Fuqarolik huquqi

Oliygohga o’qishga qayta tiklash mumkinmi?

Savol: Ma’lum sabablarga ko’ra, oliy o’quv yurtini tugallanmasdan tashlab ketsa, yana o’qishni qayta tiklasa bo’ladimi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-son qaroriga “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o’qishini ko’chirish, qayta tiklash va o’qishdan chetlashtirish tartibi to’g’risida”gi 3-ilovaga muvofiq, o’qishdan chetlashtirilgandan so’ng 5 yilgacha bo’lgan muddatda o’qishga qayta tiklashga yo’l qo’yiladi.

O’qishdan chetlatilgandan keyin 5 yildan ortiq muddat (harbiy xizmatda bo’lganlik, uch yoshgacha bo’lgan bolalarni parvarish qilish bilan bog’liq mehnat ta’tili hamda sog’liqni qayta tiklash vaqtlari ushbu muddatga kirmaydi) o’tgan hollarda talabalar o’qishini qayta tiklash Idoralararo komissiyaning ruxsati bilan amalga oshiriladi.

O’qishga qayta tiklash haqidagi ariza bir oy muddatda ko’rib chiqiladi.

Quyidagi hollarda talabalikka qayta tiklashni so’rab murojaat qilgan shaxsga rad javobi berilishi mumkin:

•           oliy ta’lim muassasasida ta’lim oluvchilar soni doirasida bo’sh o’rinlar mavjud bo’lmaganligi;

•           shaxsning akademik qarzdorligi hamda tegishli mutaxassislik bo’yicha zarur bilimlarni o’zlashtirishiga to’sqinlik qilish darajasidagi o’quv rejalari va dasturlarida farq mavjud bo’lganligi.

Barcha o’quv shakllari bo’yicha talabalar safiga qayta tiklash to’lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Davlat grantlari bo’yicha ta’lim olgan yetimlar, I va II guruh nogironlar, shuningdek muddatli harbiy xizmatni o’tagan (zaxiraga bo’shagan kunlaridan boshlab uch yil mobaynida), akademik ta’tildan qaytgan shaxslar istisno tariqasida, o’qishga davlat grantlari o’rinlariga qayta tiklanishi mumkin.

O’qishdan chetlashtirilgan o’quv yilida talabani o’qishga qayta tiklashga yo’l qo’yilmaydi.

Davlat oliy ta’lim muassasalarida o’qishni ko’chirish yoki qayta tiklash jarayoni bepul amalga oshiriladi.

Talabalar o’qishini ko’chirish, qayta tiklash va o’qishdan chetlashtirish to’g’risidagi qarorlardan norozi bo’lganlar belgilangan tartibda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.

One Comment