Fuqarolik huquqi

Otalik huquqidan mahrum qilish mumkinmi?

Savol: Erim ichib kelardi. Biz ajrashdik, turmushimizdan bir o’g’limiz bor. Men homiladorlik vaqtimda erim pichoq tirab meni ham, qornimdagi bolamni ham o’ldiraman der edi. Uni otalik huquqidan mahrum qilish mumkinmi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 79-moddasiga ko’ra,  ota-ona (ulardan biri) quyidagi hollarda:

ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa;

uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘z bolasini tug‘ruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o‘xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa;

ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lsa, jumladan jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatsa;

muttasil ichkilikbozlik yoki giyovandlikka mubtalo bo‘lgan bo‘lsa;

o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.

Keyingi moddaga ko’ra, ota-onalik huquqidan mahrum qilish sud tartibida amalga oshiriladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar ota (ona)ning (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning), prokurorning, shuningdek voyaga etmagan bolalarning huquqlarini himoya qilish majburiyati yuklatilgan organ yoki muassasalarning (vasiylik va homiylik organi, voyaga etmaganlar ishlari bilan shug‘ullanuvchi komissiyalar, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar muassasalari hamda boshqa muassasalarning) da’vosiga binoan ko‘riladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar prokuror hamda vasiylik va homiylik organi ishtirokida ko‘rib chiqiladi.

Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda bolaning ta’minoti uchun ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onadan (ularning biridan) aliment undirish masalasini hal qiladi.

Agar sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi ishlarni ko‘rishda ota-ona (ulardan biri)ning harakatida jinoyat alomatlari mavjudligini aniqlasa, bu haqda prokurorga xabar berishi shart.

Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin uch kun ichida ushbu qarorning ko‘chirmasini bolaning tug‘ilganligi davlat tomonidan ro‘yxatga olingan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart.

Demak, sobiq turmush o’rtog’ingizni otalik huquqidan mahrum qilishni so’rab sobiq turmush o’rtog’ingiz yashab turgan tuman yoki o’zingiz yashab turgan tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga murojaat qilishingiz lozim. Yuqorida keltirilgan qonun normalariga asosan, sud barcha holatlarni o’rganib chiqib, sobiq turmush o’rtog’ingizni otalik huquqidan mahrum qilishi mumkin.

Kodeksda ota-onalik huquqidan mahrum qilish oqibatlari haqida qoidalar ham o’rnatilgan bo’lib,

ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-ona qaysi bolaga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa, shu bolaga nisbatan bo‘lgan qarindoshlik faktiga asoslangan barcha huquqlardan, shu jumladan undan ta’minot olish, shuningdek bolali fuqarolar uchun qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqlaridan mahrum bo‘ladi. Ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani o‘z bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Demak, sud sobiq turmush o’rtog’ingizni otalik huquqidan mahrum qilishi sizning farzandingiz uchun sobiq turmush o’rtog’ingizdan aliment undirishingizga to’sqinlik qilmaydi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onaning (ulardan birining) bundan keyin bola bilan birgalikda yashash-yashamaslik masalasi sud tomonidan uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.

Ota-onasi (ulardan biri) o‘ziga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bola, agar u farzandlikka olingan bo‘lmasa, turar joyga bo‘lgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini saqlab qoladi, shuningdek ota (ona)si va boshqa qon-qarindoshlari bilan tug‘ishganlik faktiga asoslangan barcha mulkiy huquqlarini, jumladan meros olish huquqini saqlab qoladi.

Demak, sud sobiq turmush o’rtog’ingizni otalik huquqidan mahrum qilsa ham, farzandingiz otasiga tegishli bo’lgan turar-joyga bo’lgan mulk huquqi va o’sha turar-joydan foydalanish huquqini saqlab qoladi. Bundan tashqari, farzand otasidan yoki ota tarafidan bo’lgan qarindoshlaridan meros olish huquqini saqlab qoladi.

Ota-ona (ulardan biri) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda bolani farzandlikka olishga ota-ona (ulardan biri) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori chiqarilgan kundan keyin kamida olti oy o‘tgach yo‘l qo‘yiladi.

Comments are closed.