Savol: Nikohdan ajrashmasdan turib aliment to’lanadimi?
Javob: O’zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq, ota-ona voyaga etmagan bolalariga ta’minot berishi shart.
Voyaga etmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug’iga asosan aliment undiriladi.
Voyaga etmagan bolalarga aliment to’lash haqida ota-ona o’rtasida kelishuv bo’lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to’lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to’g’risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari voyaga etmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to’g’risida da’vo qo’zg’atishga haqlidir.
Nikohdan ajratish to’g’risidagi nizo sudda hal etilgunga qadar aliment undirilishi mumkin. Bolaning tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomasida ota (ona) deb yozilgan shaxsdan aliment undirish to’g’risidagi nizo uzil-kesil hal etilgunga qadar sudya shu nizo bo’yicha undan belgilangan miqdorda vaqtincha aliment undirish to’g’risida ajrim chiqarishi mumkin.
Agar voyaga etmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o’rtasida kelishuv bo’lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to’rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to’lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko’paytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining uchdan bir qismidan kam bo’lmasligi kerak.
3 Comments