Fuqarolik huquqi

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish mumkinmi?

Savol: Gazetada o’qidimki, ota-onalikdan ham mahrum qilish mumkin ekan. U qanday holatlarda amalga oshiriladi? Batafsil ma’lumot bersangiz.

Javob: O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudining “Bolalarni tarbiyalash bilan bog’liq bo’lgan nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qo’llash amaliyoti to’g’risida” gi qaroriga ko’ra, ota-onalarning mahrum qilinishi mumkin bo’lgan ota-onalik huquqi deyilganda, ularga bolasini voyaga etguncha tarbiyalash, uning manfaatlarini himoya etish va unga vakillik qilish, bolasini boshqa shaxslardan talab qilib olish, uning farzandlikka olinishiga rozilik berish va h.k.lar uchun berilgan huquqlar tushunilmog’i lozim. Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onalar bolalari bilan tug’ishganlik faktiga asoslangan huquqlarini: voyaga yetgan bolalaridan nafaqa olish, ular vafot etgan taqdirda nafaqa bilan ta’minlanish, bolalarining mulkiga voris bo’lish huquqlarini va boshqa huquqlarini ham yo’qotadilar.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish sud tartibida amalga oshiriladi. Ota-onalik huquqidan mahrum qilish to’g’risidagi ishlar ota (ona)ning (ularning o’rnini bosuvchi shaxslarning), prokurorning, shuningdek voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini himoya qilish majburiyati yuklatilgan organ yoki muassasalarning (vasiylik va homiylik organi, voyaga yetmaganlar ishlari bilan shug’ullanuvchi komissiyalar, yetim bolalar va ota-ona qaramog’idan mahrum bo’lgan bolalar muassasalari hamda boshqa muassasalarning) da’vosiga binoan ko’riladi.

Ota-onalik huquqidan o’zlarining aybli xulq-atvoriga ko’ra, agar ular ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment to’lashdan bo’yin tovlasa, uzrsiz sabablarga ko’ra o’z bolasini tug’ruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, o’quv-tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o’xshash muassasalardan olishdan bosh tortsa, ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo’lsa, jumladan jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta’sir ko’rsatsa, muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo bo’lgan bo’lsa, o’z bolalarining hayoti yoki sog’lig’iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog’lig’iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo’lsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.

Ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bo’yin tovlashlik deganda — ota-onalik burchlarini uzluksiz ravishda bajarmaslik, o’z bolalariga qanday bo’lmasin g’amxo’rlik qilmaslik tushuniladi. Bolalarning yoshlariga qarab ota (ona)ning har bir aniq holatdagi harakati (harakatsizligi) bola uchun uni halokatga olib keladi.

Aliment to’lashdan bosh tortganda bu fakt sudning hukmi bilan tasdiqlanishi shart emas. Aliment to’lash, o’z bolalarini moddiy ta’minlashdan doimiy ravishda qochishga uringanligiga ishonch hosil qilishlikning o’zi kifoyadir.

Uzrsiz sabablarga ko’ra bolasini tug’ruqxonadan va boshqa bolalarni davolash profilaktoriyasi va o’quv-tarbiya muassasalaridan olishdan bosh tortganlik tug’ruqxona va bolalarni davolash profilaktoriyasi va o’quv-tarbiya muassasasi komissiyalari tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtirilgan bo’lishi lozim.

Ota-onaning o’z majburiyatlarini bajarishdan bo’yin tovlaganliklari ularning bolalarining ma’naviy tarbiyasi, jismoniy rivojlanishi, ta’limi, ijtimoiy foydali mehnatga tayyorgarligi to’g’risida g’amxo’rlik qilmaganligida namoyon bo’ladi.

Ota-onalik huquqini suiiste’mol qilish deganda — bu huquqlardan bolalarning manfaatlariga zid ravishda foydalanishni, masalan, o’qishiga, jamoat topshiriqlarini bajarishiga to’sqinlik qilishni, tilanchilikka undashni, uni spirtli ichimliklar va narkotik moddalar iste’mol qilishga o’rgatish, jinoyat qilishda, jinoiy yo’l bilan daromad topishda voyaga yetmaganni jalb qilishni tushunmoq kerak.

Bolalar bilan shafqatsiz muomalada bo’lish jismoniy va ruhiy qiynashda, tarbiyalashning yo’l qo’yib bo’lmaydigan usullarini qo’llashda, bolalarining insoniy g’ururlarini kamsitishda va hokazolarda ifodalanishi mumkin.

Agar bolalarga nisbatan ota-ona emas, balki oila a’zolari shafqatsiz muomalada bo’lsalar, bolaning ota va onasi bunga qarshilik qilmasalar, bunday ota-onalarning ota-onalik huquqlari cheklanishi mumkin.

Ota-onaning surunkali ichkilikbozlikka yoki giyohvandlik kasaliga uchraganligi tegishli tibbiyot xulosasi bilan tasdiqlangan bo’lishi kerak. Bunday asos bilan ota-onalik huquqidan mahrum qilish javobgarni muomalaga layoqati cheklangan deb tanilganligidan qat’i nazar, amalga oshirilishi mumkin.

Bolaning hayoti va sog’lig’iga qarshi ota-ona tomonidan qasddan jinoyat sodir qilish o’ta og’ir va jamoat uchun xavfli hisoblanadi. Bunday asoslarga ko’ra ota (ona)ni ota-onalik huquqidan mahrum qilishga faqat sudning hukmi bo’lgandagina yo’l qo’yiladi.

Bolani ota (ona)sining hayoti va sog’lig’iga qarshi ota (ona)si tomonidan qasddan jinoyat sodir qilganligi asosiga ko’ra ota-onalik huquqidan mahrum qilishlik haqidagi ishlarni ko’rishda bola jinoyat ob’yekti uning ota (ona)si bo’lgan hollarda zarar ko’rishini hisobga olishlari lozim. Bunday asoslarga ko’ra ota-onalik huquqidan mahrum qilishlikka ham aybdorga nisbatan sudning hukmi bo’lishi lozim.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish oxirgi chora hisoblanadi. Alohida hollarda ota yoki onaning aybli xulq-atvori tasdiqlangan taqdirda ham sud uning xulq-atvori xususiyatlarini, shaxsini va boshqa muayyan holatlarni e’tiborga olib, ota-onalik huquqidan mahrum qilish to’g’risidagi da’voni rad etishga va vasiylik va homiylik organlariga uning ota-onalik majburiyatlarini bajarishini nazorat qilishni yuklab, javobgarni bolalar tarbiyasiga nisbatan o’zining munosabatlarini o’zgartirishi zarurligi to’g’risida ogohlantirishga haqli. Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish to’g’risidagi da’voni rad etib, ko’rsatib o’tilgan holatlar mavjud bo’lganida, bolaning manfaatlari taqozo qilsa, ota-onadan bolasini olish va uni vasiylik va homiylik organlari qaramog’iga topshirish to’g’risidagi masalani hal qilishga haqli.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani bolalarini ta’minlash majburiyatidan ozod qilmaydi. Shu sababli sud javobgarni ota-onalik huquqidan mahrum qilishda, undan aliment undirish to’g’risidagi masalani, bunday da’vo qo’zg’atilgan-qo’zg’atilmaganligidan qat’i nazar, birgalikda hal etishadi.

Ota yoki onadan biri ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda va bolalar ulardan ikkinchisining, vasiyning yoki homiyning tarbiyasiga berilganda, alimentlar shu shaxslarning foydasiga undiriladi. Bolalar ota-onalik huquqidan mahrum qilish to’g’risidagi masala hal etilgunga qadarli bolalar muassasalariga joylashtirilgan bo’lsalar, alimentlar shu muassasalarning foydasiga undirilishi kerak. Bolalar vasiylik va homiylik organlarining qaramog’iga topshirilayotganlarida aliment bolalar topshiriladigan shaxslarning yoki bolalar muassasalarining foydasiga undiriladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota yoki onadan aliment, qoidaga ko’ra, da’vo qo’zg’atilgan vaqtdan boshlab undirilishi lozim.

Comments are closed.