Savol: Onam yashaydigan va onamga tegishli uyda “propiska”da turishga huquqim bormi? Agar buni onam xohlamasa, “propiska”ga turish uchun qanday yo’l tutishim lozim? Umuman, shaxsiy uy-joyga ega bo’lgunga qadar doimiy ro’yxat bilan bog’liq qanday holatlar mavjud?
Javob: Voyaga yetmagan, ya’ni 18 yoshga to’lmagan farzandlar ota-onasining uy-joyida yashasa, uy-joy egasining rozi yoki rozi emasligidan qat’iy nazar shu uy-joyda ro’yxatdan o’tadi.
“O’zbekiston Respublikasida pasport tizimi to’g’risidagi Nizom”ga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasining quyidagi fuqarolari, shuningdek, belgilangan tartibda berilgan O‘zbekiston Respublikasi hududida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, uy-joy maydonining qanchaligidan qat’i nazar, quyidagi uy-joylarga doimiy qayd ettirish huquqiga egadirlar:
— er-xotin — bir-birining uy-joy maydoniga;
— balog‘atga yetmagan va vasiylikdagi bolalar — ota-onalari va vasiylarining uy-joy maydoniga;
— o‘z oilalariga ega bo‘lmagan yoki balog‘atga yetmagan bolalari bo‘lgan, ammo nikohdan o‘tmagan balog‘atga yetgan farzandlar — ota-onalarining uy-joy maydoniga;
— ota-onalar — farzandlarining uy-joy maydoniga;
— balog‘atga yetmagan, ota-onasi bo‘lmagan tug‘ishgan aka-ukalar, opa-singillar, shuningdek, mehnatga layoqatsiz tug‘ishgan aka-ukalar, opa-singillar, agar ularning o‘z oilalari bo‘lmasa, yoshidan qat’i nazar — akasi, ukasi, opasi, singlisining uy-joy maydoniga;
Demak, balog’atga yetgan (18 yoshdan oshgan) va oilali bo’lsangiz, onangizning nomidagi uy-joyda ro’yxatdan o’tish huquqini yo’qotasiz. Ammo 18 yoshga to’lmagan yoki 18 yoshdan oshgan, ammo turmush qurmagan yoxud 18 yoshdan oshgan va nikohda turmagan, ammo voyaga yetmagan bolalaringiz bo’lsa, unda onangizning nomidagi uy-joydan ro’yxatdan o’tishga haqlisiz.
Doimiy ro’yxatdan o’tish huquqiga ega bo’lgan fuqarolarning to’liq ro’yxati “O’zbekiston Respublikasida pasport tizimi to’g’risidagi Nizom”ning 34-bandida keltirilgan. U bilan yaqindan tanishib chiqishingizni tavsiya qilamiz.
Uy-joyiga boshqalarni ro’yxatga qo’yish yoki qo’ymaslik bu mulkdor, ya’ni uy-joy egasining mutlaq huquqi bo’lib, uning xohishiga qarshi hech kimni uning uy-joyiga ro’yxatdan o’tkazish mumkin emas. Mulk huquqi mulkdorga faqat o’zining xohishiga ko’ra mulkini tasarruf qilish huquqini beradi.
Uy-joyni ijaraga berishda yoki sotishda mulk egasidan tashqari shu yerga ro’yxatga qo’yilgan boshqa shaxslarning ham roziligi talab qilinadi. Yuqorida ta’kidlanganidek, balog’atga yetgan (18 yoshdan oshgan) va oilali bo’lsangiz, onangizning nomidagi uy-joyga ro’yxatdan o’tishda mulk egasi, ya’ni onangiz qarshi bo’lsa, siz u yerdan ro’yxatdan o’ta olmaysiz. Ammo 18 yoshga to’lmagan yoki 18 yoshdan oshgan, ammo turmush qurmagan yoxud 18 yoshdan oshgan va nikohda turmagan, ammo voyaga yetmagan bolalaringiz bo’lsa, unda onangizning rozi yoki rozi emasligidan qat’i nazar, uning nomidagi uy-joyda ro’yxatdan o’tishga haqlisiz.