Mehnat va jtimoiy ta'minot

Noto’g’ri hisoblangan nogironlik nafaqasi uchun kim javob beradi?

Savolingiz: Menga 2-guruh nogironlik nafaqasini ko’paytirib yozilgani sababli hozir katta miqdorda qarz chiqibti. Nafaqani hisoblashdagi xatolar uchun kim javob beradi? Nima uchun hisobchi nafaqa miqdorini hisoblab chiqishda qilgan xatolari uchun men javob berishim kerak?

Javob:O’zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi Qonunining 15-moddasiga ko’ra, nogironlik pensiyalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda I va II-guruh nogironlari deb topilgan shaxslarga tayinlanadi.

Mazkur qonunning 65-moddasi pensiyalardan chegirmalar haqida. Unga ko’ra, pensiyalardan chegirmalar faqat ikki holatdagina mumkin:

[1] Sudning hal qiluv qarorlari, ajrimlari, hukmlari va notarial idoralarning ijro varaqalari asosida;

[2] O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi tuman (shahar) bo’limining qaroriga binoan. Bunday qaror pensionerga uning tomonidan qilingan suiiste’molliklar oqibatida. “Suiiste’molliklar” deb qasddan noto’g’ri hujjatlarni taqdim etish va boquvchisini yo’qotganlik pensiyasi tayinlangan oila a’zolari tarkibidagi o’zgarishlar haqida ma’lumotlar taqdim etmaslik kabi holatlar topilishi mumkin. Shu bilan birga, Pensiya jamg’armasi tuman (shahar) bo’limi pensiyalardan chegirmalar haqida qarorni hisoblashdagi yoki boshqa texnik xato oqibatida pensiya miqdoridan ortiqcha pullar to’langan taqdirda qabul qilishi mumkin.

Birinchi navbatda pensiyadan chegirmalar nima asosda amalga oshirilayotganini so’rab o’rganishingiz kerak. Pensiyalardan chegirmalar faqatgina yuqorda nazarda tutilgan ikki holatda davlat organi tomonidan qabul qilingan qaror asosida amalga oshirilishi kerak. Sizga qaror nomi va/yoki mazmuni haqida ma’lumot berishganidan keyin, qarorda pensiyalardan chegirmalar nima sababdan amalga oshirilishini sinchkovlik bilan o’rganib chiqing. Agar pensiyadan chegirmalar siz tomondan qilingan suiiste’molliklar sababli amalga oshirilayotgan bo’lsa, sizga suiiste’molliklar nimadan iborat ekanligini tushuntirib berishlari kerak. Yani Pensiya Jamg’armasi siz pensiya olish uchun taqdim etgan hujjatlarning qaysilar noto’g’ri ekanligini ko’rsatib berishi kerak. “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 202-xatboshiga ko’ra, suiiste’molliklar deb ataylab noto’g’ri ma’lumotlar bilan hujjatlar taqdim etish, tegishli hujjatlarni soxtalashtirish va/yoki qalbakilashga aytiladi. Demak, Pensiya Jamg’armasi pensiyadan chegirmalar siz tomondan qilingan suiiste’molliklar sababli deb aytsa, siz ataylab noto’g’ri ma’lumotlar bilan hujjatlar taqdim etganingizni isbotlab berishi kerak.

Pensiyadan chegirmalarning (ushlab qolishning) ikkinchi sababi bu “hisoblashdagi yoki boshqa texnik xato oqibatida pensiya miqdoridan ortiqcha pullar to’langanda.Agar pensiyadan chegirmalar sababi hisoblashdagi yoki boshqa texnik xato sababli deb aytilsa, unda sizga xatoning mazmunini tushuntirib berishlari kerak.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 1030-moddasida “Qaytarib berilmaydigan asossiz orttirilgan boylik”lar haqida gap ketadi. Mazkur moddaga ko’ra, “ish haqi va unga tenglashtirilgan to’lovlar, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar […], [fuqaro] tomonidan vijdonsizlik qilinmaganda va hisob-kitobda xatolar bo’lmaganda” asossiz orttirlgan boylik sifatida qaytarib berilmaydi.

Fuqarolik Kodeksining 1030-moddasidagi “vijdonsizlik qilinmaganda” yuqorida so’z yuritilgan “suiiste’molliklar” tushunchasi kabi, o’z ichiga ataylab noto’g’ri ma’lumotlar bilan hujjatlar taqdim etish, tagishli hujjatlarni soxtalashtirish va/yoki qalbakilashtirish kabi xatti-harakatlarni qamrab oladi.

1030-moddada nazarda tutilgan “hisob-kitobda xatolar”ni sharhlash ancha mushkul vazifa. Amaldagi qonunchilikda hisob-kitobda xatolar nima ekanligi haqida hech narsa topilmadi. Rossiya qonunchiligida ham hisob-kitobda xatolar (“счетная ошибка,” ст.1109 Гражданского кодекса Российской Федерации) tushunchasiga sharh berilmagan bo’lsada, huquqshunos va buxgalderlar orasida “hisob-kitobda xatolar” tushunchasi ostida tasodifiy arifmetik xatolar, hisoblash mashinasiga ehtiyotsizlik natijasida kiritilgan noto’g’ri ma’lumot sababli kelib chiqqan xatolar tushuniladi. Ammo “hisob-kitob xatolar”iga buxgalterning amaldagi qonunchilikni noto’g’ri qo’llashi kirmaydi. Boshqacha qilib aytganda, masalan, agar amaldagi qonunchilikka ko’ra 2-guruh nogironlariga 10% koefitsent bilan pensiya hisoblanishi kerak bo’lsayu, buxgalter 12% koefitsent bilan hisoblagan bo’lsa, bu buxgalterning amaldagi qonunchilikni noto’g’ri qo’llashidan kelib chiqqan xato hisoblanib, “hisob-kitob xatolari” deb hisoblanmaydi. Shuning uchun, pensiyaningizdan nima sababdan ma’lum miqdorda pul ushlab qolinayotganini so’raganingizda, sizga “hisob-kitob xatolari” sababli deb javob berishda, albatta ular qanday xatolarni nazarda tutayotganini so’rab oling. Shunda ularning javobiga qarab sizning pensiyadan ushlab qolinayotgan pul miqdori qanchalik qonuniyligi haqida fikrga ega bo’lasiz.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi Qonunning 65-moddasiga ko’ra, har oylik chegirmalar miqdori pensiyaning 50 foizidan oshishi mumkin emas.

Nizomning 203-xatboshiga ko’ra, pensiyalar tayinlash va to’lashni nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi va O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur ikki davlat organidan tegishli yordam ololmasangiz, sudga murojaat qilishingiz mumkin.

Comments are closed.