Savol: Men yaqinda bir yashar farzandimning sog’ligi yaxshimasligi tufayli mashinamda qizil chiroqda o’tishga majbur boldim. Ammo GAI xodimiga shuni yaxshilab tushuntirsam ham e’tibor bermadi va bayonnoma tuzdi. Bundan oldin hali biror marta yo’l qoidasini buzmaganman. Bunday vaziyatda menga nisbatan jarima solish adolatdanmi?
Javob: Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksda “oxirgi zarurat” tushunchasi mavjud. Kodeksning 19-moddasiga binoan, Kodeksda yoki boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan huquqlarga hamda qonun bilan himoya etiladigan manfaatlarga zarar yetkazadigan xatti-harakatlar ayrim hollarda ma’muriy huquqbuzarlik deb hisoblanmasligi mumkin. Masalan, o’lim holatidagi bemorning hayotini saqlab qolish uchun uni kasalxonaga olib ketayotgan odam jiddiy oqibatlarga olib kelmaydigan yo’l harakati qoidalarini buzsa, yuqoridagi qoidaga asosan, bunday odam uzrli va aybsiz deb topilishi mumkin. Xuddi shunday qoida Yo’l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko’rib chiqish tartibi to’g’risidagi Yo’riqnomada ham tilga olingan.
Shaxsga yoki mazkur shaxsning yoxud boshqa shaxsning huquqlariga, jamiyat yoki davlat manfaatlariga zarar yetkazayotgan xavf oxirgi zarurat deb topilishi uchun bu xavfni o‘sha holatda boshqacha choralar bilan bartaraf etish imkoni bo‘lmasligi kerak hamda yetkazilgan zarar oldi olingan zararga qaraganda kamroq bo‘lishi kerak.
Demak, ma’lum huquqbuzarlik oxirgi zarurat holatida amalga oshirilgan deb topilishi uchun, ikki holat mavjud bo’lishi kerak:
- Huquqbuzarlik shaxs, jamiyat yoki davlat manfaatlariga tahdid etayotgan xavfni bartaraf etish uchun amalga oshirilgan bo’lishi kerak;
- Mazkur harakatlar natijasida yetkazilgan zarar oldi olingan zararga qaraganda kamroq bo’lishi kerak.
Savolda yo’l qoidasi yuz bergan paytda mashina ichida bemor bolaning bo’lgani aytilgan. Mazkur holat bo’yicha aniq javob berish uchun mashina ichidagi farzand sog’lig’iga nisbatan mavjud bo’lgan tahdid darajasi haqida ko’proq ma’lumotga ega bo’lishimiz kerak. Masalan, farzand yengil darajada isitmalagan bo’lsa yoki faqat tishi og’riyotgan bo’lsa, bu uzrli holat hisoblanishi uchun yetarli asos bo’lib xizmat qilmasligi mumkin. Ammo farzand hayoti jiddiy xavf ostida bo’lsa, masalan, noxush voqea sababli hushini yo’qotgan bo’lsa, ko’p qon yo’qotgan yoki jarohat olgan bo’lsa, unda ikkinchi holatga qarash kerak bo’ladi. Ya’ni, farzand hayotiga nisbatan mavjud jiddiy xavfning oldini olish uchun yo’l qo’yilgan huquqbuzarlik asosida yetkazilgan zarar oldi olingan zararga qaraganda kamroq bo’lishi kerak.
Yuqoridagi misolga qaytadigan bo’lsak, farzand hayotini jiddiy xavfdan saqlab qolish uchun yo’l harakati qoidasini buzish boshqa mavfaatlarga jiddiy zarar yetkazmasa, unda oxirgi zararat holati mavjud deb topilishi mumkin. Zero, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko’ra, yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi hisoblanadi. Qolaversa, ota-ona farzandining hayoti va so’lig’i uchun javobgardir. Ammo, farzand hayotini jiddiy xavfdan saqlab qolish maqsadida yo’l-harakat qoidasini buzish (qizil chiroqqa o’tish) boshqa kishi hayotiga rahna solsa, unda yetkazilgan zarar oldi olingan zararga qaraganda ko’proq bo’lgani uchun, oxirgi zarurat holati mavjud emas deb topilishi mumkin.
Demak, yuqoridagi kabi holatlarda huquqbuzarlik sodir etgan shaxs DAN xodimiga yuz bergan huquqbuzarlik oxirgi zarurat holatida sodir etilganini tushuntirishi kerak. Mazkur holat bayonnomada o’z ifodasini topishini nazorat qilishi kera.
MAVZUGA ALOQADOR: Bayonnoma qanday to’ldiriladi?
Ish sudga oshirilgan taqdirda, huquqbuzarlik sodir etgan shaxs oxirgi zarurat holatini asoslab berishi kerak bo’ladi. Demak, DAN xodimi sizning e’tirozlaringizni hisobga olmay, yuz bergan huquqbuzarlikni oxirgi zarurat deb topmasa ham, bayonnomaga e’tirozingizni yozib qo’yishni unutmang. Ishning barcha holatlarini o’rganib chiqqan sud qarorni sizning foydangizga chiqarishi mumkin.
Yo’l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko’rib chiqish tartibi to’g’risidagiYo’riqnomaga ko’ra, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ish ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma va ishga oid boshqa materiallar olingan kundan boshlab o‘n besh kunlik muddat ichida ko‘rib chiqiladi (27-bandi). Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko’rib chiqishda ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs ishtirok etishi kerak. Ishni ko‘rib chiquvchi mansabdor shaxs ma’muriy hujjatlarni olgandan so‘ng, huquqbuzarlikda ayblanayotgan shaxsga ishning qachon va qayerda ko‘rilishi haqida xabarnoma yuborishi kerak (28-bandi).
Yoriqnomaning 45-bandiga ko’ra, huquqbuzarlik oxirgi zarurat holatida sodir etilgan bo’lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozim.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat shu qarorning nusxasi olingan kundan boshlab o‘n kun ichida berilishi mumkin. Mazkur muddat uzrli sabablar bilan (kasallik, ta’til, xizmat safari va h. k.) o‘tkazib yuborilgan taqdirda, tegishli tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgach, ustidan qaror chiqarilgan shaxsning arizasiga muvofiq shikoyatni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxs tomonidan qayta tiklanishi mumkin (59).
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan yuqori turuvchi organga (mansabdor shaxsga) yoki ma’muriy ishlar bo‘yicha tuman (shahar) sudyasiga, sudyaning ma’muriy ishlar bo‘yicha qarori ustidan esa tuman (shahar) sudi raisiga yoki yuqori turuvchi sudga shikoyat berilishi yoki bu ish yuzasidan prokuror protest bildirishi mumkin (58).