Savol: Qirg’iziston fuqarosi bo’lgan qo’shnim 10 yildan beri O’zbekiston Respublikasi hududida istiqomat qiladi. Hozirgacha O’zbekiston fuqaroligini ololmayapti. Buning uchun qayerga va qay tarzda murojaat etish kerak?
Javob: “O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi to’g’risida”gi qonunining 17-moddasiga ko’ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar o’z iltimosnomalariga ko’ra, kelib chiqishidan, irqi va millatidan, jinsi, ma’lumoti, tilidan, dinga munosabatidan, siyosiy va boshqa e’tiqodlaridan qat’i nazar, O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishi mumkin. Demak, qo’shningiz ham O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini olishingiz mumkin va buning uchun quyidagi shartlarni amalga oshirishingiz lozim:
1) chet el fuqaroligidan voz kechish;
2) so’nggi besh yil davomida O’zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaganlik.
Ushbu qoida O’zbekiston Respublikasining fuqarosi bo’lish istagini bildirgan shaxslarga, basharti ular shu yerda tug’ilgan va hech bo’lmasa ota-onasidan biri, buvasi yoki buvisi O’zbekiston Respublikasi hududida tug’ilganligini va boshqa davlatlarning fuqarosi emasligini isbotlasa, taalluqli bo’lmaydi;
3) qonuniy tirikchilik manbalarining mavjudligi;
4) O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini tan olish va bajarish.
“O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog’liq masalalarni ko’rib chiqish tartibi to’g’risida”gi Nizomning II bo’limiga muvofiq, respublika hududida doimiy yashovchi shaxslarni O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish uchun materiallarni rasmiylashtirish va ko’rib chiqish tartibi quyidagicha belgilangan:
So’nggi 5 yil O’zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashayotgan xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxs doimiy istiqomat joyidagi ichki ishlar organlari orqali O’zbekiston Respublikasining Prezidenti nomiga fuqarolikka qabul qilish to’g’risida ariza beradi. Arizada O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini tan olishi, uning talablarini bajarishi to’g’risidagi va xorijiy fuqarolikdan voz kechganligi to’g’risidagi majburiyat ko’rsatiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
ikki nusxada ariza-so’rovnoma;
xorijiy fuqarolikdan chiqqanlik to’g’risida guvohlik beruvchi hujjat (fuqaroligi bo’lmagan shaxslardan tashqari);
2 nusxada tarjimai hol;
kun kechirishning qonuniy manbalari mavjudligini tasdiqlovchi hujjat (ish joyidan ma’lumotnoma yoki ish haqi, pensiya, nafaqa, divedendlar va kun kechirishning boshqa manbalari ko’rsatilgan boshqa hujjat);
to’rtta fotosurat;
2 nusxada oilasining tarkibi to’g’risida ish joyidan ma’lumotnoma;
davlat boji to’langanligi yoki uni to’lashdan ozod qilinganligi haqidagi hujjat.
18 yoshga to’lmagan shaxsni O’zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to’g’risidagi ariza uning qonuniy vakillari tomonidan bola tug’ilganligi haqidagi guvohnomaning nusxasi bilan birgalikda beriladi. 14 dan 18 yoshgacha bo’lgan voyaga etmaganlar ota-onalarining yoki boshqa qonuniy vakillarining arizasiga notarial idoralar tomonidan tasdiqlangan ruxsatnomani taqdim etishlari kerak.
Arizalar, so’rovnomalar va tarjimai hollarning barcha nusxalarini arizachi ular yozilgan sanani ko’rsatib imzolashi zarur.
Arizachi ushbu Nizomda ko’zda tutilgan barcha hujjatlarni topshirgan paytdan boshlab taqdimnoma ijro uchun qabul qilingan deb hisoblanadi.
Istiqomat joyidagi ichki ishlar organlari arizachining rasmiylashtirilgan hujjatlarini tegishli suratda Qoraqalpog’iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining ichki ishlar boshqarmalariga yuboradilar.
Qoraqalpog’iston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari ichki ishlar boshqarmalari O’zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to’g’risidagi hujjatlar rasmiylashtirilishi to’g’riligini tekshiradilar, ushbu masalalar yuzasidan 2 nusxada hujjatlar yig’ma jildini yuritadilar va milliy xavfsizlik tegishli organlarining fikrini so’raydilar.
Qoraqalpog’iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahri hokimliklari ichki ishlar boshqarmalarining materiallari va xulosalarini O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuboradilar.
O’zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi o’z xulosasini O’zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to’g’risidagi materiallar bilan birgalikda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bilan shug’ullanuvchi komissiyaga va respublikaning tegishli vakolatli organlari (Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi)ga yuboradi. Mazkur vakolatli organlar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bilan shug’ullanuvchi komissiyaga faqat o’z xulosalarini yuboradilar, hujjatlarni esa O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga qaytaradilar.
O’zbekiston Respublikasi huzuridagi Fuqarolik masalalari bilan shug’ulllanuvchi komissiya hujjatlarni ko’rib chiqadi va O’zbekiston Respublikasining Prezidenti qaror qabul qilishi uchun takliflar taqdim etadi.
Yuqoridagi jarayondan so’ng fuqarolikka qabul qilish to’g’risida Prezident Farmoni chiqadi yoki fuqarolikka qabul qilish rad etiladi. Agar O’zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi shaxs bir necha bor fuqarolikka qabul qilinishni so’rab murojaat qilgan bo’lsa, tegishli organ tomonidan rad javobi berilganmi yoki shunchaki javobga oydinlik kiritilmaganmi, shuni aniqlab olish kerak. Agar tegishli organlar tomonidan rad javobi berilgan bo’lsa, demak arizachi fuqarolikka qabul qilinmagan. Shaxslarni fuqarolikka qabul qilish yoki qilmaslik davlatning huquqi bo’lib, yuqorida keltirilgan hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida ariza beruvchi haqida ijobiy xulosa chiqmaganligi sabab bo’lishi mumkin. Agar arizaga oydinlik kirituvchi javob olinmagan bo’lsa, unda yuroqida keltirilgan rasmiylashtirilishi lozim bo’lgan hujjatlar to’la va aniq shaklda, qonunda ko’rsatilganidek topshirilganligiga e’tibor qaratish lozim va hujjat topshirilgan ichki ishlar organlaridan arizaning natijasini talab qilish kerak.
6 Comments