Savol: Bundan 3 yil oldin ya`ni 2012-yilda qizimning turmush o`rtog`i qizimni qasddan vaxshiylarcha o’ldirgandi, bundan tashqari u rafiqamga ham jiddiy tan jarohati yetkazgandi. Shu ayblari uchun kuyovimni Navoiy viloyat sudining 2012-yilgi hukmiga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 97-moddasi 2-kismining “j” bandi va 25, 97-moddasi 2-qismining “а, b, j” bandalari bilan sudlanib 22 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. Qizimning ikki nafari farzandini o`z qaramog`imga olganman. Yaqinda dekabr oyida yaramas qotil bizga shikoyat kassatsiya maktubi yo’lladi. Unga ko’ra, u bu jinoyatni sodir etishida bizga tuhmat qilib, turli asossiz, isbotsiz bo`htonlar bilan bizni aybdor qilib ko’rsatyapti. Maktubga ko’ra, u bizdan amnistiyaga tushish uchun unga yengillik berishimizni talab qilgan. Shunga ham e`tibor berishingizni so’raymanki (u hatto eplab o`z ismini yozolmasdi. Maktubda turli vatanparvar so`zlar bilan o’zini oqlamoqchi bo`lgan. Ishonchim komilki u bunday maktub yozolmaydi, agar kimdir unga bu ishda yordam va maslahat bermagan bo’lsa). Biz o`z e`tiroznomamizni javob tariqasida pochta orqali Navoiy viloyat sudiga yubordik. 12-yanvar kuni ushbu shikoyat kassatsiya yuzasidan Navoiy viloyat sudiga chaqirildim. Ushbu maktubni yozishdan asosiy maqsad aslida quyidagi savol edi? O`ta og`ir jinoyat qila turib qotilni amnistiya so’rashiga o’zi haqqi bormi, biz o`z e`tirozimizni bildirgandan so`ng ham unga amnistiya berilishi mimkinmi? Ushbu savollar meni juda o`ylantirib qo`ydi. Axir qanday qilib shunday vahshiy qotil ozodlikka chiqsa, uni yana jinoyat qilmaydi deb kim kafolat beradi? Yana bir narsa: qonunchi, belgilangan qamoq jazosi muddati qayerda qoladi? 22 yil muddatga qamalgandan nima foyda, 5-6 yilda qamoqdan chiqib kelsa. Bu turishda ko`pchilik jinoyat qilishdan qo`rqmay ham qoladiku. Ilitimos ushbu so`rovnomamga iloji boricha batafsilroq javob berishingizni istab qolaman. Men sizning adolatli javobingizni kutib qolaman. Men faqat adolatni qaror topishini istayman. Javob uchun oldindan rahmat.
Javob: O`zbekiston Respublikasida Amnistiya akti insonparvarlik tamoyili asosida Prezident taqdimnomasiga muvofiq Senat qarori bilan qabul qilinadi. Amnistiyaga tushish shartlari, xususan siz tomonizdan yo`llangan savol “O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 23 yilligi munosabati bilan amnistiya to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori (3.12.2015), Jinoyat Kodeksi hamda Jinoyat Protsessual Kodeksi bilan tartibga solinadi. Jinoyat Kodeksining 76-moddasiga ko`ra, hukm qilingan shaxsga nisbatan amnistiya akti 3 usulda qo`llaniladi:
a) asosiy (va qo`shimcha ijro etilmagan) jazodan ozod qilish;
b) jazoni muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish;
c) jazoning o`talmay qolgan qismini engilroq jazo bilan almashtirish.
1-holat bo`yicha, o`ta og`ir jinoyat sodir etgan shaxs asosiy jazodan umuman ozod qilinmaydi. Jinoyat kodeksining 15-moddasiga ko`ra, ushbu kodeksning 97-moddasi 2-qismida ko`rsatilgan jinoyat o`ta og`ir jinoyat hisoblanadi. Savolda nomi tilga olingan mahkum Navoiy viloyat sudining 2012-yil 8-oktabrdagi hukmiga ko`ra o`ta og`ir jinoyat sodir etganligi uchun ham asosiy jazodan (22 yil ozodlikdan mahrum etish jazosidan) ozod etilmaydi. O`ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o`ldirgan mahkumga amnistiya aktini qo`llash mumkin emas. Shuning uchun ham sud hukmidan keyingi 2012, 2013, 2014 yilgi amnistiya aktlari hozirga qadar mahkumga nisbatan qo`llanilmagan.
2-holat bo`yicha, tayinlangan jazoning ko`p qismini o`tab, oz qismi qolgan mahkumlarga amnistiya qo`llanishi mumkin. Biroq, siz savolda yozganizdek o`ta og`ir jinoyati uchun 22 yil jazo muddati tayinlangan mahkumning 5-6 yilda chiqib kelishiga yo`l qo`yilmaydi. Ya`ni, jazo muddatidan ilgari ozod qilishning qat`iy belgilangan shartlari mavjud. “O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 23 yilligi munosabati bilan amnistiya to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarorining 3-bandiga asosan, ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, o`talmay qolgan jazo muddati 2 yil-u 6 oydan ko`p bo`lmagan, hukmi ushbu amnistiya qarori e`lon qilingan kunga qadar kuchga kirgan mahkumlargina jazodan ozod qilinadi. Biroq, ushbu shart Jinoyat kodeksining 97-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxsga, zararni to`liq qoplasagina, qo`llanilishi mumkin. Ya`ni, savolda nomi qayd etilgan mahkum, o`talmay qolgan jazo muddati 2 yil-u 6 oydan kam qolgan taqdirdagina, amnistiya akti asosida ozod qilinishi mumkin. O`shanda ham jabr ko`rgan tarafning “mahkum zararni to`liq qoplaganligi va unga nisbatan shikoyati yo`qligi to`g`risidagi” arizasi bo`lsagina amnistiya qo`llanilishi mumkin. Aks holda, jabr ko`rgan taraf o`z e`tirozini yozna ravishda bildirsa, mahkumga nisbattan 2 yil-u 6 oydan kam bo`lgan jazo muddatidan oldin ozod qilish qo`llanilmaydi.
Shuningdek, savolda amnistiya akti asosida ozodlikka chiqqan shaxs yana jinoyat sodir etishi mumkinligi ehtimol qilingan. Bunday holatda, Jinoyat kodeksining 76, 60-moddalariga ko`ra, yangi hukm bo`yicha tayinlangan jazo muddtiga ilgarigi hukm yuzasidan o`talmay qolgan jazo muddati qo`shiladi. Masalan, mahkum o`talmay qolgan jazosi 2 yil qolganda amnistiya akti asosida ozod etilib, shu davrda yangi jinoyat sodir etsa, o`talmay qolgan 2 yil jazosi yangi jinoyat jazosi muddatiga qo`shib hukm chiqariladi.
3-holat bo`yicha, ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, amnistiya qarori e`lon qilingan kunda o`talmay qolgan jazosi 3 yil-u 6 oydan kam bo`lgan shaxslar manzil-koloniyalariga o`lkaziladi. Ya`ni, jazoni o`tash koloniyasi yengilrog`i bilan almashtiriladi.
Jinoyat Protsessual Kodeksining 5361-moddasiga asosan, mahkumga nisbatan amnistiya aktini qo`llash prokurorning iltimosnomasiga binoan jazoni o`tash joyidagi jinoyat ishlari bo`yicha sud tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu sud ajrimidan norozi taraf yuqori turuvchi prokuror yoki sudga, yoxud Oliy Majlis Senatiga shikoyat qilishi mumkin. Chunki Senat amnistiya akti qo`llanishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi. Demak, siz aytgan jinoyatchi amnistiya orqali jazodan ozod etilsa, yuqori turuvchi organ, ya’ni O’zbekiston Respublikasi Oliy sudiga va Bosh prokuraturaga shikoyat yozishingiz lozim bo’ladi.