Maqolalar

Kanadaga kelishning yanada osonroq yo’li: Nova Skosha yangi Immigratsiya dasturini e’lon qildi

Yangi hayotni Yangi Shotlandiyada boshlashga nima deysiz? Nova Scotia (o’qilishi “Nova Skosha”, yoki “Yangi Shotlandiya”) Kanada viloyatlaridan biri hisoblanadi. Kanada federal davlat bo’lganligi bois, bu viloyat o’zi mustaqil ravishda butun dunyodan insonlarni Nova Skoshaga doimiy ravishda yashashga taklif qilishi mumkin.

Yaqinda, 6-mart kuni Nova Skosha o’zining “Nova Scotia Nominee Program” immigratsiya dasturini yanada osonlashtirganini ma’lum qildi. Bu programmaning tarkibida alohida bir yo’nalish mavjud bo’lib (Regional Labour Market Demand Stream), bu yo’nalish aynan Nova Skoshaga kerakli kasb egalarini jalb qilishga qaratilgan. Bu immigratsiya yo’nalishidan bizning vatandoshlarimiz, o’zbekistonliklar va umuman, Tashabbus.uz o’quvchilari ham foydalanishi mumkinligini hisobga olib, ushbu dastur haqida ma’lumot beruvchi quyidagi maqolani e’tiboringizga taqdim etishni maqsad qildik.

Nova Skosha o’zi qayerda?

Bu viloyat Kanadaning “sharqiy darvozasi” hisoblanib, Kanadaning shimoli-sharqiy qismida joylashgan. Bu viloyat o’zining juda chiroyli tabiati, lazzatli dengiz taomlari, qadimiy tarixi va hayot darajasining yuqoriligi bilan mashhur. Viloyatning aholisi 1 millionga yaqin bo’lib, poytaxti Halifaks (“Halifax”) shahridir. Kanada viloyatlari ichida hududining kichikligi bo’yicha 2-o’rinda turgan bu dengiz viloyatining iqtisodi, asosan, dengiz mahsulotlari, turizm, baliqchilik, kemasozlik, qishloq xo’jaligi, informatsion texnologiyalar, ishlab chiqarish va boshqa sohalardan iborat. Nova Skosha yirik kompaniyalarni o’ziga jalb etish, tadbirkorlik va eksportni kuchaytirish uchun tadbirkorlarga juda ko’p imtiyozlar yaratgan. O’zi kichik bir viloyat bo’lishiga qaramay, Nova Skosha archa daraxtlari, omar (inglizchasi “lobster”), gips va mayda mevalar (yagoda) eksporti bo’yicha dunyoda birinchi o’rinni egallaydi. Nova Skosha haqida ko’proq ma’lumotni viloyat hukumati veb-sahifasidan yoki Nova Skosha Turizm Vazirligi veb-sahifasidan olishingiz mumkin. Yoki bu viloyatning joylashuvi va jo’g’rofiyasi haqida bilmoqchi bo’lsangiz, Google Maps orqali ko’rishingiz ham mumkin.

Nova Skoshaga immigratsiya qilish uchun nimalar kerak?

Immigratsiya talablarining qisqacha ro’yxatini quyida keltiramiz. Lekin batafsil ma’lumot olish uchun mana bu hujjatga murojaat eting: Nova Skosha immigratsiya dasturiga hujjat topshirish tartibi (Ingliz tilida).

  1. Immigratsiya uchun hujjatlarni Nova Skosha davlati sizdan qabul qilib olgan paytda yoshigniz 21 va 55 yosh orasida bo’lishi kerak;
  2. Ingliz tilidan, ya’ni International English Language Testing System (IELTS) imtihonidan minimum 5 ball yoki fransuz tilining Test d’évaluation de français (TEF) testidan yaxshi ball olgan bo’lishingiz kerak. Bu ballarni olish qiyin emas; chunki ular o’rtacha ball hisoblanadi;
  3. Siz ishlamoqchi bo’lgan kasb Nova Skosha davlati tomonidan tayyorlangan kasblar ro’yxatida bo’lishi kerak;
  4. Sizda fuqarolik pasporti yoki biror bir davlatda qonuniy ravishda yashab turish huquqini beradigan bir hujjat bo’lishi kerak;
  5. Sizda kerakli bo’lgan va Nova Skosha davlati tomonidan talab etilgan miqdorda mablag’ bo’lishi kerak. Bu pul miqdori oiladagi kishi soniga qarab belgilangan va siz bu mablag’ bor ekanligini isbotlovchi bankdan hujjat olishingiz kerak. Qancha pul kerakligi haqida mana bu yerdan ma’lumot olsangiz bo’ladi. Bu pulni siz Nova Skosha davlatiga bermaysiz. O’zingizda turadi. Ahamiyat bering, bu miqdorlar boshqa bir immigratisiya programmasi, “Federal Skilled Workers” dasturida talab etilgan miqdorlar bilan bir xil.
  6. 12 yillik o’rta maktab yoki o’rta-maxsus o’quv yurtida (maktab, akademik litsey va hokazo) o’qigan bo’lishingiz va maktabdan keyin biron bir bilim yurtini tugatib diplom (yoki sertifikat yoki akademik unvon) olgan bo’lishingiz kerak. Maktabdan keyingi o’quv programmasi yoki amaliy programma kamida bir yil uzunligida bo’lishi kerak.
  7. Oxirgi 5 yil mobaynida kamida 2 yillik ish tajribasiga ega bo’lishingiz kerak. Bu ish tajribasi Nova Skoshada siz ishlamoqchi bo’lgan sohada bo’lishi kerak.
  8. Nova Skoshaga kelib iqtisodiy tomondan o’zingizni ushbu viloyatga bog’lab, doimiy ravishda bu viloyatda yashashingizni ko’rsata olishingiz kerak.
  9. Immigratsiya jarayonida topshiriladigan hujjatlar qatorida “Employment and Settlement Plan” (Ish va joylashish rejasi) ni ham to’ldirishingiz kerak. Bu rejada siz Nova Skosha jamiyatiga iqtisodiy, ish bozori va ijtimoiy tomondan qanday hissa qo’sha olishingizni tushuntirishingiz lozim. Bu reja, albatta, ingliz yoki fransuz tilida to’ldirilishi kerak. U muhim hujjatlardan biridir. Chunki unda sizni qay darajada Nova Skoshaga joylasha olishingiz haqida ma’lumot beriladi. Bu esa o’z navbatida Nova Skosha viloyati sizni tanlab olish yoki olmaslik haqida chiqaradigan qarorga ta’sir ko’rsatadi.
  10. Hujjatlaringiz ko’rib chiqilgach, sizni intervyuga chaqirishlari mumkin. Bu intervyu bo’lishi yoki bo’lmasligi haqida qarorni Nova Skoshaning immigratsiya bo’yicha vazirligi qabul qiladi. Bu intervyu haqida sizga oldindan xabar beriladi.

Muhim eslatma: Nova Skosha viloyati 2014-yil barcha hujjat topshirgan insonlar ichidan eng mos 150 ta insonni tanlab oladi va ularning nomzodlarini Kanada federal hukumatiga tavsiya etadi. Yuqorida ko’rsatilgan barcha talablarga javob bergan, ammo 150 ta insonlar orasiga kiritilmagan nomzodlarga esa Nova Skosha kelasi yillar uchun navbatga turish imkonini beradi. Bu haqda ularga xabar beriladi va ular xohlasalar, navbatda turib kelajak yillar uchun o’z nomzodlarini taklif etishlari mumkin.

Nova Skosha immigratsiya dasturining bosqichlari

Birinchi bosqich – bu Nova Skosha viloyati immigratsiya vazirligiga kerakli hujjatlarni topshirish. Bu bosqichda Nova Skosha hujjat topshiruvchilardan hech qanday to’lov puli olmaydi. Ahamiyat bering, boshqa viloyatlar bu bosqich uchun ham to’lov puli olishadi. Bu bosqichda Nova Skosha butun hujjatlaringizni qarab chiqqandan keyin, sizni bu viloyatga taklif etish yoki etmaslik haqida qaror qabul qiladi. Ko’pincha, bu qarorni Nova Skosha hujjatlar topshirilgandan keyin 1 oy ichida qabul qiladi. Ba’zan hujjat topshirganlar soniga qarab, bu muddat biroz cho’zilishi mumkin.

Bu bosqich natijasi 2 xil bo’lishi mumkin:

  1. Immigratsiya qilishga nomzodingizning tavsiya qilinishi. Agar Nova Skosha sizning bu viloyatga kelib joylashishingizni xohlasa, Kanada Immigratsiya Departamentiga nomzodingizni tavsiya etib, sizga Nomzod tavsiya maktubini jo’natadi va Immigratsiya Departamentiga bu haqda habar beradi. Bu maktub 6 oylik muddatga beriladi. Bu muddat ichida siz kerakli hujjatlarni tayyorlab, Kanada Immigratsiya Departamentiga o’sha maktubning originalini ham qo’shib jo’natishingiz kerak.
  2. Rad javobini berishi. Bu esa sizning nomzodingiz Nova Skosha tomonidan qabul qilinmaganini anglatadi. Hujjatlaringizni ko’rib chiqqandan keyin Nova Skosha sizga rad javobi bermoqchi bo’lganligi haqida xabar jo’natadi va sizga 30 kun ichida Nova Skoshani ishontirishingiz uchun qo’shimcha hujjatlar topshirishingiz uchun imkon beradi. Shu 30 kundan keyin yoki qo’shimcha hujjatlar yetib kelgandan keyin Nova Skosha yana bir bor sizning nomzodingiz haqida o’ylab koradi va oxirgi qarorini beradi. Buning natijasida ijobiy yoki salbiy bo’lgan so’nggi qaror qabul qilinadi. Shuning uchun hujjatlarni kamchiliksiz va sifatli darajada tayyorlash va ularni vaqtida topshirish juda muhimdir. Tasavvur qiling, hozirgi kunda butun dunyodan Nova Skoshaga kelaman degan insonlar soni minglab bo’lishi mumkin va har birini Nova Skosha sinchiklab ko’radi va o’ziga keraklisini tanlab oladi.

“Sobirovs LLP” yuridik firmasi bu ishda sizga yordam beradi

Sobirovs LLP yuridik firmasi 2011-yilda Kanadaning Toronto shahrida tashkil etilgan bo’lib, huquqning turli sohalarida, xususan, tadbirkorlik huquqi (business law), immigratsiya huquqi (immigration law), mehnat huquqi (labour & employment law), xo’jalik huquqi (commercial law), fuqarolik huquqi va protsessi (civil litigation), ko’chmas mulk huquqi (real estate law) sohalarida xizmat ko’rsatadi va kerakli notarius xizmatlarini ham taqdim etadi. Sobirovs LLP yaqinda o’zining ismini “Sobirovs Law”dan “Sobirovs LLP”ga o’zgartirib, Kanada aholisiga va boshqa davlatlardagi mijozlarga xizmat ko’rsatishni davom ettirmoqda.

Huquqiy firmamiz yuqoridagi dastur asosida Nova Skoshaga doimiy ko’chib kelib yashashni istovchilarga hujjatlarni tayyorlash va topshirish bo’yicha yuridik xizmat ko’rsatadi. Biz yuqorida ko’rsatilgan ikki bosqichda ham sizga yuridik xizmat ko’rsatishimiz mumkin. Ko’rsatadigan xizmatlarimiz va Nova Skosha dasturi haqida barcha foydali ma’lumotlarni to’plab bir axborotnoma tayyorladik. Ingliz tilida yozilgan bu ma’lumotnomani quyidagi manzilgan ko’chirib olib, tanishib chiqishingiz mumkin:

Bulletin about Nova Scotia Nominee Program

Rakhmad Sobirov, JD, LLM, LLB

Barrister & Solicitor, Notary Public

________________________________________

Rakhmad Sobirov O’zbekistonda Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetining Xalqaro huquq fakultetini 2003-yilda bitirib, Vengriyaning Budapesht shahridagi Markaziy Yevropa Universitetida (Central European University) Qiyosiy konstitutsiyaviy huquq yo’nalishi bo’yicha (LL.M. in Comparative Constitutional Law) magistraturani bitirgan. Bir necha xalqaro tashkilotlarda, xususan, EXHT Kotibiyatida (Vena, Avstriya) va Xalqaro Jinoiy Sudda (Gaaga, Gollandiya) amaliy tajriba orttirib, Kanadaning Ottava Universitetining huquq fakultetini 2011-yilda tugatgan (Juris Doctor in Common Law).

Hozirgi kunda Kanadaning Toronto shahrida Sobirovs Law (www.sobirovs.com) yuridik firmasini tashkil etib, yurist va notarius faoliyatini olib bormoqda. Ayni paytda Bombardier Aerospace samolyotsozlik korporatsiyasida shartnomalar va muzokaralar olib borish bo’yicha mutaxassis bo’lib ishlaydi.  Tashabbus.uz saytida Rakhmad Sobirov tomonidan bildirilgan fikrlar Bombardier Aerospacega tegishli deb hisoblanmasligi kerak.

4 Comments