Xabarlar

Ulug‘bek Muhammadiyev: Ombudsmanga eng ko‘p murojaat inson haq-huquq va erkinliklari yuzasidan bildirilgan

2018 yil davomida Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (ombudsman)​ Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va Ombudsmanlari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 10 832 ta (2017 yilda – 9 074 ta) murojaat kelib tushgan. Bu haqda vakil Ulugʻbek Muhammadiyev Senatda maʼlum qildi.

1 mart kuni Senatning XVIII-yalpi majlisi oʻz ishini davom ettirdi. Senatorlar kun tartibidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning 2018 yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglashdi.

“Shundan, shaxsiy qabulda 1 781 ta, sayyor qabullarda 74 ta, pochta va telegraf aloqasi orqali 5 386 ta, “Ishonch telefoni”​ orqali 1 436 ta, Ombudsmanning Virtual qabulxonasi orqali 1 490 ta, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali 94 ta va www.pm.gov.uz internet portali orqali 571 ta murojaatlar kelib tushgan.

Jismoniy shaxslar tomonidan yakka tartibda 9 808 ta, shundan 51,1 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Jamoaviy tartibda 581 ta murojaatlar va yuridik shaxslar tomonidan 189 ta, shuningdek xorijiy davlatlarning inson huquqlari boʻyicha tashkilotlari tomonidan 34 ta murojaatlar yoʻllangan”, — deydi vakil.

​Muhammadiyevning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Inson huquqlari boʻyicha Ombudsmaniga bildirilgan murojaatlarning 37,0 foizi inson va fuqaroning shaxsiy huquq va erkinliklariga, 34,9 foizi ijtimoiy, 25,1 foizi iqtisodiy, 2,3 foizi siyosiy va 0,7 foizi ekologik huquqlarga tegishlidir.

“Parlament nazorati subʼyekti sifatida Ombudsman 2 158 ta shikoyatni koʻrib chiqishni oʻz nazoratiga oldi hamda mazkur murojaatlarni koʻrib chiqish natijasida tashkilotlarning qarorlari, mansabdor shaxslarning harakati yoki harakatsizligi ustidan shikoyatlar 685 ta holatda asosli boʻlib chiqdi”, — deb qoʻshimcha qildi Ombudsman. ​ ​

Maʼlum qilinishicha, ushbu shikoyatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha 27 ta jinoyat ishi, 28 ta maʼmuriy va 44 ta intizomiy ish qoʻzgʻatildi, 22 ta tekshiruv oʻtkazildi, ichki ishlar organlarining 21 nafar xodimi, shuningdek boshqa tashkilotlarning 51 nafar xodimlari javobgarlikka tortildi.

“Murojaat etuvchilar manfaatlarini​ koʻzlab jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisidagi 48 ta qaror bekor qilindi, sudlar qaroriga 14 ta protest kiritildi”, — ​​deydi Muhammadiyev oʻz hisobotida.

Comments are closed.