Fuqarolik huquqi

O’zbekiston fuqaroligidan qanday chiqish mumkin?

Savol: Men AQShda ko’p yillardan beri yashayman. Doimiy yashash huquqini (Green Card) qo’lga kiritganman. Yaqinda AQSH fuqaroligini olmoqchiman. O’zbekiston fuqaroligidan chiqishim uchun nima qilishim kerak?

Javob: “O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi to’g’risida”gi Qonunga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish to’rt holatda amalga oshadi:

1) Fuqarolikdan chiqishni so’rab yozilgan arizalarning qondirilishi oqibatida;

2) Fuqarolikdan mahrum bo’lish yoki fuqarolikni yo’qotish oqibatida;

3) O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan asoslarga binoan;

4) “O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi to’g’risida”gi Qonunda ko’zda tutilgan boshqa asoslarga binoan.

O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish tartibi

O’zbekiston respubliakasi fuqarosi ariza bilan murojaat etib, fuqarolikdan chiqishni so’rashi mumkin. Agar bu fuqaro davlat oldidagi majburiyatlarini yoki fuqarolarning yoxud davlat va jamoat tashkilotlarining muhim manfaatlari bilan bog’liq mulkiy majburiyatlarini bajarmagan bo’lsa, uning iltimosi rad etilishi mumkin.

Shuningdek, fuqarolikdan chiqishni istovchi shaxs ayblanuvchi sifatida jinoiy javobgarlikka tortilgan yoxud unga nisbatan qonuniy kuchga kirgan va ijro etilishi zarur bo’lgan sud hukmi bo’lsa yoki shaxsning O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishi O’zbekiston Respublikasi davlat xavfsizligi manfaatlariga zid bo’lsa, uning O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishiga yo’l qo’yilmaydi.

Fuqarolikdan chiqishga oid arizalar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga ariza beruvchilarning doimiy istiqomat joyidagi ichki ishlar idoralari orqali, chet elda doimiy yashovchi shaxslar[1] tomonidan esa O’zbekiston Respublikasining tegishli diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari orqali topshiriladi.

18 yoshga to’lmagan shaxslar xususidagi iltimosnomalar ular vakillarining notarial idoralar tomonidan, chet elda esa O’zbekiston Respublikasining tegishli diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi tomonidan tasdiqlangan qonuniy vakillarining iltimosiga binoan ko’rib chiqiladi.

14 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan bolalarni O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqarish to’g’risida ariza topshirish chog’ida bu bolalarning roziligi olinishi shart. Bunday rozilik yozma bayon etilishi va notarial idoralar tomonidan, chet elda esa O’zbekiston Respublikasining tegishli diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasalari tomonidan tasdiqlangan bo’lishi kerak.

O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalariga oid arizalar berilganda davlat boji to’lanadi. Davlat boji stavkalari to’g’risidagi qonunga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqarish to’g’risidagi arizalardan eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida davlat boji olinadi.

Ariza topshirilgandan so’ng, O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi fuqarolik masalalariga oid arizalar yoki taqdimnomalar yuzasidan o’z xulosalarini hamda boshqa zarur hujjatlarni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradilar.

Fuqarolik masalalariga oid arizalar va taqdimnomalarni ko’rib chiqish paytida Komissiya ariza beruvchining dalillarini, taqdimnomaning mazmunini, davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining xulosalarini, boshqa hujjatlarni hamda tegishli tarzda rasmiylashtirilgan guvohlar ko’rsatmalarini o’rganadi. Komissiya har bir ariza yoki taqdimnoma yuzasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi.

Fuqarolikning to’xtatilishi masalasi yuzasidan O’zbekiston Respublikasining Prezidenti farmon chiqaradi.

Agar farmonda boshqa muddat belgilangan bo’lmasa, fuqarolikdagi o’zgarishlar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni chiqarilgan kundan kuchga kiradi.

Fuqarolik masalasiga oid takroriy ariza, qoida tariqasida, shu masalaga oid avvalgi qarordan keyin bir yil o’tgach ko’rib chiqiladi. Ish uchun muhim bo’lgan hamda ariza beruvchiga ma’lum bo’lmagan va ma’lum bo’lishi mumkin bo’lmagan vaziyatlar vujudga kelgan taqdirda takroriy ariza ilgariroq ham ko’rib chiqilishi mumkin.

Fuqarolikning to’xtatilishiga  oid arizalar yoki taqdimnomalarni ko’rib chiqish muddati bir yildan oshmasligi kerak.

Ariza qanday yoziladi va unga nimalarni ilova qilish kerak?

Fuqarolikdan chiqishni so’rab yozilgan arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:

ariza-so’rovnoma — 2 nusxada;

tarjimai hol 2 nusxada;

uchta fotosurat;

yashash joyidan belgilangan shakldagi ma’lumotnoma 2 nusxada;

ish yoki o’qish joyidan, ishlamaydiganlar esa faqat yashash joyidan 2 nusxada ma’lumotnoma taqdim etadi, unda mazkur shaxs davlat oldidagi hamma majburiyatlarini bajarganligi yoki fuqarolarning, davlat, kooperativ yoxud boshqa jamoat tashkilotlarining muhim manfaatlari bog’liq bo’lgan mulkiy majburiyatlari bor-yo’qligi ko’rsatilgan bo’lib, tuman hokimligi tomonidan tasdiqlanishi lozim;

chaqiriq yoshidagi shaxsni O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonuniga muvofiq haqiqiy harbiy xizmatni o’tashdan ozod qilish to’g’risida harbiy komissariatdan ma’lumotnoma;

davlat poshlinasi to’langanligi yoki uni to’lashdan ozod qilish to’g’risidagi hujjat.

Agar arizachining O’zbekiston Respublikasida eri (xotini) yoki qaramog’idagi shaxslar bo’lsa, u ana shu shaxslarning unga nisbatan mulkiy yoki boshqa da’volari yo’qligi to’g’risida notarius tomonidan tasdiqlangan yozma arizalarni taqdim etishi kerak.

18 yoshga to’lmagan shaxsning O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishi to’g’risidagi ariza uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari tomonidan bolaning tug’ilganlik haqidagi guvohnomasining nusxasi bilan birga beriladi. Balog’atga yetmaganlar 14 yoshdan 18 yoshgacha bo’lsa, ota-onalarning yoki boshqa qonuniy vakillarning arizasiga ularning notarius tomonidan tasdiqlangan yozma ravishdagi roziligi qo’shib taqdim qilinishi zarur.

Agar ota-onaning ikkalasi ham O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lib, ulardan biri respublika fuqaroligidan chiqsa va ayni vaqtda balog’atga yetmagan bolasining O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishini iltimos qilsa, u holda bolaning O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishiga o’zining munosabati bildirilgan ota yoki onaning notarius tomonidan tasdiqlangan arizasi taqdim etiladi.

Xorijda doimiy yashovchi shaxslarning O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishi tartibi

O’zbekiston Respublikasining xorijda doimiy yashovchi fuqarosi O’zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga ariza beradi. Xorijda doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasining mazkur mamlakatdagi diplomatiya va konsullik muassasalari orqali O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqarish to‘g‘risida ariza beradi. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqishni xohlovchi shaxs yashab turgan davlatda diplomatiya vakolatxonasi, konsullik muassasasi bo‘lmagan taqdirda u O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qiladi. Iltimosnoma ifodalangan ariza, arizachining ajnabiy fuqarolikni olganligi, tarjimai holiga doir ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tasdiqlagan shakldagi so‘rovnomalarda uch nusxada bayon etiladi. Unga arizachining fotosuratlari ilova qilinadi. Arizachi arizani taqdim etilgan sanani ko‘rsatib imzolaydi.

U savodsizligi yoki jismoniy kamchiliklari tufayli arizaga o‘z qo‘li bilan imzo cheka olmagan taqdirda, “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 34-moddasiga binoan uning iltimosiga ko‘ra arizaga boshqa shaxs imzo chekishi mumkin va bu haqda konsullik muassasasi arizachi o‘z qo‘li bilan arizani imzolay olmaganligi sabablarini arizaga yozib qo‘yadi.

Yuqorida bayon etilgan barcha hujjatlarni arizachi topshirgan paytdan boshlab taqdimnoma ijro uchun qabul qilingan deb hisoblanadi.

O’zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish to’g’risida ariza beruvchi ota-onalar vaziyatga qarab o’z arizalarida bolasining O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini saqlab qolish to’g’risidagi asosli iltimosni bayon qilishlari mumkin.

Ariza topshirilgach xorijdagi diplomatik vakolatxona barcha qabul qilingan hujjatlarni O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi. Vazirlik fuqarolik masalalariga oid arizalar yoki taqdimnomalar yuzasidan o’z xulosalarini hamda boshqa zarur hujjatlarni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradilar. O’z navbatida Komissiya arizalar va taqdimnomalarni ko’rib chiqib, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti ko’rib chiqish uchun takliflar kiritadi. Fuqarolikdan chiqarish masalasining eng oxirgi bosqichida arizani O’zbekiston Respublikasi Prezidenti ko’rib chiqadi va arizachini fuqarolikdan chiqarish yoki arizani rad etish kabi bir to’xtamga kelib, farmon chiqaradi.

Qanday holatlarda fuqarolikdan mahrum qilinadi?

Quyidagi holatlar ro’y berganda, O’zbekiston Respublikasi fuqarolari fuqarolikdan mahrum qilnishi mumkin:

1. O’zbekiston Respublikasi fuqarosining ajnabiy davlat armiyasida harbiy xizmatga, xavfsizlik xizmatiga, shuningdek, xorijiy davlatda politsiyaga, yustitsiya organlariga yoki davlat hokimiyati va boshqaruvining o’zga organlariga ishga kirganligini tasdiqlovchi hujjatlar, yoxud boshqa ishonarli ma’lumotlar mavjud bo’lgan taqdirda.

Konsullik muassasalari materiallarni Tashqi ishlar vazirligiga yuboradilar, bu vazirlik O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy Xavfsizlik xizmatidan xulosalar olib o’z xulosasi bilan materiallarni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari Komissiyasiga taqdim etadi. Komissiya O’zbekiston Respublikasining Prezidenti qaror qabul qilishi uchun takliflar kiritadi.

2. Agarda chet elda doimiy yashovchi shaxs 5 yil mobaynida uzrli sabablarsiz konsullik muassasalarida fuqarolik hisobidan o’tmagan taqdirda konsullik muassasalari materiallarni Tashqi ishlar vazirligiga yuboradilar. Tashqi ishlar vazirligi o’z xulosasi bilan materiallarni ko’rib chiqish uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari Komissiyasiga yuboradi. Komissiya taqdim etilgan materiallarni ko’rib chiqadi va O’zbekiston Respublikasining Prezidenti qaror qabul qilishi uchun taklif kiritadi.

5 yillik muddat to’g’risidagi qoida 16 yoshga yetmagan shaxslarga taalluqli emas. Konsullik muassasasining rahbari O’zbekiston Respublikasi fuqarosining o’z vaqtida konsullik hisobidan o’tmaganligi sabablari uzrli yoki uzrli emasligini vaziyatga qarab mustaqil baholaydi.

3. Mutlaqo yolg’on ma’lumotnomalar yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida O’zbekiston Respublikasining fuqaroligini olishga erishilganlik aniqlangan taqdirda mazkur shaxs haqiqatan ham O’zbekiston Respublikasining fuqarosi yoki fuqarosi emasligi to’g’risida ma’lumotlar yoki arizalar tushgan chog’da ichki ishlar organlari yoxud konsullik muassasalari zarur tekshirish o’tkazadilar. Mutlaqo yolg’on ma’lumotnomalar yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilish fakti aniqlangan hollarda O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligi materiallarni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari Komissiyasiga taqdim etadilar. Komissiya materiallarni ko’rib chiqadi va O’zbekiston Respublikasining Prezidenti qaror qabul qilishi uchun takliflar kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan shaxsning chet davlat fuqaroligiga mansubligi tan olinmaydi. O’zbekistonda ikki fuqarolikka yo’l qo’yilmaydi. Chet el fuqaroligini olgan O’zbekiston fuqarolari yuqorida ko’rsatilgan tartibda, ariza yozib, O’zbekiston fuqaroligidan chiqishlari kerak. Chet el fuqaroligini olish to’g’ridan to’g’ri O’zbekiston fuqaroligidan chiqarmaydi.

Fuqarolik masalalari bo‘yicha arizalarni rasmiylashtiruvchi ichki ishlar organlari, diplomatiya vakolatxonalari, konsullik muassasalari ariza beruvchi shaxsdan yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar va materiallardan tashqari ishga daxldor bo‘lgan boshqa hujjatlarni ham talab qilishga haqlidirlar.

Vakolatli organlarning har birida materiallarni ko‘rib chiqish muddati bir oydan, umumiy muddati esa — fuqarolik masalalari bo‘yicha hujjatlar ochilgan paytdan boshlab bir yildan oshmasligi kerak.

Fuqarolik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va fuqarolik masalalariga oid qarorlarni ijro qilish tartibini buzuvchi mansabdor shaxslarning huquqqa zid xatti-harakatlari xususida qonun bilan belgilangan tartibda lavozimiga ko‘ra yuqoriroq mansabdor shaxsga, norozi bo‘lgan taqdirda esa sudga shikoyat qilinishi mumkin.


[1] Chet elda doimiy yashovchi shaxslar – chet elda doimiy yashash huquqini (permanent residence,постоянноеместожительствo ) qo’lga kiritgan shaxslar.

3 Comments

  1. assalomu alaykum savolim-men arab fuqorosiga turmushga chiqanman inshallah yaqinda arab pasportini omoqchiman iltimos javob bersaiz 2ta pasport bn qololamanmi yuqmi chunki arab pasporti bn uzbkstonga kirishim qiyn viza qanaqadur dakumentlar kerak buladi kup kishini kurganman va bilaman 2 ta pasporti bn yurishadi shuning uchun nima qilishim kerak kimga murojat etay oldindan rahmat

  2. munavvar Sizning savolingizga javob tariqasida qisqacha qilib shuni aytish mumkinki,
    Siz bir paytning uzida ikkita passport bilan bulishingiz mumkin emas.
    Chunki Uzbekistonda bir fuqarolik tan olingan – yani bir shaxs bir paytning uzida ikkita davlat fuqarosi bulishi mumkin emas.
    Shuning uchun ham Siz yuqoridagi maqolada aytilganidek Uz Res Prezidenti nomiga ariza yozib fuqarolikdan chiqishingiz kerak bulishi mumkin.
    Lekin Siz shuni unutmangki, Uzbekiston fuqaroligidan chiqishning malum bir huquqiy oqibatlari buladi , yaxshilab uylab kurib keyin qaror qabul qiling.

    230-модда. Фуқаролик ҳолати актлари тўғрисидаги қонун ҳужжатларини бузиш
    Фуқаролик ҳолати актларини ёзиш органларига атайин ёлғон маълумотлар бериш ёки тегишли органларга қонун ҳужжатларида назарда тутилган фуқаролик ҳолати актлари тўғрисидаги маълумотларни тақдим этмаслик —

    Mavzuga oid
    ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИНИНГ ҚОНУНИ

    ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИНИНГ ФУҚАРОЛИГИ ТЎҒРИСИДА
    Uz Res Fuqaroligi tugrisida qonundan azi moddalarni keltirib utaman-

    1
    10-модда. Ўзбекистон Республикаси фуқаросининг чет давлат фуқаролигига мансублигини тан олмаслик

    Ўзбекистон Республикаси фуқароси бўлган шахснинг чет давлат фуқаролигига мансублиги тан олинмайди.

    7-модда. Чет элда яшовчи шахсларнинг Ўзбекистон Республикаси фуқаролигини сақлаб қолиши

    Ўзбекистон Республикаси фуқаросининг чет элда яшаши Ўзбекистон Республикаси фуқаролигининг тўхтатилишига олиб келмайди.

    III. ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИ ФУҚАРОЛИГИНИНГ ТЎХТАТИЛИШИ

    19-модда. Ўзбекистон Республикаси фуқаролигининг тугатилиши асослари

    Ўзбекистон Республикаси фуқаролиги қуйидаги ҳолларда тўхтатилади:

    1) Ўзбекистон Республикаси фуқаролигидан чиқиш оқибатида;

    2) Ўзбекистон Республикаси фуқаролигини йўқотиш оқибатида;

    3) Ўзбекистон Республикасининг халқаро шартномаларида назарда тутилган асосларга биноан;

    4) ушбу Қонунда кўзда тутилган бошқа асосларга биноан.

    Ўзбекистон Республикаси фуқаролигининг тўхтатилиши Қорақалпоғистон Республикаси фуқаролигининг тўхталишига сабаб бўлади.

    20-модда. Ўзбекистон Республикаси фуқаролигидан чиқиш

    Ушбу Қонунда белгиланган тартибда шахснинг илтимосномасига кўра Ўзбекистон Республикаси фуқаролигидан чиқишга рухсат этилади.

    Агар Ўзбекистон Республикаси фуқаролигидан чиқишни илтимос қилувчи шахс давлат олдидаги мажбуриятларини ёки фуқароларнинг ёхуд давлат ва жамоат ташкилотларининг муҳим манфаатлари билан боғлиқ мулкий мажбуриятларини бажармаган бўлса, унинг Ўзбекистон Республикаси фуқаролигидан чиқиши рад этилиши мумкин.

    Агар Ўзбекистон Республикаси фуқаролигидан чиқишни илтимос қилувчи шахс айбланувчи сифатида жиноий жавобгарликка тортилган ёхуд унга нисбатан қонуний кучга кирган ва ижро этилиши зарур бўлган суд ҳукми бўлса ёки шахснинг Ўзбекистон Республикаси фуқаролигидан чиқиши Ўзбекистон Республикаси давлат хавфсизлиги манфаатларига зид бўлса, унинг Ўзбекистон Республикаси фуқаролигидан чиқишига йўл қўйилмайди.

    21-модда. Ўзбекистон Республикаси фуқаролигини йўқотиш

    Қуйидаги ҳолларда Ўзбекистон Республикаси фуқаролиги йўқотилади:

    1) шахс чет давлатда ҳарбий хизматга, хавфсизлик хизмати идораларига, полицияга, адлия идораларига ёки давлат ҳокимияти ва бошқарувининг бошқа идораларига ишга кирганлиги натижасида;

    2) агар чет элда доимий яшовчи шахс беш йил давомида узрли сабабларсиз консуллик ҳисобига турмаган бўлса;

    3) агар Ўзбекистон Республикаси фуқаролиги ёлғонлиги шак-шубҳасиз маълумотлар ёки сохта ҳужжатларни тақдим этиш натижасида олинган бўлса.

    Ўзбекистон Республикаси Президентининг фармони чиққан кундан бошлаб Ўзбекистон Республикасининг фуқаролиги йўқотилади.

    29-модда. Ўзбекистон Республикаси фуқаролиги тўғрисидаги ишларни юритувчи Ўзбекистон Республикасининг давлат идоралари

    Ўзбекистон Республикаси фуқаролиги тўғрисидаги ишларни юритувчи Ўзбекистон Республикасининг давлат идоралари қуйидагилардан иборат:

    Ўзбекистон Республикасининг Президенти;

    Ўзбекистон Республикасининг Ички ишлар вазирлиги;

    Ўзбекистон Республикасининг Ташқи ишлар вазирлиги, Ўзбекистон Республикасининг дипломатия ваколатхоналари ва консуллик муассасалари.

    32-модда. Ўзбекистон Республикаси Ташқи ишлар вазирлигининг, Ўзбекистон Республикаси дипломатия ваколатхоналари ва консуллик муассасаларининг ваколатлари

    Ўзбекистон Республикаси Ташқи ишлар вазирлиги, Ўзбекистон Республикаси дипломатия ваколатхоналари ва консуллик муассасалари:

    1) чет элларда доимий яшаб турган шахслардан Ўзбекистон Республикаси фуқаролиги масалаларига оид аризаларни қабул қилади;

    2) Ўзбекистон Республикаси фуқаролиги масалаларига доир аризани асослаш мақсадида келтирилган далил ва ҳужжатларни текширади;

    3) фуқаролик масалаларига доир аризаларни зарур ҳужжатлар билан бирга Ўзбекистон Республикаси Президенти ҳузуридаги Фуқаролик масалалари бўйича Комиссияга йўллайди;

    4) чет элда доимий яшаб турган шахсларнинг Ўзбекистон Республикаси фуқаролигига мансублигини аниқлайди;

    5) чет элда доимий яшаб турган шахсларнинг Ўзбекистон Республикаси фуқаролигини йўқотганлигини қайд этади;

    6) Ўзбекистон Республикасининг чет элда доимий яшаб турган фуқароларини ҳисобга олади.

    Yuqoridagilardan xulosa qilib shuni aytish mumkinki,
    Qonunning (ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИНИНГ ҚОНУНИ
    ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИНИНГ ФУҚАРОЛИГИ ТЎҒРИСИДА) 10-moddasiga binoan agar Siz Uz Res fuqaroligidan chiqmasdan boshqa davlat fuqaaroligiga utsangiz bu tan olinmaydi.

    10-модда. Ўзбекистон Республикаси фуқаросининг чет давлат фуқаролигига мансублигини тан олмаслик

    Ўзбекистон Республикаси фуқароси бўлган шахснинг чет давлат фуқаролигига мансублиги тан олинмайди.

  3. Assalomu-aleykum, menda ham bir savol bor edi. Men tez yaqinda AQSh fuqaroligini olish uchun hujjat topshirish niyatida yuribman. Savolim shuki: Uzbekiston fuqarolidan chiqish uchun ariza chet el fuqaroligini olgandan keyin topshirilishi kerakmi? yoki chet el fuqaroligini olishdan oldin uzbek fuqaroligidan yuqorida aytilgan process uchun ariza topshirib bulgan va chiqqan bulishim kerakmi? Iltimos savolimga javob bersangiz, yani arizani aynan qachon topshirich kerakligini tushuntrib utsangiz.