Huquqiy ta'lim, Maqolalar

Oksfordda o’tkazgan bir yilim: Dunyoning eng ko’hna universitetlaridan birida huquqshunoslikni o’qish

Читайте эту статью на русском

“Tashabbus” saytida chop etilgan avvalgi maqolamda, AQSh va Angliyada huquqshunoslik bo’yicha magistratura darajasini o’qish haqida umumiy ma’lumot bergan edim. Bu maqolada esa savol-javob shaklida Oksford universitetida olgan o’qish tajribamga e’tibor qarataman. Oksford universitetiga 2004-yil sentabr oyida bir yillik Magister Juris (MJur) dasturida o’qish uchun kelgan edim. Bunday dastur huquqshunoslik bo’yicha birinchi darajasini roman-german huquq tizimiga asoslangan xorijdagi davlatda olgan talabalar uchun mo’ljallangan. Men bunday darajani Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Huquqshunoslik fakultetidan olganman.

Nega Oksford?

Mening Oksfordda o’qish qarorini berishim shaxsiy va biroz romantik tarixga ega. Hammasi Sovet davrida chop etilgan ingliz tili bo’yicha eski bir darslikdan boshlandi. Unda Agliyada ta’lim mavzusida bir bo’lim bor edi. Bo’limda, asosan, Oksford va Kembrij universitetlari haqida ma’lumot berilgan bo’lib, hozir tushunishimcha, unga Oksford kolleji binolaridan birining oq-qora surati ham ilova qilingan edi. O’shanda yoshim 11 atrofida edi va bu surat menda katta taassurot qoldirdi. Shu tasvir mening kitoblarga mehr qo’yishim, olis o’lkalarga sayohat qilishni sevishim va g’ayrioddiy sarguzashtlarni istashim ramziga aylandi. Diplomatiya universitetidagi o’qishimning so’nggi yilida men hujjat topshirgan yagona universitetdan o’qishga qabul qilinganim haqidagi xatni olganimda qanchalar quvonganimni endi tasavvur qilgan bo’lsangiz kerak…

Romantikani bir chetga surib, Oksford nega huquqshunoslikni o’qish uchun eng yaxshi tanlov ekaniga e’tibor qaratsak. Avvalo, u bir necha asrlik ta’lim berish an’analariga va dunyo bo’yicha tan olingan obro’-e’tiborga ega. U ingliz tilida gapiradigan dunyoning eng ko’hna universiteti hisoblanadi. Bu yerda ta’lim berish 1096-yildan boshlangan. Ikkinchidan, professor-o’qituvchilar sifati va butun dunyodan keladigan talabalar hisobiga universitetga kirish uchun raqobat juda kuchli. Uchinchidan, uning o’ziga xos o’qitish tizimi talabalarga o’z g’oyalarini olg’a surish va ishlarini, odatda, 2-3 talabalardan iborat kichik guruhlarda yetakchi ilm odamlari bilan maslahatlashish imkonini beradi.

Deyarli barcha darslarimda (maxsus ixtisoslik bo’yicha professor bilan bo’ladigan bir soatlik muloqotlarda) men bilan birga faqat yana bitta talaba bo’lardi, xolos. O’qituvchilar bilan yuzma-yuz va alohida ishlash menga juda yoqqan bo’lsa-da, ba’zan bu meni ruhan toliqtirardi. Chunki 20 ta talabadan iborat guruhda dars tayyorlamay kelgan talaba osonlikcha o’qituvchi e’tiboridan qutilib qolishi mumkin, ammo mening holatimda buning aslo imkoni yo’q edi.

Universitet qanday tashkil etilgan?

Avvaliga Oksford universitetining qanday ishlashi menga juda tushunarsiz ko’rindi. Ko’plab xorijlik talabalar Oksford universitetining mustaqil faoliyat yurituvchi 38 kollej va 6 ta doimiy xoldan uborat shahar-universitet ekanini bilmaydi. Universiet rasman kansler, ammo amalda vitse-kansler boshqaradigan markaziy ma’muriyatga ega.

Akademik fakultet va kafedralar, masalan, Oksfordning Huquqshunoslik fakulteti hech bir kollejga mansub emas. Ular ta’lim berish va tadqiqot olib borish uchun sharoitlar yaratib beradi, o’quv dasturlari tuzadi hamda leksiya va seminatlar tashkil etadi. Kollejlar esa darslarni tashkil etadi; talabalar va boshqa xodimlarni yashash va ovqatlanish binolari hamda ijtimoiy, madaniy va dam olish faoliyatlari bilan ta’minlaydi.

Qabul jarayoni qanday bo’lgan?

Oksfordda ikki tomonlama qabul jarayonining o’ziga xos jihati shunda ediki, sizni o’qishga qabul qilish haqida Huquqshunoslik fakulteti va kollej ma’muriyati alohida-alohida qaror qabul qiladi. Agar sizni fakultet qabul qilsa, kollejdan ham ijobiy javob olishingiz aniq. Ammo u anketada siz tanlagan kollej bo’lmasligi ham mumkin.

Men hujjat topshirgan paytim universitetning qanday ishlashini tushunmaganim uchun kollej tanlash kerak bo’lgan joyni to’ldirmasdan bo’sh qoldirgan edim. Menga Avliyo Anna kollejini berishdi. Bu men uchun juda yaxshi natija bo’ldi. Chunki bu kolej zamonaviy turar-joy, ajoyib ovqatlarga ega tamaddixona hamda Oksforddagi eng katta kutubxonaga ega edi. Eng muhimi, bu yerda bir umrlik do’stlar orttirdim va juda ajoyib ilmiy rahbarga ega bo’ldim.

Shunga qaramay, men mujjat topshirmoqchi bo’lgan talabalarga kollejlar haqida kengroq izlanish olib borishni tavsiya qilaman, chunki ta’lim yo’nalishi, joyi va boshqa sharoitlariga qarab, kollejlar bir-biridan farq qiladi. Avliyo Anna kollejining yotoqxonasi o’qish joyidan va Huquqshunoslik fakultetidan ikki kilometr uzoqda joylashgan edi. Bu yomg’irli va sovuq oylarda men uchun ortiqcha qiyinchilik tug’dirdi.

Oksfordga huquqshunoslik bo’yicha oq’ishga kirish jarayoni haqida SHU YERDA batafsil ma’lumot olishingiz mumkin. Oksford beradigan grantlar va moliyaviy yordam haqida SHU YERDA o’qishingiz mumkin.

Talabalar hayoti qanday?

Ijtimoiy, madaniy va akademik jihatdan taraqqiy etish va professional tarmog’ingizni kengaytirish uchun Oksford universiteti rang-barang va juda ajoyib imkoniyatlarni taqdim etadi. Avvalo, huquqshunoslik talabalari fakultetdagi tadbirlarda faol qatnashishi mumkin. Mashhur professorlar, hukumat rasmiylari va boshqa mashhur shaxslar fakultetga tez-tez tashrif buyurib turadi. Ko’plab bunday tadbirlar tushlik paytidagi tanaffusda o’tkaziladi va bepul tushliklar ham beriladi. Bundan tashqari, talabalar boshqa fakultetlar va markazlar tashkil etgan tadbirlarda ham qatnashishlari mumkin.

Ikkinchidan, huquqshunoslik talabalari o’zlari mansub kollejning “Umumiy xonalar” deya ataluvchi markazlarida ham ko’ngil yozishlari mumkin. Angliyadagi ko’plab universitetlarda talabalar va o’qituvchilar ana shunday umumiy xonalarga biriktirilgan bo’ladi. Ular kollej binosida talabalar namoyandasi vazifasini o’taydi. “Kichik umumiy xona” bakalavrlik talabalari uchun, “O’rta umumiy xona” magistratura va doktorantura talabalari, “Yuqori umumiy xona” esa o’qituvchi-professorlar uchun ajratilgan bo’ladi. Bu xonalar turli yo’nalishdagi talabalar bir joyga yig’ilib, o’zaro fikr almashadigan va turli tadbirlar tashkil qiladigan markazlar vazifasini o’taydi. Masalan, men Avliyo Anna kollejidagi ana shunday yig’in orqali Uinston Cherchil tug’ilgan va bolaligi otgan saroyga, dunyoning 14 ta aylanaga ega birinchi rollakosteri joylashgan parkka yoki May tongi kabi universitetning boshqa ko’plab tadbirlariga borish imkoniyatiga ega bo’lganman.

Uchinchidan, yotoqxonalar kelib chiqishi turlicha bo’lgan talabalar uchun xonalari alohida, ammo umumiy oshxona va yuvinish xonalariga ega yashash sharoitlarini taqdim etadi. Men bir kvartirada to’rt talaba bilan yashaganman: germaniyalik ikki matematik, angliyalik kimyo bo’yicha doktorantura talabasi hamda amerikalik arxeolog. Biz ovqatlanish paytida tarixiy va madaniy mavzulardan tortib, huquq, kimyo va arxeologiyagacha bo’lgan turli sohalarda o’z fikr-qarashlarimizni o’rtoqlashar edik.

Nihoyat, Oksford ko’plab klublar, jamiyatlar (masalan, sport, madaniyat, siyosat yoki huquq yo’nalishlarida), til kurslari, sport zali va shahardagi boshqa turli ko’ngilochar markazlarga kichik haq evaziga a’zo bo’lish imkonini beradi. Masalan, men Oksfordning Xalqaro film klubiga, Oksford Huquqshunoslar jamiyatiga a’zo bo’lib, Oksford Til markazida bepul italyan va yuqori darajali ingliz tili kurslariga qatnaganman.

Ta’lim olish jarayoni qanday bo’lgan?

Akdemik yil uch semestrga bo’linadi: Mikaelmas (Oktabrda boshlanadi), Xillari va Triniti (Iyunning ikkinchi yarmida tugaydi). Ularning har biri sakkiz hafta davom etadi va birinchi hamda ikkinchi semestrlar orasida olti haftalik ta’til bor. Mikaelmas semestrida faqat leksiya va seminarlar bo’ladi. Ko’plab darslar Xillarida bo’lib o’tadi hamda uyda topshiriladigan imtihonlardan boshqa barcha sinovlar Triniti nihoyasida, iyunning oxirida va iyulning birinchi yarmida bo’lib o’tadi. Har bir talabaga kollejdan ilmiy rahbar tayinlanadi.

Huquqshunoslik bo’yicha magistratura talabalari hamda roman-german huquqi bo’yicha bakalavrlikda o’qiyotganlar to’rtta fanni tanlashi talab qilinadi. Men (1) Xalqaro huquq, (2) Xalqaro nizolarni yechish, (3) Yevropa ittifoqi Xalqaro huquq ishtirokchisi sifatida hamda (4) Huquqshunoslik falsafasi va Siyosat nazariyasi fanlarini tanladim.

Men, asosan, o’zim qiziqqan mavzulardan kelib chiqib fan tanlaganman. Shu bois semestrning ilk bosqichida ko’plab fanlarga kirib ko’rish va ma’qulini tanlash imkoniyatidan foydalanmaganman. Tanlashdan oldin imkon qadar ko’proq fanlarga kirib professorning o’qitish uslubini ko’rish va fanning mag’zini chaqish men uchun (Ishonchim komilki, boshqa o’zbekistonlik talabalar uchun ham) yana bir yangilik bo’ldi. Qaysi kurs sizning karyera va akademik rejalaringizga ko’proq mos kelishini bilish uchun, avvalo, bir necha darslarga kirib ko’rishingizni, shunday so’ng ro’yxatdan o’tishingizni tavsiya qilaman. Dars tanlashda o’tiladigan mavzular, professorning o’qitish uslubi, yakuniy imtihonning qanday shaklda topshirilishi siz uchun bilim olishda va yaxshi baholarni qo’lga kiritishda muhim ahamiyatga ega.

Men uchun qaysi fan eng qiyini bo’lgan va nima uchun?

Huquqshunoslik falsafasi va Siyosat nazariyasi men o’qigan fanlar orasida eng qiyini bo’ldi. Bu fan aqlga ishlov berish bo’yicha eng qiyinligi va unda dars beradigan professorlar Oksfordda juda mashhur bo’lgani meni o’ziga tortgan edi. Dars bir necha professor tomonidan o’tiladi. Ularning aksariyati shu sohada yetakchi kitoblar yozgan. Ko’p o’tmay bu fan men uchun juda qiyin ekanini payqab qoldim. Nafaqat mavzular nazariy yoki falsafiy bo’lgani uchun qiyin edi, balki bahsli mavzularni tushunishim uchun ingliz tili, Amerika huquqiy tarixi, an’analari, AQSh fuqarolik huquqlari harakati hamda ko’plab mashhur huquqiy pretsedentlar bo’yicha kuchli bilimga ega bo’lishim ham talab qilinardi. Qatnashchilarning barchasi anglo-sakson huquqiy tizimi amal qiladigan davlatlardan kelgan talabalar edi. Dastlabki bir necha darsdan keyin uni tark etganim yaxshiroq edi, ammo men uni o’qiyman deb oyoq tirab turib oldim.

O’rta asrlarga oid muhtasham bir xonada o’tgan seminarlardan birida qalin sharq gilami ustida, xonaning bir burchagida Karl Marksning “Kapital” kitobidan olingan bir bo’limga oid kechayotgan bahsni tushunishga harakat qilib o’tirganim esimda. Qizig’i shundaki, sobiq Sovet mamlakatidan kelgan yagona talaba sifatida bu mavzuni boshqalardan ko’ra yaxshiroq bilishim kerak edi. Afsuski, kitobdagi o’sha bo’limni darsga tayyorlanish jarayonida birinchi bor o’qidim. Sizga ma’lumki, Sovet ittifoqi qulagandan keyin “Kapital” kitobining dovrug’i o’chib, uni aksariyat kutubxonalardan va ta’lim dasturlaridan chiqarib tashlashgan. Huquqshunoslik falsafasi va Siyosat nazariyasi fanidan qanday qilib sog’-omon chiqqanim va yakunim imtihondan o’tganimni haligacha bilmayman.

Huquqshunoslik bo’yicha magistratura darajasini olish uchun qanday imtihonlar topshiriladi?

Yuqorida aytganimdek, ayrim fanlardan boshqa barcha imtihonlar (bakalavr va yuqori darajalar uchun) Triniti semestrining oxirida bo’lib o’tadi. Ular, odatda, uch soatlik yozma ishlardan iborat bo’ladi. Imtihonda talabadan to’rtta savolga javob yozish so’raladi. Qonun to’plamlaridan tashqari hech bir kitobdan foydalanish mumkin emas. Savollar shunday tuzilganki, uch soat ichida javob berish uchun oldindan ularga kunlab, hatto haftalab tayyorgarlik ko’rish kerak bo’ladi. Albatta, leksiya, seminar va darslarga qatnashdan tashqari. Talabalar o’tgan yili tushgan savollardan foydalanishi mumkin va darslarda ulardan mashqlar sifatida foydalaniladi.

Asosan, yod olish va asosiy huquqiy tushunchalarni o’rganishga qaratilgan O’zbekistonning huquqiy ta’lim tizimidan farqli o’laroq, Oksford talabalarning mustaqil fikrlash va murakkab huquqiy tushunchalarni amaliyotda qo’llash salohiyatini tekshiradi. Shuning uchun universitet nafaqat qaysidir qonun yoki sud ishining nima deyishini, balki uning amaliyotga qanday tatbiq etilishini va nima uchun qabul qilinganini ham o’rgatadi. Talabalardan qonunning mantiqiy mazmunini tushunib, uning kamchiliklarini farqlay olishi kutiladi.

Men topshirgan imtihonlar orasida bundan farqli formatga ega yagona fan bu Huquqshunoslik falsafasi va Siyosat nazariyasi bo’ldi. Olti haftalik Pasxa ta’tili davrida uyda yozib kelishimiz uchun uchta esse berildi. Talabalar imtihon uchun ajratilgan mavzular orasidan o’zlari xohlagan uchta savolni tanlab olishlari mumkin. Ammo tanlov imkoniyatining borligi va esselarni bahorgi ta’til paytida uyda o’tirib yozish uchun olti hafta vaqt berilgani aslo imtihonning osonligidan darak bermaydi. Mavzular murakkab bo’lib, sizdan unga aloqador ilmiy ishlarni bilishni hamda original javob yozishni talab qiladi. Huquqshunoslik falsafasi va Siyosat nazariyasi fanidan tushgan savollarga misollar keltiraman:

Ozodlikni tenglik va adolat bilan doim to’qnash keladigan maqsad deb atash to’g’rimi?

“Hukumat va qonunning adolatni ta’minlash mas’uliyati odamlarning tabiati hamda ularning xatti-harakati va munosabati qanchalik axloqiy ekaniga oid bahsli savollarga nisbatan davlat betaraf turishi kerak degan tushuncha bilan hamohang va aslida shunday bo’lishi kerak”. Izohlang.

Imtihon payti asablar tarang bir davr bo’lsa ham, ajoyib yozgi ob-havo va Oksforddagi bayramona shukuh sizga orom baxsh etadi. Oksfordning o’rta asrlarga oid tor ko’chalarida talaba va professorlarning imtihon mavsumida kiyishi talab qilinadigan maxsus formada (oq ko’ylak, qora shim yoki yubka, qora tor galstuk va akademik darajasiga mos mantiya) dengizdek oqib kelayotganini tasavvur qiling. Ko’plab talabalar omad belgisi sifatida mantiyalariga oq atirgul taqib oladi.

Qattiq qoidalardan tashqari, imtihonlar bilan bog’liq ko’plab an’analar ham bor. Har bir narsa o’z o’rnida va tartibida bo’lishi kerak. Hatto talaba qaysi partada o’tirishi kerak, kvadrat shaklidagi qalpog’i stolning qayerida turishi kerak kabi nozik detallargacha alohida e’tibor berishadi. So’nggi imtihonni topshirishingiz bilan sizdagi bor g’ubor va asabiyliklarni ketgazish uchun kursdoshlaringiz boshdan oyoq sizni shampan vinosi bilan “yuvishadi”. Bir necha hafta o’tgach esa rasman bitirish marosimi bo’lib o’tadi.

Oksfordning yana qanday o’ziga xos an’analari bor?

Universitet bir necha asrlik tarixga ega bo’lgani uchun, bu yerdagi har bir an’ana ortida qandaydir tarix yoki uzoq muddatli rasm-rusumlar yotadi. Garri Potter filmida kichik Garri eski bir do’kondan shlyapa va boshqa o’quv qurollarini qanday sotib olgani esingizdami? Bu yerga kelgach, siz qiladigan ilk ishlardan biri shu bo’ladi. Maxsus do’konlardan magistratura talabalari uchun mo’ljallangan shakl va uzunlikdagi mantiya hamda qalpoq sotib olishingiz kerak. To’g’risi, Garri Potterning dastlabki ikki filmidagi ko’plab sahnalar, xususan, oshxona va kutubxona epizodlari aynan shu yerda, Oksfordda suratga olingan.

Oksfordning akademik kiyimlari tarixi o’rta asrlar Yevropasiga borib taqaladi. O’sha paytlar odamlarning darajasi va kasbini kiygan kiyimiga qarab aniqlashgan. Bugun Oksfordda kiyilayotgan kiyimlar so’nggi bor XVI asrda o’zgartirilgan, xolos. Talaba va professorlar nafaqat imtihonlar payti yoki bitiruv marosimida, balki yil bo’yi maxsus kiyimlarini kiyib yurishi kerak. Masalan, kollej oshxonalarida, ayrim leksiyalarda va boshqa ko’plab imtihonlar kabi tadbirlarda bizdan mantiyamizni kiyib yurish talab qilingan. Kollejlar oshxonasi Xogvarts sehrgarlar maktabidagi manzara bilan bir xil, faqat sehr yo’q, xolos: Talabalar uchun uzun yog’och stollar va kursilar, professorlar uchun podiumda alohida stollar, devorlarda eski portretlar, gotik uslubidagi shipdan osilib turgan qadimiy qandillar va stolga uzun mantiyalarini kiyib, bir saf bo’lib o’tirgan talabalar…

Har bir yangi talaba qatnashishi lozim bo’lgan birinchi marosim bu kollejga rasman qabul qilinganini belgilovchi qisqa, lekin juda ko’p odam yig’iladigan maxsus tadbirdir. U to’liq lotin tilida olib boriladi. Marosimda bir xil narsa takror-takror qilingani uchunmi, negadir nutq o’qilayotgan paytda birinchi kursdagilardan kimdir “oh” degan zaif tovush chiqarib, hushdan ketadi. Mening navbatim kelganda ham shunday bo’ldi. Bir minut ham o’tmay, tayyor turgan universitet xodimlari uni zaldan olib chiqib ketishdi. Rasmiy marosim ortidan uzoq suratga tushishga navbat keladi. Bu payt yana bir talaba o’zini yo’qotib qo’ydi va uni ham sekingina olib chiqib ketishdi.

Kutubxonani ta’riflamasdan universitetdagi akademik hayot haqida to’liq tasavvur olish qiyin. Oksfordda kutubxonalar juda ko’p. Avvalo, har bir kollej o’z kutubxonasiga ega. Alohida Huquqshunoslik kutubxonasi ham mavjud. Oksford kutubxonalari orasida eng mashhuri Bodlean yoki Bod deb ataladigan Bodlean kutubxonasidir. U Yevropaning eng ko’hna kutuxonalaridan biri bo’lib, Angliyada kattaligi jihatidan Britaniya kutubxonasidan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Bodlean kutubxonasiga oid shu paytgacha saqlanib qolgan antiqa bir an’ana shuki, bu yerda hech kimga uyga kitob olib ketishga ruxsat berilmaydi. 1645-yil hatto Qirol Charlz I ga ham bu yerdan kitob olib ketishga ruxsat berilmagan ekan.

Oksford an’analari orasida ajralib turadigan yana bir qadriyat 1-may kuni – May tongida ro’y beradi. Bir kun avval barcha qahvaxona va klublar tonggacha ochiq bo’ladi. Ertalab oltida odamlar Magdalen ko’prigiga yig’ilib, madrigallar xorini tinglaydi. Shu payt ayrim talabalar negadir ko’prikdan turib muzdek daryo suviga o’zini tashlaydi. Qo’shiq va suvga sakrashlar nihoyasiga yetgach, talabalar kollejdagi umumiy xonalarga boradi va shampan vinosi ichib, qulupnay yeyishadi.

Oksfordda o’zim qatnashgan eng so’nggi marosim bu bitiruv kechasi bo’ldi. Asosiy qismi lotin tilida olib boriladigan marosim 1667-yil qurilgan Shaldon teatrida bo’lib o’tdi. Talabalar qaysi darajani bitirayotganiga qarab, o’ziga xos maxsus kiyimlar kiyishadi. Masalan, huquqshunoslik bo’yicha magistratura talabalari va Anglo-sakson huquqi bo’yicha bakalavr talabalari oq va ko’k rangdagi yungli yoqaga ega mantiya kiyishadi.

Darajani olish qismi juda antiqa kichadi. To’rt talabadan iborat guruhda bir-birimizning qo’limizni xuddi “Oq qushlar ko’li” baletidagi balerinalar kabi ushlab, proktor nazorati ostida sahnaga chiqamiz. Bu yerda proktor bizni magistrlik darajasini olishimiz uchun universitet rasmiylari o’tirgan yig’inga olib boradi.

***

Oksfordda o’tkazilgan bir yil O’zbekistondan farqli bo’lgan muhitga moslashish va qudratli ta’lim tizimida o’qish nuqtai nazaridan hayotimdagi eng qiyin davrlardan biri bo’ldi. Ayni paytda, u meni huquqshunos sifatida yanada kuchli qildi va dunyoqarashimni kengaytirdi. Oksfordda qo’lga kiritilgan tajriba meni huquqshunoslik kasbining mas’uliyatlari va afzalliklari haqida yanada jiddiyroq o’ylashga hamda jahon standartlariga mos ta’lim olish bo’yicha qanchalar omadli ekanimni his qilishga undadi.

Damira XATAM

 ___________________________

*Barcha huquqlar himoyalangan. Muallif ruxsatisiz ushbu maqolani to’liq yoki qisman qayta chop etish mumkin emas.

 

Comments are closed.