Savol: Men chet davlatga chiqishim uchun OVIR olishim kerak. Yoshim 23 da. O’zbekiston fuqorasiman. Buning uchun ariza anketalarim va kerakli hujjatlarni tegishli joyga topshirdim. Ammo menga o’zim ketmoqchi bo’lgan davlatdan men uchun telegramma jo’natishlarini va uni olib kelib topshirishimni so’rashmoqda. Haqiqatdan bu haqida qonunda belgilanganmi?
Javob: O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi va O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishi Tartibining O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga borishlarini rasmiylashtirish tartibiga ko’ra, chet elga bormoqchi bo‘lgan fuqarolar pasportini, belgilangan namunadagi anketa-arizani, davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitantsiyani, 35 x 45 mm o‘lchamli 4 ta fotosuratni, harbiy guvohnomani (harbiy guvohnoma mavjud bo‘lmagan taqdirda chaqiruv yoshidagi shaxslar uchun mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limning belgilangan namunadagi ma’lumotnomasini) taqdim etgan holda doimiy ro‘yxatda turgan joydagi kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga (harbiy xizmatchilar uchun harbiy qism (muassasa) joylashgan joy bo‘yicha) murojaat qiladilar.
Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari fuqaroning murojaatini 15 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqadi va chet elga chiqish huquqiga cheklovlar uchun asos bo‘lmagan taqdirda uning pasportiga stiker yopishtiradi.
Tartibda ariza-anketaga ilova qilinadigan barcha hujjatlar ro’yxati keltirligan. Ammo ularning ichida fuqaro bormoqchi bo’lgan chet davlatdan telegramma yoki boshqa turdagi xat yoki hujjat talab qilinishi yozilmagan. Shunday ekan, IIB ning bunday xatti-harakati noqonuniy hisoblanadi.
Tartibning IV bo’limiga muvofiq xorijdan telegrammani talab qilayotgan IIB xodimi ustidan fuqaro yuqori organga shikoyat qilishi mumkin.
Bu organ bir oydan ko‘p bo‘lmagan muddat ichida shikoyatni o’rganib chiqib, javobini berishi kerak. Fuqaro bu organ qaroridan norozi bo‘lsa sudga shikoyat qilishi mumkin.