Savol: Mening otam vafot etdi. Uy, mol-mulk otamning nomida edi. Biz oilada 4 farzandmiz. Otam vasiyat qoldirmagan. Davlat qonuni bo’yicha uy kimning nomiga o’tishi kerak? Shu haqda batafsil ma’lumot bersangiz, iltimos. Bizning uyda ammam, dadamning singlisi ham birga yashaydi. Aytishlaricha uy ammamning nomiga o’tarkan, shu gap rostmi?
Javob: O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi ikkinchi qismining 1134 va 1141-moddalarida, bu kabi holatlarda kimlar merosxo’r bo’lishi tartibi belgilangan.
Meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladi. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradi.
Meros qoldiruvchining tug‘ishgan hamda ona (ota) bir, ota (ona) boshqa aka-ukalari va opa-singillari, shuningdek, uning ham ota, ham ona tarafdan bobosi va buvisi teng ulushlarda qonun bo‘yicha ikkinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladi.
Shunga ko`ra, siz, aka-ukalaringiz va onangiz 1135-moddaga muvofiq birinchi o`rinda merosga haqli bo`lasizlar. Ammangizning da`vosi bu holatda noo`rin, chunki ammangiz ikkinchi navbatdagi merosxo’r bo’lib, dadangizning bolalari va xotini bo’lmagan taqdirdagina uy va mol-mulkni ammangiz yoki dadangizning boshqa aka ukalari, opa-singillari va ota-onasi olishi mumkin bo’ladi. Hozirgi holatga ko’ra, uy va boshqa mol-mulkning hammasi dadangizning farzandlari va ayoli o’rtasida teng miqdorda bo’linadi. Agar birinchi navbatdagi merosxo’rlar o’zaro kelishib olsa, mol-mulkning hammasini yoki bir qismini merosxo’rlardan biri, ikkinchi navbatdagi merosxo’r yoki boshqa tomon olishi mumkin.
1147-moddaga ko’ra, birinchi merosxo’rlar o’zaro kelishib olsa, oiladagi bir kishining nomiga uyni rasmiylashtirish maqsadida boshqalari o’z ulushlaridan voz kechishi mumkin.