Savol: Nikohdan ajratishda mahallaning ham huquqiy roli bormi?
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining “Sudlar tomonidan nikohdan ajratish haqidagi ishlarni ko’rishda qonunlarni qo’llash amaliyoti to’g’risida”gi qaroriga ko’ra, nikohdan ajratish haqidagi ishni ko‘rishda sud er-xotinni yarashtirish va oilaviy vaziyatni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rishga majbur.
Er-xotinni yarashtirish choralarini ko‘rishda sud taraflarning yoki ulardan birining iltimosiga yoxud o‘z tashabbusiga ko‘ra ishning ko‘rilishini boshqa vaqtga qoldirishga va er-xotinga yarashishlari uchun olti oygacha muhlat belgilashga haqli.
Sud yarashtirish uchun berilgan muddatda, er-xotinni yarashtirish maqsadida, zarur holatlarda ajrim nusxalarini ular yashaydigan joydagi xotin-qizlar qo‘mitalariga, mahalla kengashlariga va o‘zini o‘zi boshqarish organlariga muhokama qilish va yarashtirish uchun yuborishi mumkin.
Demak, nikohdan ajratish to’g’risidagi ishlarda oilani tiklash va sog’lomlashtirish maqsadida mahallaning ham huquqiy roli mavjud.