Savol: Chet elda ishlayotgan kishi OVIRi tugagach O’zbekistonga borsa, qayta OVIR olish uchun nima qilishi lozim? Agar oldin turist sifatida olgan bo’lsa, endi chetda ishlayotgan shaxs sifatida qanday OVIR olish mumkin?
Javob: O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi va O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishi Tartibiga ko’ra, O’zbekistonga borgach, doimiy yashab turgan viloyatingizdagi Ichki Ishlar boshqarmasining Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo’linmasiga ariza topshirasiz.
Anketada arizachidan chet elga nima sababdan chiqayotganligi so’raladi, o’sha savolga ishlash uchun deb yozishingiz mumkin. Ammo anketadagi bu savolga javob OVIR berilishi yoki rad etilishida jiddiy ahamiyatga ega emas. Turist sifatida ham ishlash uchun ham chet elga chiqayotganlar bir xil anketa-ariza to’ldiradi.
Chet elga bormoqchi bo‘lgan fuqarolar pasportini, belgilangan namunadagi anketa-arizani, davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitantsiyani, 35 x 45 mm o‘lchamli 4 ta fotosuratni, harbiy guvohnomani (harbiy guvohnoma mavjud bo‘lmagan taqdirda chaqiruv yoshidagi shaxslar uchun mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limning belgilangan namunadagi ma’lumotnomasini) taqdim etgan holda doimiy ro‘yxatda turgan joydagi Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga (harbiy xizmatchilar uchun harbiy qism (muassasa) joylashgan joy bo‘yicha) murojaat qiladilar.
OVIR olish muddati qanchagacha cho’zilishi mumkin?
Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari fuqaroning murojaatini 15 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqadi va chet elga chiqish huquqiga cheklovlar uchun asos bo‘lmagan taqdirda uning pasportiga stiker yopishtiradi.
Zarur tarzda rasmiylashtirilgan hujjatlar kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga berilgan kun murojaat qilingan sana deb hisoblanadi.
Amal qiladigan stiker haqiqiy bo‘lmagan pasportdan yangi pasportga ko‘chirilgan hollarda, ushbu stikerni rasmiylashtirish muddati 7 ish kunidan oshmasligi kerak.
Qaysi holatlarda OVIR berilmasligi mumkin?
Yuqoridagi Tartibga ko’ra, quyidagi sabablar chet elga borish huquqini cheklash uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin:
a) agar shaxs davlat siri hisoblangan ma’lumotlardan voqif bo‘lsa yoki uning chet elga borishiga monelik qiluvchi boshqa shartnoma, kontrakt majburiyatlari amalda bo‘lsa — bu holatlarning amal qilishi tugagunga qadar;
b) agar shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa — ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingunga qadar;
v) agar shaxs sudning hukmi bilan alohida xavfli retsidivist deb tan olingan yoki ichki ishlar organlarining ma’muriy nazorati ostida bo‘lsa — sudlanganlik bekor qilinmagun (olib tashlanmagun)ga qadar yoki nazorat qilish to‘xtatilgungacha;
g) agar shaxsda sud tomonidan yuklangan ijro etilmagan majburiyatlar bo‘lsa — majburiyatlar ijro etilgunga qadar;
d) agar shaxs o‘zi to‘g‘risida qasddan soxta ma’lumotlarni bergan bo‘lsa;
e) agar sudda shaxsga nisbatan fuqarolik da’vosi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa — ish ko‘rib chiqilgunga qadar;
j) agar shaxs chaqiriq uchastkasida ro‘yxatga olingan va haqiqiy muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi kerak bo‘lsa — haqiqiy muddatli xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi zaxirasidagi xizmatni o‘tagunga qadar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq undan ozod qilingunga qadar;
z) agar shaxsga nisbatan Ichki ishlar vazirligida yoki Tashqi ishlar vazirligida vakolatli organlarning ushbu shaxsning chet elda bo‘lgan vaqtda kelgan mamlakati qonunlarini buzganligi (qonun buzilishlari ro‘yxati tegishli organlar tomonidan belgilanadi) to‘g‘risidagi axboroti, shuningdek borishi maqsadga muvofiq emasligini ko‘rsatadigan axboroti mavjud bo‘lsa — axborot hisobga olingan kundan boshlab ikki yil o‘tgunga qadar.
Chet elga chiqish huquqini cheklash uchun asoslar ro‘yxatiga kengaytirilgan izoh berilmaydi.
OVIR masalasida fuqaro qanday huquqlarga ega?
Chet elga borish huquqi rad etilganligi ustidan shikoyat qilish tartibi quyidagicha: yuqoridagi Tartibning III bo‘limida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha chet elga borishga ruxsat berishning rad etilishi, javob berishning belgilangan muddatdan ortiqcha kechiktirilishi ustidan fuqaro yuqori organga shikoyat qilishi mumkin, bu organ bir oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda javob berishi kerak, fuqaro uning qaroridan norozi bo‘lganda sudga shikoyat qilishi mumkin. Mazkur Tartibning III bo‘limning «a», «b», «j» va «z» kichik bandlarida ko‘rsatilgan sabablar bo‘yicha chet elga borish huquqini cheklash ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
54 Comments