2010-yil 2-noyabrda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti PQ-1426-sonli “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” Qaror qabul qildi.
Mazkur qaror “Barkamol avlod yili” Davlat dasturiga muvofiq hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2010-yilning 10-noyabridan boshlab respublikaning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning yangilangan tizimi joriy etilib, unda:
aspirantura o‘rniga — ta’lim muddati 3 yildan iborat bo‘lgan stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar institutini;
doktorantura o‘rniga — tadqiqot sohasiga qarab ta’lim muddati 2-3 yildan iborat bo‘lgan katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutini tashkil qilish nazarda tutiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tuzilmasini ushbu qarorga muvofiqlashtirishi, jumladan ta’lim olayotgan aspirantlar va doktorantlarni stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar hamda katta ilmiy xodim-izlanuvchilar lavozimlariga o‘tkazishi Qarorda belgilangan.
Shuningdek, Qarorda 2011-yilning 1-yanvaridan boshlab oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalarining stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilari uchun stajyor-tadqiqotchining lavozim okladi bazaviy miqdoriga tenglashtirilgan, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar uchun esa — fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan katta ilmiy xodimlarning okladiga tenglashtirilgan miqdorlarda lavozim okladlari belgilanishi nazarda tutilgan.
***
2010-yil 10-noyabrda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti PQ-1432-sonli “Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo’yicha byudjetdan tashqari jamg’armani tashkil etish to’g’risida” Qaror qabul qildi.
Qarorda mazkur jamg’arma ta’lim muassasalarining barpo etilgan moddiy-texnika bazasidan samarali foydalanish va muttasil yangilab borishni ta’minlash, ularni tizimli asosda eng zamonaviy kompьyuter texnikasi, o‘quv-laboratoriya uskunalari, mebel va asbob-anjomlar bilan qayta jihozlashni, shuningdek ilg‘or ta’lim texnologiyalari va axborot-kommunikatsiya tizimlarini o‘quv jarayoniga keng tatbiq etish maqsadida tashkil etilishi ta’kidlanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2011-yil 1-yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Maktab ta’limi jamg‘armasini tugatib, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim muassasalarini rekonstruktsiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha byudjetdan tashqari jamg‘armani tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinishi buyuriladi.
Qarorga ko’ra, ta’lim muassasalarini rekonstruktsiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha byudjetdan tashqari jamg‘armaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
Jamg‘armaga kelib tushayotgan mablag‘larni keyinchalik ulardan ta’lim muassasalari — umumta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini jihozlash (to‘liq jihozlash) maqsadida foydalanish uchun jamlash;
ta’lim muassasalarini rekonstruktsiya qilish va mukammal ta’mirlash, shu jumladan, zarur hollarda o‘quv korpuslarini o‘quv ustaxonalari va laboratoriyalar bilan kengaytirish, sport zallari va maydonchalarini hamda boshqa infratuzilma ob’ektlarini barpo etish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish;
zamonaviy talablarni hisobga olgan holda, tasdiqlangan normativlardan kelib chiqib, ta’lim muassasalarini eng yangi o‘quv-laboratoriya va ishlab chiqarish uskunalari, kompyuter texnikasi hamda axborot-kommunikatsiya ta’lim texnologiyalarining boshqa elementlari bilan, shuningdek o‘quv mebeli va asbob-anjomlari bilan tizimli qayta jihozlash hamda to‘liq jihozlashni moliyalashtirish.
***
2010-yil 15-noyabrda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti PF-4253-sonli “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirish to’g’risida” Farmon qabul qildi.
Farmonga ko’ra, 2010-yilning 1-dekabridan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar hamda ijtimoiy nafaqalar, stipendiyalar miqdori o‘rta hisobda 1,1 baravar oshirildi.
Shuningdek, 2010-yilning 1-dekabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam:
ish haqi — oyiga 49 735 so‘m;
yoshga doir pensiyalar — oyiga 97 285 so‘m;
yagona tarif setkasi bo‘yicha boshlang‘ich (nulinchi) razryad — oyiga 49 735 so‘m;
bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 97 285 so‘m;
zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 59 690 so‘m miqdorida belgilandi.