Xabarlar

Prokuror inson huquqlari to’g’risida qonun qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi

Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Rashitjon Qodirov mamlakatdagi inson huquqlari ahvoli haqida hisobot berib, bu borada yo’l qo’yilayotgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni oshirish maqsadida yangi qonun loyihasi tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “O’zA” axborot agentligi xabar qildi.

Bosh prokurorning aytishicha, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish sohasida yaratilgan normativ-huquqiy baza, tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni ro‘yobga chiqarish borasidagi ish bugungi kun talablariga  to‘liq javob bermaydi. Joylarda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonun talablarini mansabdor shaxslar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan inkor etish, fuqarolarning murojaatlari, shikoyatlari yuzasidan choralar ko‘rmaslik, fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy, mehnat va boshqa manfaatlariga daxldor masalalarni hal qilishda suiiste’mollarga yo‘l qo‘yish holatlari mavjud, deydi Rashit Qodirov. Hisobotda bunday kamchiliklar Davarxitektqurilish, Davgeodezerkadastr, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va boshqa davlat idoralarida uchragani qayd etiladi.

Qonunchilik tashabbusi vakolatidan foydalangan holda Bosh prokuror Oliy Majlisga inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonun talablarini buzganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarini javobgarligini oshirishga qaratilgan yangi qonun loyihasini kiritmoqchi ekanini ma’lum qilgan.

Qonun matni va uning mazmuni haqida qo’shimcha ma’lumot berilmagan.

(Surat Senat.gov.uzdan olindi)

Comments are closed.