Jinoyat va ma'muriy huquq

Oilaning boquvchisiz qolishi jazoni yengillashtiruvchi holat bo’la oladimi?

Savolingiz: Mening turmush o`rtog`im biz yashab turgan joyda odamlarni Rossiyaga olib borish bilan shug`ullanar edi. O`sha vaqtlarda biz bilgan ikki odam puli yo`qligi tufayli turmush o`rtog`imdan olib borishligini,  ular esa pul topishlari bilan ularga haqini to`lashlarini aytgandi, lekin turmush o`rtog`im odamlarni faqat manzillariga yetkazish bilan shug`ullangan. Ish bilan ta’minlashni zimmasiga olmagan. O`sha ikki odam Rossiyaga yetib borgan va o`zlari topgan ishlarida ishlab haqlarini ololmasdan qaytgan. Lekin xalq orasida erimni aybdor qilib, erimni sudga berishdi. Sud hech qanday dalil-isbotsiz erimni jinoyat kodeksi 135-modda bilan 5 yil 6 oy muhlatga ozodlikdan mahrum qildi. Mana 2 yildirki erim Chirchiqda turmada, biz shu ishni qayta ko`rishlari uchun nima qilishimiz mumkun? Shu ishda yordam bersanglar yaxshi bo`lar edi, iltimos. Meni 3 qizim bor, hali birortasi turmushga chiqmagan. 2 tasi voyaga yetib turmushga chiqadigan bo`lib qolgan. Sud shularni ham hisobga olishi kerakku, axir. Bizni o`g`limiz bo`lmasa, 3 ta qizni kim uzatadi? Bitta boquvchimiz shu kishi edi!

Javob: O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual Kodeksiga binoan jinoyat ishi bo’yicha sud hukmi chiqqach, chiqarilgan hukmdan norozi bo’lgan taraflar quyidagi shaklda yuqori turuvchi instansiyalarga ishni qayta ko’rish yoki boshqa e’tiroz yoki talablarini ifodalab shikoyat qilishlari mumkin:

Apellyatsiya shikoyati. Jinoyat Protsessual Kodeksining 497-4-moddasiga asosan, birinchi instansiya sudining hukmi ustidan apellyatsiya shikoyatlari va protestlari hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran o’n sutka ichida, mahkum, oqlangan shaxs, jabrlanuvchi tomonidan esa ularga hukmning nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shunday muddat ichida berilishi mumkin. Belgilangan muddatdan keyin berilgan shikoyat yoki protest oqibatsiz qoldiriladi, bu haqda ularni bergan shaxslarga xabar qilinadi.

Turmush o’rtog’ingiz ikki yildan beri jazoni o’tash joyida ekan, sizda apellyatsiya shikoyatini berish muddati o’tib ketgan.

Kassatsiya shikoyati. Bu shikoyat turi agar apellyatsiya shikoyati berilmagan bo’lsa, sud hukmi qonuniy kuchga kirgandan boshlab, ya’ni sud hukmi chiqganidan so’ng o’n kundan  keyin qabul qilinadi.

Jinoyat Protsessual Kodeksining 500-moddasiga ko’ra, sudning hukmini kassatsiya tartibida qayta ko’rib chiqish haqida sud hukmi qonuniy kuchga kirganidan keyin bir yil ichida shikoyat berish mumkin.

Nazorat tartibida shikoyat qilish. Jinoyat Protsessual Kodeksining 513-moddasiga asosan, jinoyat ishi apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko’rib chiqilganidan so’ng, tomonlar o’rtasida ushbu instansiyalar qarorlaridan noroziliklar bo’lsa, hukm qonuniy kuchga kirgandan keyin bir yil davomida nazorat tartibida shikoyat qilish mumkin.

Turmush o’rtog’ingiz ustidan chiqarilgan sud hukmidan norozi bo’lib, sud hukmi chiqganidan so’ng o’n kun muddat ichida apellyatsiya shikoyatini, hukm qonuniy kuchga kirganidan boshlab, ya’ni hukm chiqganidan so’ng o’n kundan keyin bir yil muddat davomida kassatsiya tartibida shikoyat qilishingiz, apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyatlari bilan sudga murojaat qilib, ularning natijasidan qoniqmagan bo’lsangiz, hukm qonuniy kuchga kirganidan so’ng bir yil davomida nazorat tartibida shikoyat qilishingiz mumkin edi. Modomiki, turmush o’rtog’ingiz ikki yildan beri jazoni o’tash joyida ekan, ayni paytda sizda apellyatsiya tartibida shikoyat qilish imkoniyati ham, kassatsiya tartibida shikoyat qilish imkoniyati ham va agar apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan bo’lsangiz, nazorat tartibida shikoyat qilish imkoniyati ham boy berilgan. Har bir jinoyat ishlari bo’yicha sud hukmni o’qiyotganda jinoyat ishidagi har bir tarafni sudning chiqargan hukmidan norozi bo’lgan hollarda qanday tarzda shikoyat qilish tartibi haqida tushuntiradi. Turmush o’rtog’ingiz ustidan sud hukmi o’qib eshittirilganda sud zalida ishtirok etgan bo’lsangiz, yuqorida xabar berilgan shikoyat qilish tartiblari sizga notanish emas.

Apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilmagan bo’lsangiz, umumiy asoslarga ko’ra nazorat tartibida sudga shikoyat qilishingiz mumkin. Ammo bu holatda o’tkazib yuborilgan apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berish muddatlarini suddan tiklashni so’rashingiz lozim va o’tkazib yuborilgan muddatlarni asoslab berishingiz talab etiladi.

Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasida har yili e’lon qilinadigan amnistiya to’g’risidagi qonunlarni kuzatib borishingiz tavsiya etiladi. Chunki amnistiya to’g’risidagi qonunlarda besh yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi bilan jazolangan shaxslarning tushish ehtimoli katta. 2010-yil 28-avgustdagi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 82-II-sonli “O’zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinganligining o’n to’qqiz yilligi munosabati bilan amnistiya to’g’risida”gi qarorini shu yerdan yuklab olishinigz mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 54-moddasi Jazo tayinlashning umumiy asoslari deb nomlanib, unda shunday deyiladi:

“Sud jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, qilmishning sababini, yetkazilgan zararning xususiyati va miqdorini, aybdorning shaxsini hamda jazoni yengillashtiruvchi va og’irlashtiruvchi holatlarni hisobga oladi”.

Jinoyat Kodeksining 55-moddasida jazoni yengillashtiruvchi holatlar ro’yxati keltirilgan bo’lib, unga ko’ra siz keltirgan sabablar, ya’ni ikki qizining voyaga yetganligi va sudlanuvchidan boshqa boquvchisi yo’qligi jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida qaralmaydi. Shunga qaramasdan, 55-moddada “Jazo tayinlashda sud ushbu moddada nazarda tutilmagan boshqa holatlarni ham yengillashtiruvchi holat deb topishi mumkin” degan qoida o’rnatilgan bo’lib, turmush o’rtog’ingizning ishi sudda ko’rilayotganda sud buni ish tafsilotlariga ko’ra inobatga olgan bo’lishi ham mumkin. Ammo siz keltirgan sabablar faqatgina ish tafsilotlariga bo’g’liq.

Ayni paytda, ya’ni turmush o’rtog’ingiz ishi ustidan sudning qonuniy hukmi kuchga kirgan va turmush o’rtog’ingiz jazo ijro etayotgan vaqtda ikki qizingizning voyaga yetganligi va turmush o’rtog’ingizdan boshqa boquvchingizning mavjud emasligi turmush o’rtog’ingizni jazodan ozod etish yoki uni yengillashtirishga asos bo’la olmaydi.

Turmush o’rtog’ingiz O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 135-moddasi bilan aybdor deb topilgan ekan, ushbu modda haqida batafsil ma’lumot olish uchun quyida moddaning to’liq matnini keltirishni joiz deb topdik:

135-modda. Odam savdosi

Odam savdosi, ya’ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul  qilish –

uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O’sha harakatlar:

a) o’g’irlash, zo’rlik ishlatish yoki zo’rlik ishlatish bilan qo’rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo’llash orqali;

b) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;

v) ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo’lgan shaxsga nisbatan;

g) aybdorga moddiy jihatdan yoki boshqa jihatdan qaram bo’lgan shaxsga nisbatan;

d) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

e) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;

j) xizmat mavqeidan foydalangan holda;

z) jabrlanuvchini O’zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidan olib o’tgan holda oyki uni chet elda qonunga xilof ravishda ushlab turgan holda;

i) qalbaki hujjatlardan foydalangan holda, xuddi shuningdek jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qo’ygan, yashirgan yoxud yo’q qilib yuborgan holda;

k) kishi a’zolarini kesib olib, boshqa kishiga ko’chirish (transplantat) maqsadida sodir etilgan bo’lsa, –

besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilsih bilan jazolanadi.

O’sha harakatlar:

a) o’n sakkiz yoshga to’aganligi aybdorga ayon bo’lgan shaxga nisbatan sodir etilgan bo’lsa;

b) jabrlanuvchining o’limi yoki boshqa og’ir oqibatlarga sabab bo’lsa;

v) o’ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo’lsa;

g) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko’zlab sodir etilgan bo’lsa, —

sakkiz yildan o’n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

Comments are closed.