2010-yil 4-oktabrda O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti 2020-1-raqamli qaror qabul qildi. Qaror bilan tasdiqlangan ilovaga ko’ra, “Notarial idoralar va advokatlik tuzilmalarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo’yicha ichki nazorat qoidalari”ga bir qator, jumladan, quyidagi o’zgartish va qo’shimchalar kiritildi:
“7. 11-bandda:
quyidagi manzmundagi yettinchi va sakkizinchi xatboshilar bilan to’ldirilsin:
“mijozni lozim darajada tekshirish materialariga qo’shib qo’yiladigan yaqqol iqtisodiy mohiyatga ega bo’lmagan, mijozning ta’sis hujatlarida yoki davlat ro’yxatidan o’tkazish to’g’risidagi guvohnomasida nazarda tutilgan maqsad va faoliyat turlariga to’g’ri kelmaydigan barcha operatsiyalar bo’yicha lozim darajada tekshirish natijalari va xulosalarini yozma ravishda qayd etish;
identifikatsiyalashni yakunlash imkoni bo’lmaganda yoki lozim darajada tekshirish natijalariga ko’ra, mijoz bilan amaliy ish munosabatlarini o’rnatish maqsadga muvofiq emasligini ko’rsatib turadigan ma’lumotlar olinganda, mijoz bilan bitim tuzishni rad etish”.
* * *
2010-yil 6-oktabrda “Monopoliyaga qarshi davlat organi qayta tashkil etilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartishlar kiritish to’g’risida” O’zbekiston Respublikasining 264-sonli Qonuni qabul qilindi. Yangi qonun O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 286-1-moddasiga o’zgartish kiritib, endilikda modda quyidagi tahrirda bayon qilinadi:
“268-1-modda. Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish organlari
Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish organlariga ushbu Kodeksning 178, 178-1 va 215-1-moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to’g’risidagi ishlar taalluqlidir.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko’rastilgan organlar nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to’g’risidagi ishlarni ko’rib chiqish va jarima solish tariqasida ma’muriy jazo chorasini qo’llashga quyidagilar haqlidir:
O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasinig raisi va uning o’rinbosarlari – eng kam ish haqining o’n baravarigacha miqdorda;
Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy organlarining rahbarlari va ularning o’rinbosarlari – eng kam ish haqining yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga”.
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash Davlat qo’mitasining qayta tashkil etilishi natijasida ushbu organ endi “Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish organlari” deb nom oldi. Shu munosabat bilan mazkur qonunda O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilsih to’g’risida”gi, “Reklama to’g’risida”gi qonunlarga va O’zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga ham tegishli o’zgartishlar kiritildi.
* * *
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2010-yil 7-oktabrda 222-sonli “2010–2020-yillarda nomoddiy madaniy meros ob’yetklarini muhofaza qilish, asrash, targ’ib qilish va ulardan foydalanish Davlat dasturini tasdiqlash to’g’risida”qaror qabul qildi va ushbu qarorga 1-ilova bilan Davlat dasturi tasdiqlandi.
Ushbu qaror asosida qabul qilingan dasturda nomoddiy madaniy meros ob’yetklarini muhofaza qilish, asrash, targ’ib qilish va ulardan foydalanish bo’yicha qator ko’rsatma va amaliy ishlar ro’yxati o’z ifodasini topgan.
* * *
2010-yil 7-oktabrda O’zbekiston Respublikasi Mudofaa Vaziri “Xizmat majburiyatlarini bajarayotganda harbiy xizmatchilar (harbiy xizmatga majburlar) halok bo’lgan yoki tan jarohat olgan holda bir yo’la to’lanadigan nafaqani to’lash tartibi to’g’risidagi yo’riqnomani tasdiqlash haqida” buyruq chiqardi. Buyruq Adliya vazirligi tomonidan 2144-raqam bilan ro’yxatga olingan. Mazkur buyruq 2010-yil 17-oktabrdan kuchga kirdi. Buyruq ilovasidagi Yo’riqnomaga ko’ra,
“Harbiy xizmatchi harbiy majburiyatlarini bajarayotganda tan jarohati olganda (yaralangan, jarohatlangan, kontuziyalangan) (keyingi o’rinlarda tan jarohati deb yuritiladi), ularga nafaqa:
og’ir tan jarohati olganda – pul ta’minoti oylik maoshining 25 barobarigacha bo’lgan miqdorda;
o’rtacha og’ir tan jarohati olganda – pul ta’minoti oylik maoshining 10 barobarigacha bo’lgan miqdorda to’lanadi”.
Mazkur Yo’riqnomada nafaqani to’lash shartlari, nafaqani rasmiylashtirish va to’lash qoidalari hamda boshqa tegishli hujjatlar na’munalari belgilangan.
* * *
2010-yil 11-oktabrda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirining “O’zbekiston Respublikasi byudjet tasnifini qo’llash bo’yicha yo’riqnomani tasdiqlash haqida”gi buyrug’i Adliya vazirligidan 2146-raqami ostida ro’yxatdan o’tdi. Mazkur Buyruq va u tasdiqlagan Yo’riqnoma 2011-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
* * *
2010-yil 11-oktabrda O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi “Tabiiy monopoliya sub’yektlarining Davlat reestrini tuzish va yuritish tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror chiqardi. U Adliya vazirligi tomonidan 2147-raqami ostida ro’yxatdan o’tkazildi. Mazkur qaror va u tasdiqlagan nizom 2010-yil 21-oktabrdan kuchga kirdi. Nizomga ilova sifatida “Tabiiy monopoliya sharoitida ishlab chiqariladigan (realizatsiya qilinadigan) tovarlar (ishlar, xizmatlar) Ro’yxati” tasdiqlandi.
***
2010-yil 11-oktabrda O’zbekiston Respublikasi Moliya vaziri R.Azimovning 86-sonli buyrug’iga asosan “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga turarjoy sotib olish uchun maqsadli transfertlar, shu jumladan, byudjet transfertlarini berish tartibi to‘g‘risida” Nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-avgustdagi 164-son “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turarjoylar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga turarjoy sotib olish uchun maqsadli transfertlar, shu jumladan, byudjet transfertlarini berish tartibini belgilaydi.
O‘zlariga biriktirilgan turarjoyga ega bo‘lmagan hamda tuman (shahar) hokimliklarida turarjoyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-avgustdagi 164-son “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turarjoylar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilangan tartibda turarjoy olish huquqiga ega ekanligi mazkur Nizomda belgilangan.
Nizomga ko’ra, har yili tuman (shahar) hokimliklari vasiylik va homiylik organlaridan tushgan taqdimnomalarga asosan 1-aprelgacha bo‘lgan muddatda yetim bolalarga va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga berish uchun turarjoylar reestrini tayyorlaydi.
Yetim bolalarga va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga turarjoylar yetmay qolgan taqdirda Uy-joy maydonini hisobga olish va taqsimlash komissiyalari turarjoyga bo‘lgan ehtiyojni eng yuqori darajada qondirish maqsadida uy-joy maydonlarini qo‘shimcha xatlovdan o‘tkazadi.
Maqsadli kommunal uy-joy fondidagi uylardan yoki vaqtincha foydalanilmayotgan, davlat mulki bo‘lgan yotoqxonalardagi, uy-joylardagi hamda ko‘p kvartirali uylardagi bo‘sh turgan kvartiralar va boshqa beg‘araz beriladigan turarjoylarda yetim bolalarga va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga taqdim etish uchun bo‘sh turgan turarjoy bo‘lmaganda, yetim bolalarni va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turarjoy bilan ta’minlash maqsadli transfert, jumladan byudjet transferti ajratish hisobidan amalga oshiriladi.
Nizomda, shuningdek, maqsadli transfertlar miqdorini belgilash tartibi, maqsadli transfertlar manbalari va berish tartibi, nazorat, hisob va hisobot va boshqa bir qator qoidalar o’rnatilgan.
***
2010-yil 20-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.Muhitdinovning 223-mh-son buyrug’iga asosan “Notarius stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida” Nizom tasdiqlandi.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunining 22-moddasiga muvofiq notarius stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Nizomda stajirovka o‘talishini rasmiylashtirish, stajirovkani tashkil etish, stajyorning huquq va majburiyatlari, stajirovka yakunlarini chiqarish hamda boshqa bir qator qoidalar belgilangan.
***
2010-yil 29-oktabrda O’zbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.Muhitdinovning 232-mh-son buyrug’iga asosan “Qoraqalpog’iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risida” Nizom tasdiqlandi.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida»gi Qonunining 31-moddasiga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Nizomda malaka komissiyasi faoliyatini tashkil etish, malaka komissiyasining huquq va majburiyatlari, talabgorni malaka imtihoniga qo‘yish, malaka imtihonini topshirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar, malaka imtihonini qabul qilish va boshqa qoidalar o’rnatilgan.