uchraydi. Qonunda topshirilgan arizani ko’rib, ro’yxatdan o’tkazish yoki rad etish kabi aniq javob berilishi talab etilgan bo’lsa-da (“Nodavlat notijorat tashkilotlar to’g’risida”gi qonuning 23-moddasi), amalda arizaning ko’rmasdan qoldirilishi arizachini huquqiy berk ko’chada qoldiradi. Chunki arizachi na ro’yxatdan o’tkazuvchi organ ustidan sudga shikoyat qila oladi, na qaytadan ariza topshira oladi. 2011-yil sentabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson Huquqlari bo’yicha Qo’mitasi “Kungurov O’zbekistonga qarshi” ishini ko’rib chiqib, O’zbekistonda NNTlarni ro’yxatdan o’tkazish tartibi O’zbekiston bajarish majburiyatini olgan Siyosiy va Fuqarolik Huquqlari bo’yicha Xalqaro Paktning 19 va 22-moddalarini buzgan deya qaror chiqargan.[1]
  3. Ro’yxatdan o’tish to’g’risidagi arizani rad etish asoslari belgilanganda davlat organiga haddan ortiq vakolatlar berilgan. Xususan, Qonunning 25-moddasidagi arizani rad etish asoslaridan biri “nodavlat notijorat tashkilotining nomi yoki ramziy belgilari ma’naviyatga, fuqarolarning milliy va diniy tuyg‘ulariga daxl qilsa” deb ko’rsatilgan. Ma’naviyat, fuqarolarning milliy tuy’gulari, fuqarolarning diniy tuyg’ulari kabi juda keng va sub’yektiv tushunchalarni har kim istagancha talqin qilishi mumkin. Bilamizki, qonunchilikda har bir jumla, atama aniq ma’noni ifoda etishi va u aniq ta’riflanishi yoki u ifoda etishi mumkin bo’lgan ma’nolarga chegara belgilab qo’yilishi lozim. Afsuski, qonunchilikda ma’naviyat, fuqarolarning milliy tuy’gulari, fuqarolarning diniy tuyg’ularga ta’rif berilmagan. Masalan, kimdir Katolik Yordam Xizmatlari (Catholic Relief Services) insonparvarlik tashkilotining nomi uning diniy tuyg’ulariga daxl qiladi deyishi, yana kimdir esa O’zbekiston Yoshlar Ittifoqi tashkilotining nomi Sovet Ittifoqini eslatgani uchun uning milliy tuyg’ulariga, boshqa birov esa “Hip-Hop Raqs Maktabi” uning ma’naviyatiga daxl qiladi, deb talqin qilishi mumkin.

 

Faoliyat yuritishdagi to’siqlar

  1. Qonunchilik NNTning har bir o’tkazmoqchi bo’lgan faoliyati uchun Adliya Vazirligining roziligini olishini talab qiladi. Ammo qonun qaysi faoliyatlar uchun oldindan ruxsat olinishi lozimligini aniq belgilamaydi. Bunday noaniqlik esa o’z navbatida NNTlarda tushunmovchilikni keltirib chiqaradi va davlat organiga istagan faoliyat uchun rozilik so’rashni talab qilish yoki rozilik olinmagan bo’lsa, NNTga nisbatan jazo qo’llash kabi haddan ortiq vakolat beradi.
  2. Qoidabuzarlarga nisbatan o’ta qattiq jazolar belgilangan. Bu muammo esa yuqoridagi muammoni yanada katta muammoga aylantiradi. Masalan, NNTning Adliya Vazirligining ruxsatini olmasdan tadbirlar tashkil qilishi NNT va uning xodimlariga nisbatan eng kam oylik ish haqining 50 barobaridan 100 barobarigacha jarima bilan jazolanishi mumkin. Xuddi shunday jazo tegishli hisobotlarni davlat organiga o’z vaqtida topshirmaslik kabi ijtimoiy xavfliligi uncha katta bo’lmagan harakat yoki harakatsizliklarga ham qo’llaniladi. Foydani maqsad qilgan tadbirkorlik tashkilotlariga hisobotlarni o’z vaqtida topshirmagani uchun belgilangan jazo xuddi shu qilmish uchun NNTlarga belgilangan jazoga qaraganda ancha yengil: ularga eng kam ish haqining 7 barobaridan 10 barobarigacha miqdorda jarima tortilishi ko’zda tutilgan (Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeks, 215-modda). Aslida, egasining moliyaviy manfaatlarini emas, balki jamiyat va davlat manfaati uchun ish olib boradigan NNTlarning faoliyati biznes faoliyatiga qaraganda ancha yengillashtirilgan, imtiyoz va chegirmalar berilgan bo’lishi kerak. Chunki NNTlar faoliyati natijasida davlat juda katta yordam oladi. Yuqoridagi muammolar esa o’z-o’zidan NNTlarning faoliyatiga davlatning chuqur burnini tiqishini va maqsad nodavlat tashkilotlar faoliyatini qo’llab-quvvatlash emas, aksincha, ularning erkin faoliyatini cheklash ekanini ko’rsatadi.
  3. 2016-yil 25-aprelda qabul qilingan qonunchilikka o’zgartirishlar NNTlar faoliyatiga bo’lgan cheklovlarni yanada kuchaytirdi. Jumladan, o’zgartirishlar NNT xodimlarining xorijga safari haqida Adliya Vazirligini oldindan xabardor qilish va NNTlar xorijiy davlat, fuqaro yoki tashkilotlardan grant mablag’larini olishdan avval davlat organidan rozilik olish kabi shartlarni kiritdi.
  4. Konferensiya kabi yig’ilishlar o’tkazmoqchi bo’lib, xorijdan ishtirokchilarni taklif qilmoqchi bo’lgan NNT, uni o’tkazish va xorijlik ishtirokchi yoki so’zlovchilarning qatnashishi uchun Adliya Vazirligidan oldindan rozilik olishi lozim. Ya’ni, NNT vazirlikka o’tkazmoqchi bo’lgan konferensiyasi, uning maqsadi, sanasi, ishtirokchilari va hokazolar haqida to’liq ma’lumot toshirishi lozim. Agar vazirlik rozilik bersagina, NNT tadbirni rejalashda davom etishi, aks holda esa uni o’tkaza olmasligi belgilangan. Aslida ko’pchilik NNTlar faoliyatining katta qismi jamoatchilik fikrini o’rganish, izlanishlar va yangiliklarni jamoatchilikka yetkazish uchun turli omma uchun ochiq yoki tor doirada tadbirlar o’tkazishdan iborat bo’ladi. Bunda tadbirlarning har biri uchun davlat organining ruxsatini olish NNTlarga ortiqcha tashvish bo’lib, asosiy ishini qilishi uchun vaqt qoldirmaydi. Bundan tashqari, Adliya Vazirligining ham bunday mayda ishdan boshqa qiladigan muhim ishi yo’qmi degan savol tug’iladi. NNTlar har bir faoliyatning yillik rejasini tuzadi; shu reja asosida homiylardan faoliyat yuritish uchun mablag’ oladi. Davlat organi rejadagi tadbirni o’tkazishga yoki material yoki nashrni tayyorlashga, chop etishga ruxsat berish/bermasligi oldindan noma’lum bo’lgan holda ular qanday reja tuzishi yoki grantni olgach, homiylar oldida o’z majburiyatini qanday bajara olishi mumkin? NNTlar faoliyatiga davlatning bunaqa ikir-chikirigacha aralashishi va qattiq jazo choralari bilan tahdid qilishi amalda ularning deyarli mazmunli faoliyat yurita olmasligiga olib keladi. Bu qoidalar bilan tanishib, aslida ular yurtimizda birorta chin ma’noda erkin va mustaqil NNTni yaratmaslik, borlarini ham yo’q qilish, xorijiy NNTlarni yuritmizga umuman kiritmaslik maqsadida tuzilganmikan degan shubha uyg’onadi.

 

Xulosa

Demorakratik davlatda fuqarolarning o’zaro qiziqishi va manfaatlari yo’lida bir bo’lib uyushish, tadibrlar o’tkazish va boshqalarni ham mazkur qiziqish, istak va manfaatlar yo’lida uyushishga chorlash kabi uzviy huquqlari kafolatlanadi. Bu huquqlarni amalda tatbiq etish uchun davlat fuqarolik jamiyatini yaratishga to’sqinlik qilmasligi, ya’ni iloji boricha ularning faoliyatiga kam aralashishi lozim. Bu o’z navbatida fuqarolik jamiyatining katta qismini tashkil etuvchi NNTlarning faoliyatiga davlatning haddan tashqari aralashuvini kamaytirishni, bu boradagi qonunchilikni aniq belgilab qo’yishni talab qiladi.

Davlat, shuningdek, fuqarolik jamiyatining mustaqil harakatidan, jumladan, NNTlarning faoliyatidan manfaat ko’rar ekan (chunki bajarishi lozim bo’lgan majburiyatlari yengillashadi; bu ishda NTTlar davlatga yordamchi bo’ladi), ularga ko’plab afzalliklar, yengilliklar va imtiyozlar berish lozim. Har qanday xorij elementi bo’lgan narsa, shaxs yoki g’oyaga dushman nazari bilan qarash siyosatidan voz kechish lozim.

Prezident Shavlat Mirziyoeyv BMT Bosh Assembleyasida qilgan nutqi va AQShga safari chog’ida O’zbekiston xorijiy hamkorlikka tayyorligini bildirdi va bu ijobiy qadamlar ekanligini ta’kidlash zarur. Ammo amalda fuqarolik jamiyatining asosi bo’lgan nodavlat tashkilotlar oyog’iga kishan soluvchi qonunchilik normalari mavjud ekan, davlat rahbari aytgan islohotlarning amalga oshishi qiyin.

Shu bois biz qonun chiqaruvchi organlarni va qonunchilik kiritish tashabbusiga ega vakolatli shaxs va idoralarni yuqorida tilga olingan huquqiy to’siqlarni bartaraf etishga va NNTlar faoliyatiga oid qonunchilikni o’zgartirishga o’z hissasini qo’shishga chaqiramiz.

[1] http://www.worldcourts.com/hrc/eng/decisions/2011.07.20_Kungurov_v_Uzbekistan.pdf

Comments are closed.