Fuqarolik huquqi, Yuridik klinika

Nikohdan ajratishda mol-mulk qanday taqsimlanadi?

Savol: Nikohdan ajratishda mol mulk qanday taqsimlanadi? Masalan, erning nomidagi uy, mashina va h.k. Rahmat!

Javob: O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 23-moddasiga ko’ra, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulki, shuningdek, nikoh qayd etilgunga qadar bo’lajak er-xotinnning umumiy mablag’i hisobiga olingan mol-mulk, agar qonun va nikoh shartnomasida boshqacha hol ko’rsatilmagan bo’lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.

Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 1998-yil 11- sentabrdagi “Sudlar tomonidan nikohdan ajratish haqidagi ishlarni ko’rishda qonunlarni qo’llash amaliyoti to’g’risida”gi Qarori 23-bandi, 2-qismida er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulki jumlasiga er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyati natijalairdan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek, maxsus maqsadga mo’ljallanmagan boshqa pul to’lovlari kirishi qayd etib o’tilgan.

Ammo er va xotinning nikohdan oldin o’ziga tegishli bo’lgan mol-mulki, nikoh davomida esa hadya, meros va boshqa bepul bitimlar asosida qo’lga kiritgan mol-mulki er va xotinning umumiy mulki hisoblanmaydi. To’y sovg’alari ichida ham er va xotinning umumiy foydalanishi uchun berilgan sovg’alar umumiy mulk hisoblanib, er va xotinning alohida foydalanishi uchun berilgan sovg’alar (serhasham va qimmatbaho buyumlar bundan mustasno) ularning xususiy mulki hisoblanadi.

Er va xotining umumiy daromadlari hisobiga olingan ko’char va ko’chmas ashyolari, qimmatli qog’ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulki, ular er-xotindan qaysi birining nomida bo’lishidan qat’i nazar, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha holat belgilanmagan bo’lsa, er va xotinning umumiy mulki hisoblanadi.

Demak, sudlar tomonidan nikohdan ajratish haqidagi ishlar ko’rilayotgan vaqtda, er va xotinning yuqorida keltirilgan umumiy mulki er va xotin o’rtasida teng taqsimlanadi. Ushbu umumiy mulk er va xotindan qay birining nomiga rasmiylashtirilgan bo’lishiga qaramay, ular er va xotin o’rtasida teng taqsimlanadi.

Aytaylik, nikoh davomida er-xotin umumiy daromadlaridan uy-joy, mashina xarid qilishgan. Lekin bu mulk erning nomiga rasmiylashtirilgan. Nikohdan ajralish davrida bu mulk har ikki tomonga teng miqdorda bo’lib beriladi. Umumiy mulk bo’lgan uy-joyni bo’lishda uy-joyning qiymati hal qiluv qarori chiqarilayotgan vaqtdagi nizoli uy joylashgan hududda amalda bo’lgan narxdan kelib chiqqan holda belgilnadi. Ushbu mulklarni sotib olishda bir tomon ikkinchi tomonga qaraganda ko’p mablag’ sarflagan bo’lsa ham, molk-mulk o’rtada teng taqsimlanadi.

3 Comments