Fuqarolik huquqi

O’gay otam onamni haydab yubordi, bizning qanday huquqlarimiz bor?

Savol: Onam men tug’ilgandan keyin birinchi turmushidan ajrashgan va 1992-yilda yangi turmush qurgan. Turmushga chiqish vaqtida o’gay otamning oldingi nikohidan 3 qiz va 1 o’g’li bo’lgan.

2012-yilning mart oyida o’gay otam onamni va bizlarni uydan haydab yubordi. Hozirda buvimning uylarida yashayapmiz. Qariyb 20 yillik turmush davomida mening ukam tug’ildi, ikkita uy qurildi, ikkita uchastka olindi, bitta mashina olindi. O’gay otamning oldingi turmushidan ko’rgan barcha farzandlari uyli-joyli qilindi. Mening onam endi uydan haydab yuborildi. Onamning va bizning qanday huquqlarimiz bor?

Javob: Erning xotinni uydan haydab yuborishga haqqi yo’q. Bu haqda birinchi navbatda mahalla raisini xabardor qilish kerak. Iloji boricha yozma ariza bilan murojaat qiling. Shunda arizangiz ro’yxatga olinadi va mahalla raisi sizga vakolatlari doirasida yordam berishga majbur bo’ladi. Agar mahalla raisiga murojaat qilish yordam bermasa, shahar prokuraturasiga yozma murojaat qilishingiz kerak. Ariza va/yoki shikoyat yozish tartibi haqida bu yerda o’qishingiz mumkin. Arizada 2012-yil “Mustahkam oila yili” ekanligini eslatish va quyida bahs etiladigan haq-huquqlaringiz poymol bo’layotganini aytib o’tishni unutmang. Aksariyat holatlarda prokuratura bunday masalalarda katta yordam beradi. Bordiyu vaziyat o’zgarmasa, onangiz sudga nikohdan ajratish haqida ariza topshirishi mumkin. Shu orqali xotin o’zi va farzandlari uchun tegishli bo’lgan mulk uchun da’vo qilishi mumkin. Sud nikohdan ajratayotganda er voyaga yetmagan farzandlar uchun aliment to’lashini belgilashi mumkin. Er va xotinning ajralishi bilan bog’liq bo’lgan huquqiy munosabatlar ancha murakkab. Shu sababli vaziyat ajralishgacha boradigan bo’lsa, malakali advokatga murojaat qilishingiz kerak.

Oila Kodeksining 23-moddasiga ko’ra, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulki ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi. Oilaviy va/yoki shaxsiy sharoitdan kelib chiqib, nikoh tuzilgandan keyin, xotin ishlamasdan, farzandlar tarbiyasi bilan shug’ullangan bo’lishi mumkin. Bunday vaziyatda ham qonunchilik xotinning umumiy mulkka haqqi borligini aytadi. Oila Kodeksining 23-moddasida belgilanishicha, er va xotindan biri uy-ro’zg’or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo’lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko’ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo’lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo’ladi. Er-xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko’char va ko’chmas ashyolar, hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan qay birining nomiga rasmiylashtirilgan bo’lishidan qat’iy nazar, er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.

24-moddaga ko’ra, er va xotin ularning birgalikdagi umumiy mulki bo’lgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishda teng huquqlarga egadir. Jumladan, er yoki xotin o’zining nomiga rasmiylashtirgan umumiy ko’chmas mol-mulkini tasarruf etish bo’yicha bitim tuzishi uchun xotin yoki erning notarial tartibda tasdiqlangan roziligini olishi lozim. Ko’rsatilgan bitimni tuzishga notarial tartibda tasdiqlangan roziligi olinmagan er yoki xotin mazkur bitim amalga oshirilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo’lgan kundan boshlab bir yil davomida bu bitimni sud tartibida haqiqiy emas deb topishni talab qilishga haqlidir.

27-moddaga ko’ra, nizo tug’ilgan hollarda er va xotinning umumiy mol-mulkini bo’lish, shuningdek er va xotinning bu mol-mulkdagi ulushini aniqlash sud tartibida amalga oshiriladi. 37-moddaga ko’ra, nikoh er-xotinning biri yoki ikkalasining arizasiga muvofiq nikohdan ajratish mumkin. Farzandlari bo’lgan er-xotinni nikohdan faqat sud ajratishi mumkin (42, 43-moddalar). 44-moddaga ko’ra, nikohdan ajratish to’g’risidagi hal qiluv qarori chiqarish vaqtida sud quyidagi masalalarni hal etishi kerak:

–      voyaga yetmagan farzand kim bilan yashashi;

–      bolalarga va yordamga muhtoj xotinga yoki erga ta’minot berish uchun mablag’ to’lash tartibi va miqdori;

–      voyaga yetmagan bolalarga ta’minot berish uchun ota-onaning qaysi biridan va qancha miqdorda aliment undirilishi;

–      er va xotinning birgalikdagi mulki qanday bo’linishi;

Oilada ota-ona hamda bolalarning mulkiy huquqiy munosabatlari

90-moddaga ko’ra, voyaga yetmagan bolalar o’z ota-onasidan va boshqa shaxslardan qonunda nazarda tutilgan miqdorda va tartibda ta’minot olish huquqiga ega. 96-moddaga ko’ra, ota-ona voyaga yetmagan bolalarga ta’minot berishi shart. Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota yoki onadan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug’iga asosan aliment undiriliadi (Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyati haqida batafsil ma’lumot olish uchun Oila Kodeksining 96-116-moddalariga murojaat qiling. Aliment to’lash va undirish tartibi haqida esa batafsil ma’lumotni Oila Kodeksining 119-147-moddalarida o’qish mumkin).

Demak, mahalla raisi yoki prokuratura organiga onangiz va farzandlarining uydan haydab yuborilgani bo’yicha murojaat qilsangiz, ushbu idoralar o’gay otangizning xatti-harakatlariga nisbatan tegishli chora ko’radi. Agar ish sud tartibigacha borsa, nikohdan ajratishda nikoh davomida orttirilgan kvartira, hovli va moshina hamda shunga o’xshash ko’char va ko’chmas mulklar er va xotin o’rtasida teng bo’linadi. Bundan tashqari, voyaga yetmagan farzand uchun va sud lozim deb topsa ajrashayotgan ayol uchun ham er tomonidan aliment undirib berishi mumkin.

One Comment