Paxta terimi paytida terimchilarga aziyat yetkazuvchi noxush voqea yuz bergan holatda, jabrlanuvchi yoki uning oila a’zolari ko’rishlari kerak bo’lgan choralar bo’yicha tavsiyalar:
– Noxush voqea va uni keltirib chiqargan sabablar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni qurish lozim. Masalan, o‘quvchini paxta dalasi oldida mashina urib ketsa, javobgarlikka nafaqat haydovchi, balki maktab direktori ham tortilishi mumkin. Zero o‘quvchi o‘quv jarayoni davomida paxta dalasida emas, balki maktabda ta’lim olish bilan mashg‘ul bo‘lganda, noxush voqea sodir bo‘lmagan bo‘lardi. Shu yo‘sinda, o‘quvchilarni paxta dalasiga olib chiqishda mahalliy hokimiyat va huquq-tartibot organlari ham qatnashgan bo‘lsa, ular ham javobgarlikka tortilishi mumkin. Yoki paxta terimi davomida tibbiyot xodimiga betob bo‘layotganidan shikoyat qilgan o‘quvchini nazoratdan o‘tkazib, tegishli davolash choralarini ko‘rmasdan, aksincha, o‘quvchini paxta terishda davom etishga buyurgan tibbiyot xodimi ham ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
– Noxush voqeaga tegishli barcha ma’lumotlar rasmiylashtirilishiga, tegishli hujjatlarga kiritilishiga e’tibor bermoq lozim. Masalan, noxush voqea natijasida biror kishi vafot etgan bo‘lsa, bunga nima sabab bo‘lganligi, voqea soati, shart-sharoitlari va hokazolar huquq-tartibot organi xodimi tuzadigan dalolatnomaga aniq kiritilishini nazorat qilish kerak.
– Jabrlanuvchiga tan jarohati yetkazilganda, jabrlanuvchi yoki uning oilasi zudlik bilan doktorga murojaat qilib, jarohatning sababi, noxush hodisaning sodir bo‘lgan vaqti, jarohatning og‘irligi kabi holatlarning barcha tafsilotlari bilan qayd etilishini nazorat qilishlari kerak. Bunday hujjat, odatda, doktor ko‘rigidan keyin tuziladi.
– Noxush voqeaga tegishli hujjatlarning nusxasini jabrlanuvchi taraf, albatta, yig‘ib borishi kerak.
– O‘qituvchi, ta’lim muassasasi xodimi, hokimiyatda ishlaydigan mansabdor shaxs yoki huquq-tartibot organi xodimi hodisa tafsilotlarini, xususan, noxush voqea sodir bo‘lgan vaqt, joy, shart-sharoitlar kabi ma’lumotlarni o‘zgartirishga harakat qilishi mumkin. Bunday bo‘lishiga aslo yo‘l qo‘ymaslik kerak. Masalan, maktab ma’muriyati faqat maktab hududida sodir etilgan hodisa yoki maktab tomonidan uyushtirilgan tadbir davomida sodir bo‘lgan noxush voqea uchun javobgarlikka tortilishi mumkin. Shuning uchun maktab vaqtida o‘quvchilar qayerda bo‘lgani, nima ish bilan mashg‘ul ekani kabi masalalarga e’tiborni qaratish lozim.