Fuqarolik huquqi

O’zbekiston fuqaroligidan voz kechgan odam uni qayta olishi mumkinmi?

Savol: Bir oshnam Rossiya fuqaroligini olgan edi, u yana O’zbekiston fuqaroligini olishi mumkinmi?

Javob: “O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi to’g’risida” gi qonunning 18-moddasiga ko’ra, ilgari O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan shaxs o‘z iltimosnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tiklanishi mumkin.

“O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qayta tiklash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga ariza beriladi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qayta tiklash to‘g‘risidagi ariza bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish va ularni ko‘rib chiqish tartibi O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish haqidagi arizalarni ko‘rib chiqish uchun yuqorida ta’kidlangan Nizomda belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi. Arizada O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan mahrum bo‘lish sabablari ko‘rsatiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari Komissiyasi materiallarni ko‘rib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti qarorlar qabul qilishi uchun takliflar kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi materiallarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish tartibi

Chet ellarda doimiy yashovchi shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs (chet elda yashovchi) O‘zbekiston Respublikasining mazkur mamlakatdagi diplomatiya va konsullik muassasalari orqali O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida ariza beradi. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini qabul qilishni xohlovchi shaxs yashab turgan davlatda diplomatiya vakolatxonasi, konsullik muassasasi bo‘lmagan taqdirda u O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qiladi. Iltimosnoma ifodalangan ariza, arizachining ajnabiy fuqarolikdan voz kechganligini yoki uning fuqaroligi yo‘qligini tasdiqlovchi hujjat, tarjimai holiga doir ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tasdiqlagan shakldagi so‘rovnomalarda uch nusxada bayon etiladi. Unga arizachining fotosuratlari va salomatligi haqidagi ma’lumotnomalar, jumladan SPIDga qarshi tekshiruvdan o‘tganligi to‘g‘risidagi qayd ilova qilinadi. Arizachi arizani taqdim etilgan sanani ko‘rsatib imzolaydi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishni iltimos qilgan va doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasiga ko‘chib kelish istagini bildirgan shaxs o‘z arizasida O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi masala O‘zbekiston Respublikasi viloyatlaridan birining yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining hududida uy-joy berilishi yoxud ishga joylashishi bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatib o‘tishi zarur.

Ko‘zda tutilgan barcha hujjatlarni arizachi topshirgan paytdan boshlab taqdimnoma ijro uchun qabul qilingan deb hisoblanadi.

Xorijiy davlatning fuqarosi bo‘lgan vatandoshimiz O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi arizaga u O‘zbekiston Respublikasining hududida tug‘ilganligini va shu hududda otasi yoki onasi, buvisi yoxud buvasi tug‘ilganligini tasdiqlovchi hujjat yoki dalillarni ilova qilishi zarur.

Comments are closed.