Jinoyat va ma'muriy huquq

OVIRsiz hajga borish mumkinmi?

Savol: O’zbekiston fuqarosi chet davlatdan turib haj amalini ado etish uchun OVIRsiz Saudiya Arabistoniga kirishi noqonuniymi? Buning uchun oldin O’zbekistonga borib OVIR olib kelish kerakmi? Bu haqda qonunlarda nima deyilgan?

Javob:

Xorijda Ovir muddati tugagandan keyin safarga chiqish

Avvalo, sizga va boshqa chet elda doimiy yashayotgan hamyurtlarimizga o’sha davlatda doimiy yashash ruxsatini rasmiylashtirib qo‘yishni maslahat beramiz. Shunda qayta-qayta OVIR olishga hojat bo’lmaydi. Pasportingizga doimiy, muddatsiz stiker yopishtirib berishadi. Bu haqda “Doimiy muddatga OVIR olish mumkinmi?” nomli maqolamizda to’liq ma’lumot berganmiz.

Ikkinchidan, barcha davlatlar uchun OVIR olish shart emas. Masalan, MDH davlatlariga chiqish uchun davlat organlaridan rozilik olish talab qilinmaydi. Ammo OVIR olish lozim bo’lgan ayrim MDH davlatlari ham bor. Masalan, Tojikiston ana shunday davlatlardan biri.

Demak, chet elda yurgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari chet elga chiqish uchun ruxsatnoma yozuvi stikeri muddati tugagan bo‘lsa ham, MDH davlatlariga OVIRsiz borishi mumkin. Qirg’iziston (60 kungacha), Armaniston, Belarus, Gruziya, Moldova, Ozarbayjon, Qozog’iston, Rossiya va Ukraina bilan ikki tomonlama vizasiz rejim o’rnatilgan. Ammo bu davlatlardan MDH tashqarisidagi uchinchi bir davlatga OVIRsiz chiqishga ruxsat berilmaydi.

Bunday tartib MDH davlatlari bilan O’zbekiston Respublikasi o’rtasida o’zaro ikki tomonlama kelishuv asosida belgilangan. Masalan, Rossiyaga borish-kelish tartibi 2000-yil 30-noyabrda qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumatlari o’rtasidagi O’zbekiston Respublikasi fuqarolari va Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining o’zaro borish-kelishi to’g’risida”gi kelishuv bilan tartibga solinadi. Ushbu kelishuvning 3-moddasiga ko’ra, har ikki tomon fuqarolariga o’zaro vizasiz rejim o’rnatilgan. Ushbu kelishuvning uchinchi bandida fuqarolar tomonlar milliy qonunchiligiga muvofiq chegaradan o’tish huquqini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirgan bo’lsa, tomonlar ularni boshqa davlatlarga chiqarish majburiyatini oladi va vakolatli organlar tomonidan xorijga chiqishi cheklangan fuqarolarga nisbatan chetga chiqishni cheklash choralarini qo’llaydi, deya belgilangan. Shuning uchun O’zbekiston fuqarolari Rossiya Federatsiyasidan vizasiz rejim o’rnatilgan MDH davlatlaridan boshqa davlatlarga chiqishi uchun OVIR kerak bo’ladi.

Shu bilan birga, chet elga vaqtincha chiqayotganda pasportiga 2 yil mobaynida amal qiladigan ruxsatnoma yozuvi stikeri qo’yilgan fuqarolar OVIR muddati tugagandan keyin xorijda qolishi yoki boshqa xorijiy  mamlakatlarga OVIRsiz borishi noqonuniy emas. Buning uchun qonunchiligimizda ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik mavjud emas. Mazkur mavzu bo’yicha ham “Chet elda OVIR muddati tugasa, javobgarlik bormi?” nomli maqoladan batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

Sizning savolingizda xorijdan turib hajga borish masalasi ham tilga olingan. Xorijdan turib hajga borish haqida O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida nima deyilgani haqida ham qisqacha ma’lumot berib o’tamiz.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijdan haj ziyoratiga borishi

O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonun-qoidalariga ko’ra, respublika fuqarolari davlat tomonidan o’rnatilgan tartib asosida haj ziyoratini amalga oshirishlari kerak.

O’zbekistonda haj ziyorati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita to‘g‘risida” Nizomi va “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Haj va Umra ziyoratlariga borishlari Tartibi” asosida amalga oshiriladi. Qonunchilikda bu tartibni buzib haj ziyoratiga borish noqonuniy haj ziyoratiga borish deb ataladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  “Muborak haj ziyoratiga boruvchilarga davlat tomonidan yordam ko‘rsatish haqida” qabul qilgan qarorida ”O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini noqonuniy yo‘llar bilan Haj ziyoratiga borishi oqibatida ro‘y beradigan ko‘ngilsiz voqealarning oldini olish va ziyoratchilarning umumiy xavfsizligini ta’minlash maqsadida chora-tadbirlar belgilashi lozimligi ta’kidlangan. Ammo noqonuniy yo’llar bilan hajga borish nima ekani bu qarorda ham, boshqa qonun hujjatlarida ham tilga olinmagan. Demak, xorijdan turib hajga borish noqonuniy ekani O’zbekiston qonunchiligida tilga olinmagan va bu tartibni buzish uchun javobgarlik belgilanmagan.

22 Comments