Savol: Men Andijonda istiqomat qilaman, O’zbekiston Respublikasi fuqarosiman. O’zbek millatiga mansub Qirg’iziston Respublikasi fuqarosiga turmushga chiqmoqchiman. Nikoh Qirg’iziston Respublikasining Jalolobod shahrida o’qiladi. Ota-onam qarshilik ko’rsatmoqda. Men Qirg’iziston Respublikasi fuqarosiga turmushga chiqish huquqiga egamanmi?
Javob: Nikoh tuzish tartibi va shartlari O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 3-bobida belgilab o’tilgan. Oila Kodeksining 13-moddasiga ko’ra, nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas.
Nikoh tuzish uchun nikohlanuvchilar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza topshiradilar. Ariza topshirilgandan keyin bir oy o‘tgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi.
Oila Kodeksining 14-moddasi ko’ra, nikoh tuzish ixtiyoriydir. Nikoh tuzish uchun bo‘lajak er-xotin o‘z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi. Bu degani, tomonlarning fuqaroligi qanday bo’lishidan qat’iy nazar, bo’lajak er-xotin o’z ixtiyorlari bilan nikoh tuzmoqchi bo’lsalar, bunga hech kim qarshilik ko’rsatishi mumkin emas.
Oila Kodeksining 15-moddasi ko’ra, nikoh yoshi erkaklar uchun o‘n sakkiz yosh, ayollar uchun o‘n etti yosh etib belgilanadi.
Oila Kodeksining 16-moddasi ko’ra, nikoh tuzishga quyidagi holatlarda yo’l qo’yilmaydi:
– loaqal bittasi ro‘yxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar o‘rtasida;
– nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida, shuningdek, farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida;
– loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar o‘rtasida yo‘l qo‘yilmaydi.
Yuqoridagi nikoh tuzish tartibi va shartlari O’zbekiston qonunchiligi bo’lgani uchun, O’zbekiston hududida amal qiladi. Agar siz Jalolobod shahrida nikohdan o’tadigan bo’lsangiz, Qirg’iziston Respublikasi qonunchiligiga amal qilishingiz kerak. Qirg’iziston Respublikasi qonunchiligida nikoh tuzish tartibi va shartlari boshqacha bo’lishi mumkin. Shunday bo’lsa ham, nikoh tuzishda kishining fuqaroligiga qarab cheklashlar belgilangan bo’lmasligi kerak.