O’lim jazosi mavzusi hamisha qizg’in bahs-mulohazalarga sabab bo’lib kelgan. Shu kunlarda bu mavzu keng muhokama qilishga undaydigan bir necha voqealar sodir bo’ldi.
O’tgan yilning iyul oyida Norvegiyada 77 insonni o’ldirgan Anders Breyvik 24-avgustda 21 yillik qamoq jazosiga hukm etildi. Ko’plab kishilar bunday jazo qilmishga munosib emasligini, Anders Breyvikni o’lim jazosiga mahkum qilish kerak ekanligi haqida mulohaza bildirmoqda.
25-avgustda esa Malayziyada o’zbek ayoli o’lim jazosiga mahkum etilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqadi. O’zbekistonda esa Prezidentning 2005-yil 1-avgustdagi farmoni bilan, O’zbekiston Respublikasida 2008-yilning 1-yanvaridan boshlab jinoiy jazo turi sifatida o’lim jazosi bekor qilindi va uning o’rniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etildi. Bugungi kunda umrbod ozodlikdan mahrum qilish faqat ikki turdagi jinoyat uchun tayinlanishi mumkin. Bular javobgarlikni og’irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o’ldirish (97-modda) va terrorizm (155-modda) janoyatlaridir. Qonunchilikka mazkur o’zgarishlarni kiritishdan oldin keng omma orasida jiddiy bahs-munozara bo’lmadi. Ushbu maqolada o’lim jazosi uchun va unga qarshi bo’lgan asosiy qarashlarni to’pladik. Ularni e’tiboringizga havola qilish sizning ham bu masalada bir to’xtamga kelishingizga yordam beradi deb umid qilamiz.
O’lim jazosi TARAFDORI
- O’lim jazosi qurbon oilasi va yaqinlari uchun o’ziga xos xotirjamlik beradi. Sodir etilgan qotillik qurbon oilasi va yaqinlariga jiddiy ruhiy azob beradi va ularning o’zlarini tutib olishlari yillar o’tishini talab qiladi. Bunday vaziyatda agar qotil qamoqda saqlansa, qurbon oilasi va yaqinlari xotirjam bo’lmaydi. O’lim jazosi esa bo’lib o’tgan mudhish voqeaga o’ziga xos yakun yasaydi.
- O’lim jazosi ba’zi jinoyatlar uchun eng adolatli jazo. Adolatning asosiy tamoyillaridan biri bu jinoyatga munosib jazo belgilanishidir. Bir kishi boshqasini o’ldirishni rejalashtirib, o’z maqsadini sovuqqonlik bilan amalga oshirsa, bunday kishiga eng oliy jazo belgilanishi eng adolatli chora bo’ladi.
- O’lim jazosi kelajakda jinoyat sodir etilishi ehtimolini kamaytiradi. Buning ikki jihati mavjud. Birinchisi qotilga tegishli, ikkinchisi esa jamiyatga. O’lim jazosi qotilning kelajakda yana qotillik sodir etmasligini ta’minlashning yagona yoli bo’lib xizmat qiladi. Jamiyatda esa kishilarni jinoyat sodir etishdan turli xil jazo turlari tiyib turadi. Ba’zi kishilar uchun qamoq jazosi bilan qo’rqitishning o’zi kifoya bo’lsa, boshqalar uchun buning o’zi yetarli emas. Shu sababli davlat ba’zida o’lim jazosini qo’llash vakolatiga ega bo’lishi kerak. Sababi, ba’zi guruh kishilarni aynan shu jazo turi jinoyat sodir etishdan tutib turadi.
- O’lim jazosi qo’llanmasa qamoqlar mahbuslarga to’lib ketishiga olib keladi. Har bir mahbusga qamoqda joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak, qamoqxona xizmatchilarining e’tibor va hkz. ajratiladi. Natijada qotillarni umrbod qamoqda saqlash davlat uchun ortiqcha yuk bo’ladi. Ashaddiy qotillarni qamoqda umrbod saqlash uchun mablag’ ishlatgandan ko’ra davlat kasalxona, maktab va universitetlar qurishga e’tiborni qaratishi kerak.
- Ba’zi jinoyatlar uchun o’lim jazosi qo’llanilmasa, davlat qurbonlardan ko’ra jinoyatchilarga ko’proq marhamat va rahmdillik ko’rsatgan bo’ladi. Davlat esa hamisha qurbonlarning manfaatlarini jinoyatchilarning manfaatlaridan ustun qo’yib, barcha chora-tadbirlarning qurbonlarni himoya qilishga qaratishi kerak. Qolaversa, aybsiz kishini yoki kishilarni (faraz qiling ming kishi) vahshiylik bilan o’ldirgan kishi albatta o’lim jazosiga munosibdir.
- O’lim jazosiga qarchi chiqadiganlarning eng asosiy e’tirozlaridan biri bu aybsiz kishilarning o’lim jazosiga mahkum etilgan holatlariga tayanadi. Zamonaviy jinoyat-qidiriv usullari bunday hatolarni deyarli yo’qqa chiqaradi. Masalan, DNK kabi tibbiy ekspertiza xulosalari jinoyatni aniq kim sodir etganligini bexato aytib berishi mumkin. Davlatning hech qaysi intituti xatosiz ishlamaydi. Shuning uchun o’lim jazosiga mahkum qilishda uchrab turadigan xatolarga tabiiy hol deb qaralishi kerak.
- O’lim jazosi jazolar orasida eng vahshiyligi aytiladi. Aslida o’lim jazosining qanday ijro etilishi bilan uni amalda qo’llamaslik orasida hech qanday aloqadorlik yo’q. Mahkumning jonini olishning har qanday usuli bir guruh kishilar nazarida hamisha vahshiy, qo’rqinchli va shavqatsiz bo’lib ko’rinadi.
O’lim jazosiga QARSHI CHIQUVCHI
- O’lim jazosi mahkum oilasiga ham shiddatli ruhiy azob beradi. Chunki mahkumning oilasi qatl etish bilan bog’liq bo’lgan barcha bosqichlardan o’tadi. Qurbonning oila a’zolari jiddiy ruhiy azob chekishi tabiiy hol. Bunday vaziyatda ular qotilga o’lim jazosi belgilanishini talab qilishlari turgan gap. Ammo davlatning o’lim jazosini qo’llash yoki qo’llamaslik haqidagi qarori ayrim kishilarning hissiyotlariga asoslanmasligi kerak. Davlat o’z qarorlarini jiddiy bahs-munozara va muhokamadan so’ng qabul qilishi maqsadga muvofiq.
- Zamonaviy jamiyat “jonga jon” tamoyiliga asoslanib ish tutmasligi kerak. Jinoyatchiga qarshi nafratlanish va undan o’ch olish ilinjida bo’lish hech qachon ijtimoiy muammolar yechimiga yordam bermaydi. Jazo jinoyatga yarasha bo’lishi kerak, ammo uning xuddi o’zi bo’lishi kerak, degan qoida yo’q. Biron kishini zo’rlagan kishiga jazo sifatida uni ham zo’rlash belgilanmaydi.
- Ko’pgina izlanishlar bergan xulosalarga ko’ra, qotillar kamdan-kam hollarda qaytadan qotillik sodir etganlar. Shuning uchun, umrbod qamoq jasozi ham qotillarni jamiyatdan to’sishda samarali bo’lishi mumkin. O’lim jazosining jamiyatga qaraydigan jihati ham kutilgan natijalarni bermaydi. Bu masalani o’rgangan olimlar o’lim jazosi va kelajakda qotilliklar sodir etilishi orasida o’zaro teskari munosabat bor degan xulosa kelmagan.
- O’lim jazosini umrbod qamoq jazosi bilan almashtirish davlat uchun katta xarajatga tushadi deyish har doim ham to’g’ri emas. G’arb davlatlarida mahkumni o’lim jazosiga mahkum qilish uni qamoqda umrbod saqlashdan ko’ra 2-4 barobar ko’proq mablag’ sarflanadi. Buning asosiy sabablari keti-tugamas apelyatsiya shikoyatlari va o’lim jazosini amalga oshirish bilan bog’liq bo’lgan murakkab jarayonlardir. AQShda o’lim jazosi belgilanishi mumkin bo’lgan har bir jinoyat ishining ko’rib chiqilishi uchun davlat o’rtacha bir million AQSh dollari ko’proq mablag’ sarf qiladi.
- Davlat o’lim jazosini amalda qo’llash orqali jamiyatga nosog’lom o’rnak ko’rsatadi. Agar boshqa kishining jonini olish jinoyat bo’lsa, nimaga davlat o’zi shunday uslubdan foydalanishi kerak? Agar boshqa kishini jonini olish noqonuniy bo’lsa, bunday uslub bilan jazolash ham noqonuniy bo’lishi kerak.
- O’lim jazosi aybsiz kishilarga nisbatan qo’llanilgan holatlar talaygina. Masalan, 1973-yildan beri AQShda DNK testlari yordamida o’lim jazosiga mahkum qilinganlarning 130 tasi ozod etilgan. Bu degani qariyib 40 yil davomida o’rtacha yiliga 3-4 kishiga nohaq o’lim jazosi belgilangan.
- O’lim jazosi eski zamon sarqiti hisoblanadi. Bugungi kunda davlatlar o’lim jazosini amalga oshirishda otish, elektr stuli, zaxarli gaz, osish va zaxarli moddani mahkumga ukol qilish kabi qo’rqinch va vahshiy usullardan foydalanadi.