Tadbirkorlik

O’quv markazi uchun litsenziya olish tartibi qanday?

Savol: Biz Surxondaryo viloyatida uy hamshirasini tayyorlash o’quv markazini
ochmoqchimiz. Toshkentga kelib litsenziya olishimiz kerak ekan. Sog’liqni
saqlash vazirligiga murojaat qildik. Ular biz aralashmaymiz deb javob
qaytardi. Shundan so’ng, Davlat test markaziga bordik, ular esa litsenziyani sog’liqni
saqlash vazirligi beradi, deyishdi. Biz kimga murojaat qilaylik?
Javob: Nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida”gi Nizomga ko’ra, o’quv kursi ochish uchun litsenziyani Vazirlar Mahkamasining Nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash Komissiyasi beradi. Litsenziya olish uchun Davlat Test Markazining Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlarni va ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o’tkazish boshqarmasiga murojaat qilishingiz kerak.

Sog’liqni saqlash vazirligi faqat tibbiy xizmat ko’rsatuvchi muassasalar ochish uchun litsenziya beradi. Hamshiralikni o’qitish tibbiyotga aloqador bo’lsa ham, bu faoliyat uchun Davlat Test markaziga murojaat qilish kerak, chunki bu tibbiy xizmat ko’rsatadigan muassasa emas, balki o’quv kursi hisoblanadi.

Nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini amalga oshirish uchun namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi. Litsenziya nodavlat ta’lim muassasalariga ta’limning har bir turi uchun alohida beriladi. Nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya 5 yil muddatga beriladi.

Litsenziya olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar

Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza; unda quyidagilar ko‘rsatiladi:

yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), ta’lim faoliyatini amalga oshirish joyi manzili, bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami, faoliyatning litsenziyalanayotgan turi, ta’lim faoliyati yo‘nalishlari ro‘yxati;

yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;

faoliyatning litsenziyalanayotgan turi amalga oshiriladigan binolarga (xonalarga) mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquqlarning mavjudligini, shuningdek, mazkur binolar (xonalar)ning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar;

yong‘in va sanitariya-epidemiologiya nazorati organlarining mavjud binolar va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosalari;

o‘quv rejalari va dasturlari;

nodavlat ta’lim muassasasi ustavining nusxasi;

chet tili o‘qitilgan hollarda pedagogik kadrlar to‘g‘risida ma’lumot (ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatlarning nusxasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan beriladigan chet tilini bilishi va egallab olganligi darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi malaka sertifikatining nusxalari);

o‘quv jarayonini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan moddiy vositalarning (yoki ularning aniq manbai) mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar;

ariza ko‘rib chiqilganligi uchun litsenziya talabgori tomonidan yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.

Hujjatlar litsenziya talabgori tomonidan ishchi organga bevosita yoxud ularning olinganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma bilan pochta aloqa vositasi orqali yetkazib beriladi. Hujjatlar ishchi organning mas’ul shaxsi tomonidan ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi, ro‘yxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana to‘g‘risida belgi qo‘yilgan holda arizachiga yuboriladi (topshiriladi).

Davlat boji

Litsenziya talabgorining arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

Litsenziya talabgorining litsenziya berish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im summasi ishchi organning hisob raqamiga o‘tkaziladi. Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda to‘langan yig‘im summasi qaytarib berilmaydi.

Nodavlat ta’lim muassasalariga faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida davlat boji undiriladi

Muddatlar

Litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi olingan kundan boshlab o‘ttiz kundan ortiq bo‘lmagan muddatda qabul qilinadi. Ishchi organ ariza olingan kundan boshlab o‘n besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda hujjatlarni ko‘rib chiqadi, ular bo‘yicha ekspert xulosasini tayyorlaydi va litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi taklifni tegishli qaror protokoli loyihasi bilan birga ko‘rib chiqish uchun komissiyaga taklif kiritiadi. Komissiya ishchi organning taklifi olingandan keyin o‘n besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda uni ko‘rib chiqadi va qabul qilingan qaror to‘g‘risidagi protokolni tasdiqlaydi. Komissiya qabul qilgan qaror protokolini komissiya raisi (uning o‘rinbosari) imzolaydi. Zarur hollarda komissiya qarori so‘rov yo‘li bilan qabul qilinishi mumkin.

Ishchi organ litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun mobaynida xabardor qiladi. Litsenziya berish yuzasidan qaror qabul qilingani to‘g‘risidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat bojini to‘lash muddatlari ko‘rsatilgan holda yozma shaklda jo‘natiladi (taqdim etiladi). Litsenziya berish to‘g‘risida qabul qilingan qaror to‘g‘risidagi bildirishnoma bilan bir vaqtda litsenziya talabgoriga imzolash uchun litsenziya bitimi yuboriladi. Litsenziya litsenziya talabgori tomonidan davlat boji to‘langanini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va u litsenziya bitimini imzolagandan keyin uch kun muddatda beriladi.

Agar litsenziya oluvchi  litsenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida litsenziyalovchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, komissiya litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqlidir. Litsenziya berish rad etilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, rad etish to‘g‘risidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori ko‘rsatib o‘tilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran ko‘rib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli bo‘lgan muddat ko‘rsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada ko‘rsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan vaqtga mutanosib bo‘lishi kerak.

Agar Davlat Test Markazi arizangizni yana rad etsa, qonun matnini qog’ozga chiqarib olib borib, rad javobini bergan xodimga ko’rsating va agar sizga shunda ham xizmat ko’rsatishdan bosh tortsa, uning ustidan shikoyat qilishinigiz haqida ogohlantiring.

2 Comments