Fuqarolik huquqi

O’qishga hujjat topshirish uchun biometrik pasport kerakmi?

Savol: O’qishga hujjat topshirishda abiturientlardan biometrik pasportga ega bo’lish talab qilinayotgan ekan. Shunaqa qonun chiqqanmi?

Javob: Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-son qaroriga 1-Ilova “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida” Nizomning III bo’limiga ko’ra, abiturientlarning o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 20 iyundan 20 iyulgacha (shu kuni ham), O‘zbekiston davlat konservatoriyasi uchun 20 iyundan 15 iyulgacha qabul qilinadi.

Abiturient oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

ta’lim yo‘nalishi, o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada oliy ta’lim muassasasini tugatganligi yoki oliy ma’lumoti yo‘qligi, qaysi chet tilidan test topshirishi, harbiy tavsiyanomaga ega bo‘lganlar uning raqamini ko‘rsatishlari hamda test sinovlarini o‘tkazish qoidalari va javoblar varaqalarini to‘g‘ri to‘ldirish bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);

o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;

086-U — shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;

pasport (pasport yoshiga etmaganlar uchun tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma)ning nusxasi;

3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;

mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma (maxsus sirtqi bo‘lim abiturientlari uchun).

Tanlovdan tashqari o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari asl nusxadagi tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.

Abiturient arizasida “o‘zim haqimda quyidagilarni ma’lum qilaman” grafasiga hujjatlar bilan tasdiqlovchi holatlar (bolalikdan I va II guruh nogironlari, chin etim va etim, “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari va boquvchisi yo‘q) qayd etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolar harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasining aslini yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar bilan birgalikda taqdim etadilar.

Abiturient tomonidan pasport (pasport yoshiga etmaganlar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma) hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat qabul komissiyasiga shaxsan ko‘rsatiladi.

Harbiy qismlar qo‘mondonligi tavsiyanomalari ular berilgan kundan hamda muddatli harbiy xizmatni tugatgan davridan boshlab uch yil mobaynida haqiqiy hisoblanadi.

Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi abiturientning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.

Hujjatlar qabul qilishning belgilangan muddatlari tugagandan so‘ng hujjatlarga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish qat’iyan man qilinadi.

Abiturient tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abiturient test sinovlaridan (oliy ta’lim muassasasidan) chetlashtiriladi hamda hujjatlari o‘rnatilgan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.

Demak, yuqoridagi Nizomga ko’ra, oliy ta’lim muassasalariga o’qishga hujjat topshirish uchun biometrik pasportga ega bo’lish talab etilmaydi. Qonunchilikning boshqa hujjatlarida ham 2013-yil oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda abiturientlarning biometrik pasportga ega bo’lishi talab qilinishi haqida hech bir qoida topilmadi.

Agar sizni biometrik pasportga ega bo’lmaganingiz uchun qabul komissiyasi  hujjatlaringizni qabul qilishni rad etsa, hujjat qabul qilishni rad etayotgan oliy ta’lim muassasasi rektoriga, Davlat test Komissiyasiga, Davlat test markaziga ushbu holatni batafsil tushuntirga holda ariza yozishingiz lozim.

“Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida”gi Qonunning ko’ra, siz arz qilgan shaxs va organlar arizani tekshirish natijalari va qabul qilingan qarorning mohiyati to‘g‘risida sizga yozma tarzda ma’lum qilishi shart.

Arizalar va shikoyatlar davlat organiga, jamoaat birlashmasiga, korxona, muassasa va tashkilotga tushgan kundan e’tiboran 1 oy muddat ichida hal etiladi. Qo‘shimcha o‘rganishlar va tekshirishni talab qilmaydigan masalalarni esa 15 kundan kechiktirmay hal etishlari shart.

One Comment