Jinoyat va ma'muriy huquq

OVIRsiz xorijga chiqqanlik uchun qanday javobgarlik bor?

Savol: Men yangi biometrik pasport olganman, lekin OVIR ololmadim. Rossiyadan OVIRsiz chet elga chiqib ketganman. Toshkenga qaytib bormoqchiman. Borsam jinoiy javobgarlikka tortilamanmi?

Javob: Bu savolga javob Rossiyadan qaysi davlatga chiqqaningizga bog’liq bo’ladi. Agar borish uchun OVIR talab qilinmaydigan davlatga (masalan, Qozog’istonga) Rossiyadan turib borgan bo’lsangiz, buning uchun hech qanday javobgarlik belgilanmagan. Agar borish uchun OVIR talab qilinadigan davlatga (masalan, Janubiy Koreyaga) Rossiya orqali OVIRingiz bo’lmagan holda borgan bo’lsangiz, O’zbekistonga qaytib borgach sizga nisbatan Jinoyat Kodeksining 223-moddasi bilan jinoiy ish ochilishi mumkin.

223-modda. Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish

Belgilangan tartibni buzib chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish yoxud chegaradan o‘tish —

eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:

a) chegarani yorib o‘tish yo‘li bilan;

b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;

v) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

g) chet elga chiqishi uchun maxsus kelishuv talab qilinadigan mansabdor shaxs tomonidan;

d) O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqi belgilangan tartibda cheklangan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa.

besh yildan o‘n yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida nazarda tutilgan siyosiy boshpana huquqidan foydalanish uchun kirish hujjatlarini tegishli darajada rasmiylashtirmasdan O‘zbekiston Respublikasiga kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar javobgarlikdan ozod qilinadilar.

O’zbekistonga borishdan avval O’zbekistondagi malakali advokatni o’z himoyangizga yollashni va O’zbekistonga boradigan vaqtingizda advokatingiz aeroportda sizni kutib olishini ta’minlashni maslahat beramiz. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari sizni hali aeroportdan tashqariga chiqmay, bojxonadan o’tish chog’ida ma’muriy ushlab turishlari mumkin. Shuni inobatga olgan holda, advokatingiz bilan telefon orqali bog’lana olish uchun kerakli hozirlikni ko’rishingiz kerak bo’ladi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari sizni so’roq qilishdan avval ularga advokatingiz shu aeroportdaligini aytib, u bilan uchrashishni ta’minlashni talab qiling.

Comments are closed.