Fuqarolik huquqi

Nikoh shartnomasi nima?

Tarix fanlari doktori Mirsodiq Ishoqovga ko’ra, mamlakatimizda nikoh shartnomasi hali u qadar ommalashmagan bo’lsa ham, davlatchiligimiz tarixida nikoh munosabatlarini shartnoma asosida tartibga solishga oid ko’plab misollarni ko’rish mumkin.

Qonunchiligimizda ham nikoh shartnomasi tilga olingan. Mazkur maqolada nikoh shartnomasi nima, qanday tuziladi, uni tuzishda nimalarga e’tibor qaratish kerak kabi masalalarga e’tibor qaratamiz.

Nikoh shartnomasi nima?

Nikoh shartnomasi bu nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo’lgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvdir (29-modda, Oila Kodeksi).

Nikoh shartnomasi nima uchun tuziladi?

Nikohni tugatish mobaynida tartibga solinishi eng qiyin bo’lgan masalalardan biri bu mulkning bo’linishidir. Nikoh shartnomasi, asosan, mulk bo’linishi va majburiyatlar taqsimlanishi qay tartibda amalga oshirilishini oldindan belgilab beradi.

Qachon tuziladi?

Nikoh shartnomasini nikoh davlat ro’yxatiga olingunga qadar ham, shuningdek, nikoh davrida ham tuzilishi mumkin (30-modda, Oila Kodeksi).

Qay shaklda tuziladi?

Umuman olganda, furarolik munosabatlarida og’zaki shartnoma tuzishga ruxsat beriladi (Fuqarolik Kodeksining 105-106 moddalariga qarang). Ammo nikoh shartnomasi yozma shaklda tuzilishi talab etiladi (Oila Kodeksining 30-moddasi). Nikoh shartnomasi tuzilgandan so’ng u notarial tartibda tasdiqlanishi ham lozim. Nikoh shartnomasini tuzishda huquqshunos yordamidan foydalanish tavsiya etiladi.

Nikoh shartnomasining asosiy mazmuni nimalardan iborat bo’ladi?

Er va xotin nikoh shartnomasiga ko’ra birgalikdagi umumiy mulkining qonunda belgilangan tartibini o’zgartirishga, er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan  har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini o’rnatishlari mumkin (jismoniy shaxslarning mol-mulkga birgalikda, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibi qanday amalga oshirilishi haqida ma’lumot uchun Fuqarolik Kodeksining 216 va 225-moddalariga murojaat qiling).

Nikoh shartnomasi quyidagi holatlarni ham tartibga solishi mumkin (31-modda, Oila Kodeksi):

–          Er va xotinning ham mavjud, ham bo’lg’usi mol-mulkiga nisbatan;

–          O’zaro moddiy ta’minot berish va oila xarajatlarini ko’tarish;

–          Bir-birining daromadida ishtirok etish;

–          Nikohdan ajralganda er va xotindan har biriga beriladigan mulkni aniqlab olish;

Nikoh shartnomasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar muayyan muddat bilan cheklanishi yoki muayyan shart-sharoitning yuzaga kelishi yoxud kelmasligiga bog’liq qilib qo’yilishi mumkin.

Nikoh shartnomasini tuzishda qanday cheklovlar bor?

Nikoh shartnomasi quyidagi masalalar bo’yicha qonun hujjatlarida belgilangan normalarga zid keluvchi boshqa shartlarni belgilashi mumkin emas:

–          Er-xotinning huquq layoqati yoki muomala layoqatini belgilash;

–          Er-xotinning o’z huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish huquqlarini cheklash;

–          Er-xotin o’rtasidagi shaxsiy nomulkiy munosabatlarni belgilash;

–          Er-xotinning bolalarga nisbatan bo’lgan huquq va majburiyatlarini belgilash;

–          Mehnatga layoqatsiz ta’minot olishga muhtoj er yoki xotinning huquqini cheklovchi qoidalarni belgilash;

–          Er va xotindan birini o’ta noqulay holatga solib qo’yuvchi shartlarni belgilash;

 Nikoh shartnomasi qanday o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin?

Nikoh shartnomasi er-xotinning kelishuvi bilan istalgan vaqtda o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Nikoh shartnomasi yozma tuzilgani uchun uni o’zgartirish yoki bekor qilish ham yozma shaklda amalga oshiriladi.

Nikoh shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortish mumkin emas. Nikoh shartnomasi er-xotindan birining talabi bilan O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksida belgilangan asoslar va tartibda sudning hal qiluv qarori bilan o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

Nikoh shartnomasi qanday holatlarda haqiqiy emas deb topilishi mumkin?

Nikoh shartnomasi sud tomonidan Oila Kodeksining 31-moddasi 5-chi qismi talablariga zid kelganda hamda O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksida nazarda tutilgan asoslar bo’yicha to’la yoki qisman haqiqiy emas deb topishi mumkin (33-modda, Oila Kodeksi).

One Comment