Mehnat va jtimoiy ta'minot

Nogiron tibbiy ko’riklarga har doim borishi shartmi?

Savol: O’n yildan oshdiki 2-guruh nogironiman. Bunga qattiq jarohatlanish sabab bo’lgan. Har yili nogironlik nafaqasini olish uchun poliklinikadagi analizlar, tekshiruvlar, VTEK, so’ng SABEZlarga o’tib, ancha holdan toyaman, shu bilan anchagina chiqimdor bo’lamiz.

Yaqinda bir doktor “Qonunga ko’ra 5 yildan ortiq nogironlikda bo’lgan odam nogironligini doimiylikka o’tkazishga haqli” dedi. Shu to’g’rimi? Nogironlik nafaqasini doimiylikka o’tkazish mumkinmi?

Nafaqa (Pensiya)lar haqidagi qonunlar bilan batafsil tanishtirsangiz.

Javob: O’zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi qonunining 47-moddasi b-bandiga muvofiq, nogironlik pensiyasi agar nogironlik belgilangan kundan boshlab uch oy ichida pensiya so‘rab murojaat etilgan bo‘lsa, TMEK nogironlikni belgilagan kundan e‘tiboran tayinlanadi. Ushbu pensiya butun nogironlik davri uchun tayinlanadi. 60 yoshdan oshgan erkak va 55 yoshdan oshgan ayol nogironlarga — nogironlik pensiyalari umrbod tayinlanadi. Ana shu nogironlarni qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish faqat ularning arizasiga binoan amalga oshiriladi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 8-avgustdagi 175-son “Tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati boshqarishtuzilmasini va faoliyatini tashkil etishni takomilllashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori bilan tasdiqlangan 3-ilova “Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarida fuqarolarni tibbiy tekshirishdan o’tkazish va nogironlikni belgilash tartibi to’g’risida”gi nizomning 30-bandiga ko’ra, oranizm organlari va tizimlari nobarqaror, tiklanadigan morfologik o‘zgarganda va funktsiyalari buzilganda davolash samaradorligi va reabilitatsiya tadbirlarini o‘tkazish, sog‘liqning holati va ijtimoiy moslashish darajasini kuzatish maqsadida bir yoki ikki yilda bir marta nogironlar qayta tibbiy tekshirishdan o‘tkaziladi.

Nogironlik navbatdagi qayta tibbiy tekshirish tayinlangan oyning birinchi kunigacha belgilanadi.

Qayta tibbiy tekshirishni belgilangan muddatlardan oldin o‘tkazish salomatlik va mehnatga layoqat darajasi o‘zgargan yoki TMEK qarorining asoslanmaganligi hollari aniqlangan taqdirda yoki, agar TMEK qarori qalbaki hujjatlar asosida chiqarilgan hollarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Muddatsiz nogiron deb hisoblangan shaxslar ham ko‘rsatib o‘tilgan muddatlarda qayta tibbiy tekshirishdan o‘tkazilishi mumkin.

Ushbu nizomnign 31-bandi ikkinchi qismiga muvofiq esa, organizm organlari va tizimlari funktsiyalari barqaror, qaytarib bo‘lmas morfologik o‘zgarishlar va buzilishlarga uchraganda, amalga oshirilgan reabilitatsiya chora-tadbirlarining samarasizligi oqibatida kasallikning kechishi va tiklanish, ijtimoiy moslashish mumkin bo‘lmaganda nogironlik belgilangan tartibda tasdiqlangan kasalliklar va anatomik nuqsonlar ro‘yxatiga muvofiq qayta tekshirishdan o‘tkazish muddati ko‘rsatilmasdan belgilanadi.

Chernobil AESidagi avariyani tugatish oqibatlari munosabati bilan nogiron deb e‘tirof etilgan shaxslarga I-II guruhlar nogironligi muddatsiz belgilanadi, III guruh nogironlikda qayta tekshirishdan o‘tkazish muddati 5 yil. Nogironlikning sababi ko‘rsatiladi: “CHAESdagi avariya tufayli kelib chiqqan”.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 8-avgustdagi 175-son qarori bilan tasdiqlangan 6-ilova “Tibbiy tekshirishdan qayta o’tkazish muddati ko’rsatilmasdan nogironlik guruhi belgilanadigan kasalliklar ro’yxati”ga ko’ra, quyidagi kasallik bilan nogiron deb topilganlarning nogironlik guruhi muddatsiz belgilanadi:

1. 60 yoshdan katta nogiron erkaklarga va 55 yoshdan katta  nogiron ayollarga.

2. Keyingi 5 yil va undan ortiq yil mobaynida nogironlikning I yoki II guruhi belgilangan, 5 yil mobaynida DPMda to‘liq dispanser ko‘rigidan o‘tgan, reabilitatsiya dasturlari bajarilgan, shuningdek reabilitatsiyaning barcha turlari istiqbolsiz bo‘lgan, tiklab bo‘lmaydigan anatomik-funktsional buzilishlar yoki zo‘rayuvchi kasalliklarga duchor bo‘lgan nogironlarga.

Ko‘rsatib o‘tilgan talablardan hech bo‘lmasa biri bajarilmaganda, shu jumladan bemor reabilitatsiya, davolash yoki operatsiyani, o‘qishni rad etgan taqdirda nogironlik guruhi muddatsiz belgilanmaydi.

3. Oxirgi 7 yil mobaynida nogironlik guruhi o‘zgarmagan III guruh nogironlarga.

Sizning nogironlik holatlaringiz haqida batafsil ma’lumotga ega emasmiz. Shuning uchun yuqorida keltirilgan normalardagi qoidalar asosida nogironlik guruhingizning muddatsiz yoki muddatli ekanligi haqida xulosaga kelasiz, degan umiddamiz. Agar sizga belgilangan nogironlik guruhini muddatsiz deb topsangiz, bu haqida TMEK xodimlariga, so’ngra TMEK rahbariga, agar ular harakatidan norozi bo’lsangiz, tuman sudiga murojaat qilishingiz lozim.

One Comment