Savol: Men, akam va bir necha kishi Belarusga ishlagani borgan edik. Bir o’zbek yigit chaqirtirgan edi. Fermada ishladik, keyin bilsam, bizni aldab chaqirgan ekan. Bizni qiynab ishlatdi, 7-8 oylab ishlab qiynalib yurgan yigitlar, ayollar bor. Bitta men u yerdan qochdim, qolganlarga yordam beraman deb va’da berdim. Hozir hujjatsiz Moskvada yuribman, akam va boshqalar o`sha yerda. Oyliksiz, kaltak yeb ishlashyapti. Qanday yo`l tutay, kimga murojaat qilay? Militsiyaga aytgan edik, u ham sotilgan shekilli, hech narsa qilolmayapti. Ular hozir (Belarus Respublikasi Gomel viloyati Lelchitsa tumani Astrajanka qishlog`ida) fermada.
Javob: O‘zbekiston odam savdosiga qarshi kurashishga oid qator xalqaro hujjatlarni, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiyasini, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Konvensiyasini to‘ldiruvchi “Odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqida”gi Protokolni ratifikatsiya qilgan, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida” Qonun qabul qilingan va xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga doir unga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan.
O’zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to’g’risida”gi qonunida bu mavzuga oid asosiy tushunchalarga quyidagicha ta’rif beriladi:
“3-modda. Asosiy tushunchalar
odam savdosiga qarshi kurashish — odam savdosining oldini olish, uni aniqlash, unga chek qo‘yish, uning oqibatlarini minimallashtirish, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat;
odam savdosi — kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka o‘xshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson a’zolari yoki to‘qimalarini ajratib olishni anglatadi;
odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxs — mustaqil ravishda yoki bir guruh shaxslar tarkibida odam savdosi bilan bog‘liq har qanday harakatni sodir etuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs, shuningdek o‘z harakatlari bilan odam savdosiga ko‘maklashadigan, xuddi shuningdek, garchi o‘z mansab vakolatlariga ko‘ra to‘sqinlik qilishi va qarshi kurashishi shart bo‘lsa ham, odam savdosiga to‘sqinlik qilmaydigan yoki qarshi kurashmaydigan mansabdor shaxs”.
Qonun odam savdosiga qarshi kurashish bo’yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari vakolatlarini belgilaydi va unga ko’ra Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Tashqi ishlar vazirligi faoliyati odam savdosi bo’yicha ishlarda quyidagi sohalarni qamrab oladi:
“O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi odam savdosiga qarshi kurashish sohasida:
odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni ochish bo‘yicha tezkor-qidiruv faoliyatini tashkil etadi hamda amalga oshiradi, jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv va dastlabki tergov o‘tkazilishini ta’minlaydi;
odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning statistika hisobini tashkil etadi va amalga oshiradi;
odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, uyushgan guruhlar va jinoiy uyushmalarning faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar hamda boshqa davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, uyushgan guruhlar va jinoiy uyushmalar haqida tegishli davlat hokimiyati hamda boshqaruv organlariga axborot taqdim etadi;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi, ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda aholi o‘rtasida keng miqyosda ogohlantirish-profilaktika ishlarini o‘tkazadi;
O‘zbekiston Respublikasining ikki tomonlama va ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan, ichki ishlar organlari vakolatiga kiradigan tadbirlarni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati odam savdosiga qarshi kurashish sohasida:
xalqaro terrorchilik tashkilotlari va uyushgan jinoiy guruhlarning odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar bilan aloqalarini aniqlaydi;
xalqaro terrorchilik tashkilotlari va uyushgan jinoiy guruhlar tomonidan amalga oshiriladigan odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv hamda dastlabki tergov o‘tkazadi;
odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar va odam savdosidan jabrlanganlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib o‘tishga urinishlarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qo‘yish choralarini ko‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari odam savdosiga qarshi kurashish sohasida:
odam savdosidan jabrlangan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish faoliyatini amalga oshiradi;
odam savdosidan jabrlanganlarni O‘zbekiston Respublikasiga qaytarishga ko‘maklashadi, ularda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmagan taqdirda esa, belgilangan tartibda ularning shaxsini aniqlash choralarini ko‘radi hamda ularga konsullik yig‘imlari va boshqa yig‘imlarni undirmasdan O‘zbekiston Respublikasiga qaytish huquqini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtiradi;
zarur bo‘lgan hollarda chet davlatlarning tegishli vakolatli organlariga O‘zbekiston Respublikasining odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari haqida ma’lumotlar taqdim etadi;
odam savdosidan jabrlanganlarga ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari haqida axborot taqdim etadi”.
O’zbekiston Respublikasi hukumati bilan Belarus Respublikasi hukumati o’rtasida “Jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida hamkorlik to’g’risida” O’zbekiston Prezidentining 2008-yil 19-noyabrdagi PQ-1000-sonli qarori bilan tasdiqlangan bitim mavjud bo’lib, unga ko’ra o’zaro hamkorlik sohalariga quyidagilar kiradi:
“1-modda. Hamkorlik sohalari
1. Tomonlar jinoyatchilikning oldini olish, aniqlash, bartaraf etish va fosh etishda hamkorlik qiladilar, xususan:
shaxsning hayoti, sog‘lig‘i, ozodligi va qadr-qimmatiga, shuningdek, mulkka qarshi jinoyatlar;
terroristik aktlar;
korruptsiya;
narkotik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy ishlab chiqarilishi hamda aylanishi;
qurol-yaroq, shu jumladan, biologik, kimyoviy va radiologik qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar, yadro va radioaktiv ashyolar, shuningdek, zaharlovchi moddalarning noqonuniy aylanishi;
iqtisodiyot, shu jumladan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, shuningdek qalbaki pul belgilari, moliyaviy hujjatlar, qimmatli qog‘ozlar, naqd pulsiz to‘lovlar vositalarini tayyorlash va sotish sohasidagi jinoyatlar;
kontrabanda;
noqonuniy migratsiya, odam o‘g‘irlash, odam savdosi, shuningdek, transplantatsiya uchun odam a’zolari va to‘qimalari savdosi bilan bog‘liq jinoiy faoliyat;
2-modda. Hamkorlik shakllari
Tomonlar hamkorlikni quyidagi asosiy shakllarda amalga oshiradilar:
transmilliy jinoyatchilikning har qanday shakllari, xususan, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotik moddalar, psixotrop moddalar, prekursorlar, qurol-yaroqlar, o‘q-dorilar va portlovchi moddalar, radioaktiv materiallarning noqonuniy ishlab chiqarilishi hamda aylanishi, migratsiya bilan bog‘liq jinoiy faoliyatning oldini olish va bartaraf etish maqsadida axborot almashinish, shu jumladan, transmilliy jinoyatchilikka jalb etilgan shaxslar va jinoiy tashkilotlar haqidagi axborot bilan almashinish;
jinoiy tashkilotlarga qarshi muvofiqlashtirilgan harakatlarni rejalashtirish va amalga oshirish;
jinoiy ta’qibdan yashirinib yurgan yoki jinoiy jazodan bo‘yin tovlagan shaxslar, shuningdek, bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish;”.
Bitimning 13-moddasiga binoan sud tomonidan odam savdosida aybdor deb topilgan shaxslar odam savdosidan jabrlanganlarning ta’minoti va ularni reabilitatsiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini to‘liq hajmda qoplaydi.
Siz va siz bilan birga Belarus Respublikasiga ishlashga borgan shaxslar odam savdosi jinoyatining qurboni bo’lishgan. Siz quyidagi idoralarga o’z holatingizni tasvirlab, yordam so’rab murojaat qilishingiz mumkin:
- O’zbekiston Respublikasining chet ellardagi elchixonalari va konsullik idoralari chet ellardagi O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlarini himoya qiladi. Fuqarolarning huquqlari va erkinliklari poymol etilganda ularga huquqiy va boshqa sohalarda yomdam ko’rsatadi. Ayni paytda siz Rossiya Federatsiyasida ekansiz, Rossiya Federatsiyasidagi O’zbekiston Respublikasi elchixonasiga o’z holatingizni bayon qilgan holda murojaat qilishingiz lozim. Siz Rossiya Federatsiyasida hujjatlarsiz noqonuniy tarzda hozir bo’lganingizdan tashvish chekmasdan elchixonaga murojaat qilishingiz mumkin. Chunki siz ayni holatda jinoyat qurbonisiz va bunday hollarda elchixona va konsullik idoralari sizning O’zbekiston Respbulikasiga qaytib kelish uchun barcha hujjatlaringizni tegishli ravishda rasmiylashtirishga yordam beradi.O’zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi manzili: Moskva shahri, Pogorelov 12, 109017Telefonlar:7-499-230-00-78, 7-499-230-00-76, 7-495-238-8918
- O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga mazkur jinoyat to’g’risida darhol xabar qilish lozim. Ayni damda siz O’zbekiston Respublikasidan tashqarida ekanligingiz va mazkur jinoyat transmilliy jinoyat ekanligi bois to’g’ridan-to’g’ri vazirlikning o’ziga murojaat qilish tavsiya qilinadi. O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga quyidagi aloqa vositalari orqali murojaat qilishingiz mumkin: Telefon orqali bog’lanishingiz mumkin: (+99871) 233-22-33 (ishonch telefoni) boshqa telefon raqamlari quyidagi manzilda keltirilgan: http://mvd.uz/page/29Ichki ishlar vazirligi rasmiy sayti orqali ham xabar jo’natishingiz mumkin: http://mvd.uz/contact
- O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga mazkur holat bo’yicha xabar qilishingiz mumkin. Telefon: (+99871) 233-64-75Fax: (+99871) 239-15-17E-mail:info@tiv.uz, vebsayt: www.mfa.uz
- O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligiga murojaat qilishingiz mumkin.Telefon:(+99871) 252-33-79, 252-13-61
Email: info@migration.uz
Vebsayt orqali odam savdosiga oid ishlar bo’yicha murojaat qilish: http://migration.uz/ru/feedback.html . Chet elga ishlash uchun chiqishni istovchi fuqarolar Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan bog’lanib, hujjatlarini ular orqali rasmiylashtirishlarini tavsiya qilamiz. Chunki bu agentlik chet elga ishlash uchun boruvchi O’zbekiston Rerspublikasi fuqarolarining huquqlarini himoya qiladi va ularning odam savdosi va boshqa jinoyatlar qurboni bo’lib qolmasliklarini ta’minlaydi. Ayni paytda, agentlik chet elda qonuniy ishlash imkoniyatlarini taklif etadi. Bu haqda agentlik saytidan batafsil ma’lumot olish mumkin: http://migration.uz
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 8-iyuldagi PQ-911-son qarori bilan tashkil etilgan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzurida Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazi tashkil etilgan bo’lib, reabilitatsiya markazining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
odam savdosi jabrdiydalarini qulay yashash va shaxsiy gigiena shart-sharoitlari, shuningdek oziq-ovqat, dorivor vositalar va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash;
odam savdosi jabrdiydalariga kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy, psixologik, ijtimoiy, yuridik va boshqa yordam ko‘rsatish;
odam savdosi jabrdiydalari xavfsizligini ta’minlash;
odam savdosi jabrdiydalarining qarindoshlari bilan muloqot o‘rnatishida ko‘maklashish;
odam savdosi jabrdiydalariga, ularning qarindoshlariga va vasiylariga odam savdosi jabrdiydalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risida axborot berish;
odam savdosi jabrdiydalarini ijtimoiy reabilitatsiya qilishda ko‘maklashish.
Shuni ta’kidlash kerakki, yuqorida aytilgan organlarga mazkur holat bo’yicha murojaat qilayotganda barcha tafsilotlarni batafsil tushuntirish lozim. O’zingizning noqonuniy ravishda hujjatsiz xorijda hozirligingizni yashirmagan holda xabar berish kerak. Jinoyat qurboni bo’lgan va xorijda hujjatsiz noqoqnuniy yurgan fuqarolarni himoya qilish va ularning hujjatlarini rasmiylashtirgan holda vatanga qaytishlarini ta’minlash O’zbekiston Respublikasining xorijdagi elchixonalari va konsullik idoralari vazifasi hisoblanadi. Yuqoridagi organlarga tegishli ravishda xabar berilgach, O’zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o’rtasidagi bitimga muvofiq akangiz va siz bilan Belarusga birga borib, odam savdosi jinoyati qurboniga aylangan boshqa fuqarolarning O’zbekistonga qaytishlari hamda mazkur holat bo’yicha aybdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari ochilishi chora-tadbirlari ko’riladi.
8 Comments