Maqolalar, Sharh

Odil sudlovning shaffofligi: bizda sud qarorlari qachon ochiladi?

Yaqinda eʼlon qilingan bir xalqaro hisobotda yurtimizga berilgan oʻrin va baho har qanday Oʻzbekiston fuqarosini yuragini gʻashlantirsa ajab emas. Butunjahon Adolat Loyihasi (World Justice Project) tashkiloti oʻzining 2017–2018-yillardagi Huquq Ustuvorligi Indeksining (WJP Rule of Law Index) Davlat Idoralari Shaffofligi (Open Government) yoʻnalishi boʻyicha 113 mamlakat ichidan davlatimizga 108-oʻrinni bergan.

Yurtingda olamshumul oʻzgarishlar boʻlib turgan bir paytda xalqaro tashkilotlar tomonidan Oʻzbekistonga mana shunday baho. Ochigʻi odamga alam qilarkan. Keyingi paytda davlat idoralarining shaffofligi sezilarli darajada yaxshilangani hech kimga sir emas: koʻp davlat idoralari oʻzlarini websaytlariga ega boʻlishdi va u orqali xalqni oʻzlarini ichki faoliyatlari bilan tanishtirishni boshlashdi. Unda nega Butunjahon Adolat Loyihasi mamlakatimizga shunday past oʻrin bergan? Keling buni bir tahlil qilib koʻraylik.

Hisobotda Davlat Idoralari Shaffofligi mezoniga quyidagicha taʼrif berilgan:

Asosiy qonunlar va ularga oid maʼlumotlarning ommaga ochiqligi, tushunarli tilda yozilganligi va oʻsha millat soʻzlashadigan barcha tillarda chop etilganligi. Shuningdek, hukumat tomonidan bosma yoki onlayn tarzda chop etiladigan maʼlumotlarning sifati va ularni olishning osonligi; maʼmuriy qoidalar, qonunlar loyihasi va yuqori sud qarorlarining ommaga kechikmasdan ochilishi.

Tan olishimiz kerak mamlakatimizda aynan shu oxirgi jumla boʻyicha muammo mavjud. Hisobot mamlakatda ommaning sud qarorlari bilan tanishib chiqish uchun imkoniyatlari cheklanganligiga, mamlakat sud organlari faoliyatida shafofflik yetarli darajada emasligiga shaʼma qilmoqda. Va aynan shu muammo davlatimizni Butunjahon Adolat Loyihasi hisobotida 108 oʻringa tushib ketishiga katta hissa qoʻshayotgandek. Xoʻsh, muammo aslida nimada?

Koʻz tegmasin, oxirgi 2 yil ichida sud-huquq sohasida koʻp islohotlar amalga oshirildi. Sudyalarning faoliyatga tayinlanish muddatlari boʻyicha birinchi bor 5 yil, ikkinchi martoba tayinlanganda 10 yil uchinchi bor nafaqagacha uzaytiriladigan boʻldi, mustaqil Sudyalar Oliy Kengashi tashkil etildi, sudlarning moddiy-texnik bazasi ancha yaxshilandi, ularning oyligi oshirilmoqda… va hokazo. Elektron-sud tizimi ishga tushirilmoqda, yaʼni endi fuqarolar uzoq joylardan turib ham sudga oʻz arizalarini topshirishlari mumkin. Bularning barchasi hukumat va halqning sud hokimiyatiga boʻlgan eʼtibori natijasi boʻlib, endilikda masalani boshqa tomoni haqida ham bosh qotirish payti kelgan boʻlsa ajab emas. U ham boʻlsa respublikamiz sudlarida chiqariladigan buyruq va qarorlarni zudlik bilan onlayn chop etish orqali sud hokimiyati faoliyatining maksimal shaffofligini taminlashdir. Chunki, sud qarorlarining hali-hamon
ochilmasdan kelinayotganligi – shubhasiz, sud hokimiyatining xalqimiz ishonchini toʻliq qozonishi yoʻlida bugungi kundagi eng katta toʻsiqlardan biridir!

Nega endi sud qarorlari omma eʼtiboriga havola qilinishi kerak? Sud qarori qabul qilingandan soʻng uni omma etiboriga havola etilish uchun bir talay oddiy va mantiqiy asoslar mavjud boʻlib ular quyidagilar:

Birinchidan, sudyalar qanday ishlashmoqda, ularning qarorlari adolat va holislik mezonlariga toʻgri kelayaptimi, sudyalar oʻz qarorlarini yetarlicha asoslab bera olishayaptimi kabi savollar hali hamon ochiq qolmoqda. Agar sud qarorlari va buyruqlari ochilsa, unda sudlar ustidan jamoatchilik monitoringi shakllanadi. Sud qarorlari shaffofligiga erishilmas ekan sudyalar xolisligi, sud sohasida korruptsiyani oldini olish haqida gapirishimiz befoyda boʻlib qolaveradi. Aslida sud qarorlari shaffofligini taminlash kabi shu oddiy bir talab sohadagi juda koʻp muammolarni ayniqsa korruptsiyani oldini olishning eng kam harajatli, jahon tajribasi isbotlagan, samarali usullaridan biridir. Mazkur tartib sudyalar oʻz ustlarida tinimsiz ishlashlariga, oʻz faoliyatlarini sifatli yoʻlga quyishga, asosli va adolatli qarorlar chiqarishga undaydigan vositadir.

Ikkinchidan, sud qarorlarining shaffofligini joriy etish uchun yetarli huquqiy asoslar mavjud. Bu tartib aslida Konstitutsiya talabidir. Jumladan, mamlakatimiz Konstitutsiyasining 30 moddasida shunday deyiladi:

“Oʻzbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor boʻlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim”

Qolaversa, muammo yuzasidan yurtimizning eng yirik siyosiy partiyasi boʻlgan OʻzLiDePning Saylovoldi dasturida “sud qarorlarini ularning rasmiy veb-saytlarida elektron shaklda eʼlon qilish tizimini yoʻlga qoʻyish“ degan band mavjud. Yurtimizdagi yirik huquqshunoslar olimlar ham oʻzlarining turli maqolalarida bu masalani shu paytgacha bot-bot tilga olishgan.

Uchinchidan, horij tajribasi ham sud qarorlarining shaffofligini taminlash mamlakat sud huquq tizimini rivojlantirish borasidagi eng toʻgʻri usullardan biri ekanligini isbotlaydi. Keling dunyo davlatlari tajribasiga eʼtiborimizni qarataylik. Yevropa va Amerika qitʼasidagi barcha sanoatlashgan davlatlar sud qarorlarini doimo ochiq saqlashadi. Ushbu tajribaga koʻra sud qarori sudya muayyan ish buyicha qaror qabul qilgan kundan koʻp vaqt oʻtmasdan, sud websaytida qarorlar roʻyhatiga qushiladi va har qanday fuqaro ushbu qaror matni bilan bevosita tanishib chiqishi imkoniyatiga ega. Sud websaytida qarorlar bazasi shakllantirilgan boʻlib, fuqaro mavzu va kun asosida sud qarorini topib uni urganib chiqish imkoniyatiga ega. Ushbu holat ayniqsa huquq sohasidagi talabalarga, ommaviy ahborot vositalari hodimlariga, jurnalistlarga qulaylik yaratadi. Osiyo yoʻlbarslari va Yaponiya sud ishini tashkil qilish amaliyoti ham ushbu tajribani toʻgʻri ekanligini tasdiqlaydi. Unda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga (MDH) kiruvchi davlatlarda ahvol qanday? MDH davlatlarining koʻpchiligida, xususan, Rossiya, hatto devor-darmiyon qoʻshnilarimiz Qozogʻiston va Qirgʻizistonda ham sud qarorlari Oliy Sud portalida ochiq holda qoʻyiladi. Masalan, Qozogʻiston Respublikasida sudlar 2009 yildan buyon barcha turdagi qarorlarini oʻz websaytlarida omma ixtiyoriga taqdim qilib kelishmoqda. Qirgʻizistonda esa bunday amaliyot 5 yil avval boshlangan. Etiboringiz uchun quyida Qirgʻiziston davlatining sud qarorlari toʻplami web saytidan olingan lavhani keltiramiz:

Toʻrtinchidan, sud qarorlarini ommaga taqdim qilishning yuridik taʼlimda oʻrni juda katta. Sud qarorlari shaffofligini taminlash huquqshunoslik universitetlari va fakultetlarida tahsil olayotgan talabalarni tayyorlash jarayoni oʻzining ijobiy taʼsirini oʻtkazadi. Biz koʻpincha nega huquq buyicha oʻquv dargohlar sifatsiz kadrlar yetishtiryapti? Nega yurtimiz manfaatini mahalliy va xalqaro arbitraj sudlarida etarlicha himoya qila oladigan chiqmayapti degan asosli fikrlarni eshitamiz. Amaldagi huquqiy talimning eng ogʻriqli tomoni shundaki, huquqshunoslik sohasidagi yurtimizning eng ilgʻor taʼlim maskanlari hisoblangan Toshkent Davlat Yuridik Univeristeti, Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universiteti va Westminister Universiteti talabalari hozirda oʻzlari oʻrganayotgan qonunlar va nazariy koʻnikmalar amaliyotda qanday tadbiq etilayotganligi haqida yetarlicha tushunchaga ega emas. Ular qonunlar amaliyotini oʻzlari ishlab chiqqan hayoliy misollar orqali oʻrganishda davom etishmoqda. Bu esa huquqiy taʼlim sifatiga tasir qilmoqda. Huquq sohasini horijda oʻqib kelgan talabalarning bilim darajasi yuqori ekanligining yana bir sababi ham aynan shunda boʻlsa ajab emas. Xorijda Sud qarorlari shaffofligini taminlash huquqshunoslik fakulteti talabalari nafaqat qonunlar va ularning nazariy asoslarini oʻrganishlari, balki mazkur qonunlar amaliyotda qanday qoʻllanilayotganligi, sud nizolari qanday hal qilinayotganligini oʻrganib oʻquv yurtini mustahkam bilim bilan tamomlashlariga imkoniyat yaratiladi.

Beshinchidan, sud qarorlarini shaffofligini taminlash yurtimiz investitsiya muhitining xalqaro reytinglardagi oʻrnining koʻtarishga hizmat qiladi. Yurtimizga sarmoya kiritayotgan xorijlik investor va unga xizmat qiluvchi advokatlar amaliyotdagi muammolarga sudyalarimiz qanday javob berishayotganligini shu paytgacha hal qilingan sud qarorlari orqali bilishga va ulardan oʻz biznes rejalarini tuzish foydalanishga intilishadi. Bu holat huquqiy barqarorlik (legal stability) ka olib keladi. Hammaga maʼlumki, bir davlatning investitsiya iqlimining jozibadorligi koʻrsatkichlaridan bir ham, nafaqat yaxshi qonunlar borligi, balki, oʻz ishini yaxshi biladigan qobiliyatli mustaqil sudyalardan iborat sudlov tizimining ham mavjudligidir. Bunga qanday amin bulish mumkin, faqat ular qabul qilgan va qilayotgan qarorlar sifatiga qarab. Ular sud qarorlari shaffofligi taminlanmagan davlatga sarmoya kiritishga ikkilanishlari tabiiy hol.

Yuqorida koʻrib oʻtganimizdek, sud qarorlarining tezkor ravishda ochilishi yurtimiz va xalqimiz ravnaqi uchun zarur ekan, nega bu masala hali-hamon oʻz yechimini kutib kelmoqda? Bu muammoni echimi boʻyicha mamlakatimizda chora-tadbir amalga oshirilmoqdami?

Aslida, yurtimizda fuqarolik sudlarida AKTni joriy etish va undan keng foydalanish maqsadida 2013-yili mamlakatimiz Oliy Sudi va BMTning Taraqqiyot dasturi hamkorligida E-Sud elektron sudlov axborot tizimi ishlab chiqilib, joriy etilgan. Shu bilan birga, Milliy elektron sudlov axborot tizimi ham ishlab chiqilgan boʻlib, uning hozirda Oliy Sud rasmiy saytida alohida sahifasi mavjud. Oʻsha sahifada, ʼSud qarorlari bankiʼ mavjud boʻlib, oʻsha tugmachani bossangiz, fuqarolik ishlari sudlari tomonidan qabul qilingan va kuchga kirgan sud qarorlari bilan fuqarolar bemalol tanisha olish imkoniga ega boʻlishlari kerak edi. Biroq, 2013-yildan beri mana besh yil oʻtyaptiki, hali hamon ʼSud qarorlari bankiʼ foydalanishga yaroqli holatga kelmagan. Oliy Sud axborotnomasi va uning saytida bir necha sud qarorlariga sharhlar va plenum qarorlarigina ochilgan xolos. Baʼzan Oliy Sud saytiga kirib ularni oʻqishning ilojisi yoʻq. Websaytga qoʻyilgan fayllarning koʻpchiligi xatto ochilmaydi yoki ʼERRORʼ(xato) chiqaradi. Qonun hujjatlari Respublika milliy bazasida ham ʼSud Amaliyotiʼ nomi ostida chiroyli dokcha mavjud, biroq unda ham juda oz sondagi qarorlar kelib chiqadi va u ham deyarli ishlamaydi.

Shu holat boʻyicha oʻzimning shaxsiy tajribalarimdan biroz boʻlishadigan boʻlsam, chet el mamlakatida yashab qiyosiy huquqshunoslik boʻyicha tadqiqot oʻtkazish paytida Yaponiyalik professorlar bizdan oʻz yurtimizdagi soʻnggi sud amaliyoti va ularga oid akademik bahs-munozaralar haqida fikr soʻrashadi. Shunda holatni qanday tushuntirishni bilmay qolamiz. Sababi, bizda hali hamon huquqning turli sohalarda yuz berayotgan nizolar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlari va ularning statistikasiga oid maʼlumotlarga kirish imkoniyati mavjud emas. Bu esa oʻz navbatida huquqiy tadqiqot olib borish va huquq nazariyasining rivojlanishi uchun juda jiddiy toʻsiq boʻlib qolmoqda.

Respublikamiz Oliy Sudining E-Sud tizimida 5 yildan buyon davom etayotgan holat misolida:

Shu erda, ziyrak oʻquvchimizda 2 ta muhim savol tugʻilishi tabiiy. Birinchisi, shuncha sud qarorlarini qanday qilib elektronlashtirishimiz, vaqt olmaydimi? Avvalambor elektronlashtirish masalasida katta xavotirlarga oʻrin yoʻq. Sudlarimizda allaqachon bunday ichki elektron tizim mavjud va ular chiqarilgan har qanday qarorni tezlik bilan oʻsha tizimga qoʻshib qoʻyishadi. Muammo shundaki, oʻsha ichki elektron tizimdagi qarorlarni xalqimiz oʻqiy olmaydi. Agar viloyatdagi sudlar tomonidan koʻrilgan nizolar tizimlashtirilmagan boʻlsa ham, ular sudya va sud kotibi kompyuterida saqlanadi. Bundan tashqari, Adliya Vazirligidagi Milliy Qonunchilik bazamiz (LexUZ) mana 10 yilga yaqin juda muvaffaqiyatli tarzda har bir yangi qonunchilik hujjatlarini xalqimiz eʼtiboriga havola qilib kelmoqda. Biz Lex.UZ tajribasini sud amaliyoti shaffofligiga erishish uchun ham tadbiq etishimiz mumkin. Tushunish kerak, oldingi ishlarni ochishda yoki ularni elektronlashtirishda turli-tuman muammolar boʻlishi mumkin. Unday boʻlsa, hech boʻlmaganda, bundan keyin chiqadigan sud qarorlari va buyruqlari ochiqqa chiqarilishi va keng omma eʼtiboriga havola qilinishi zarur.

Ikkinchi savol esa shunday: baʼzi bir nozik ishlardagi sud qarorlarning maxfiyligi taminlanishi kerak emasmi? Albatta taʼminlanishi lozim. Xalqaro amaliyotga qaraydigan boʻlsak, davlat xavfsizligi, voyaga etmagan va jinsiy tajovuzga uchrash kabi yakka shaxs yoki bir oila shaʼnini omma oldida himoya qilish uchun avvalambor bunday sud ishlarining yopiq holda oʻtkazilishi koʻp uchraydi. Yurtimizning qonunchiligida ham bunday nozik holatlarga nisbatan, va haqli ravishda, istinoslar mavjud. Agar ushbu ishlarning bosma holatida yoki sudlarning internet bazalarida onlayn tarzda chop etilishi davlat sirining fosh boʻlishiga, shu orqali ommaviy tartibga dahl qilsa, yoki voyaga etmagan shaxs yoinki jinsiy tajovuzga uchragan insonning obroʻsiga putur etkazsa, bunday sud qarorlarini ochmaslikda muammo koʻrmaymiz. Rivojlangan davlatlarda bunday sud ishlari boyicha chiqarilgan qarorlar baʼzan omma etiboriga havola etilmasada, koʻpincha oʻsha sud qarorlarining baʼzi bir qismlari qisqartitriladi yoki u yerdagi shaxslarning nomi umuman koʻrsatilmaydi. Bunday amaliyot ayniqsa halqaro tijorat va investitsiya arbitraji faoliyatida yaqqol namoyon boʻladi. Bunday oʻrta yoʻl tutish orqali rivojlangan davlatlar ham yakka shaxslar haq-huquqlarini himoya qilish bilan birga, keng halq ommasini ham sud amaliyoti bilan tanishtirib ketish uddasidan chiqishadi.Yuqorida holatni ijobiy hal qila olish imkoniyati boʻyicha, oʻylaymizki, bizning ham ulardan hech qanday qolishadigan joyimiz yoʻq.

Umid qilamizki, tegishli davlat organlari, xususan Oliy Sud va Adliya Vazirligi yuqoridagi dolzarb masala boʻyicha amaliy qadamlar tashlagan holda, sud qarorlarining shaffofligini taminlashadi va yurtimizning Butunjahon Adolat Loyihasi indekslaridagi mavqei yuksalib, oʻzining munosib oʻrnini egallaydi. Shunday kunlarni koʻrish barchamizga nasib qilsin.

Alisher Umirdinov – Nagoya Iqtisodiyot Universiteti (Yaponiya), Biznes Huquqi Fakulteti professori, PhD

Maqola UJOLS saytidan olindi.

 

 

Comments are closed.