Maqolalar

My.gov.uz — davlat bilan muloqotning tez, samarali va qulay usuli

So‘zlashuvda yangi so‘z “paydo bo‘ldi”

Internetning turmushimizdan chuqur o‘rin olishi jamiyat hayotidagi ko‘plab muammolarni hal qilishning samarali va muqobil variantlarini amaliyotga joriy etish imkonini bermoqda. Lug‘atimiz yangi so‘zlar, yangi atamalar bilan boyimoqda. Xuddi shunday so‘zlardan biri — “maygovo‘z”dir. Biror murojaatingizga javob kechikayotgan yoki qaysidir muammongiz hal qilinmayotgan bo‘lsa, odamlar “ana, maygovo‘z”ga yoz. Uch kunda hal bo‘ladi”, degan gaplarni aytishmoqda. Bu so‘z orqali shu kunlarda tobora ommalashib borayotgan my.gov.uz— Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali nazarda tutiladi.

Yagona portal — foydalanuvchilarning interaktiv davlat xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan erkin foydalanishini, shuningdek elektron shaklda davlat xizmatlari ko‘rsatishni ta’minlovchi Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portalidagi ma’lumot-axborot portalidir. U hukumat tomonidan tashkil etilgan va hukumat nazorati ostidagi dasturdir.

Konstitutsiya talabi, davlat majburiyati

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. Bu borada tegishli qonun hujjatlari ham qabul qilingan. Aholining ariza va shikoyatlari bilan ishlash borasida ham talaygina jiddiy kamchiliklar mavjud. Ammo konstitutsiyaviy qoida va qonun talablari hamma joyda, ayniqsa, quyi bo‘g‘inlarda qat’iy ijro etiladi, deb bo‘lmaydi. Xalqning kundalik ehtiyojiga, ularning ijtimoiy ahvolini yaxshilashga jiddiy e’tibor berilmaganligi sababli markaziy idoralarga murojaat qilish holatlari uchrab turardi. Binobarin, fuqarolarning ijro organlariga murojaatlarini, shikoyatlarini o‘z vaqtida va odilona ko‘rib chiqish uchun, davlat organlari mas’uliyatini oshirish, fuqarolar va tadbirkorlar murojaatlari ijrosi ustidan yagona nazoratni o‘rnatish maqsadida ham Hukumat tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali joriy qilindi.

Portal haqida

Yagona portal foydalanuvchilar tomonidan interaktiv davlat xizmatlaridan, shu jumladan pulli asosda erkin foydalanish maqsadida tashkil etilgan. U quyidagi vazifalarni ko‘zlaydi:

a) foydalanuvchilarga davlat organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish uchun imkoniyat berish;

b) foydalanuvchilarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi boshqa loyihalar bilan integratsiyalash;

v) foydalanuvchilarning davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshirish;

g) davlat organlariga murojaat qilinganda foydalanuvchilar uchun byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va ularni bartaraf etish;

d) «elektron hukumat»ni yanada rivojlantirish va davlat boshqaruviga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishda ko‘maklashish.

MA’LUMOT UChUN: O‘zbekistonda “elektron hukumat”ni rivojlantirishga xorijlik mutaxassis javob beradi

Mazkur portal O‘zbekiston amalga oshirilayotgan “elektron hukumat” konsepsiyasining asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. E’tibor jihati shundaki, O‘zbekiston hukumati ushbu masalaga alohida ustuvor ahamiyat qaratayotganligi bois, juda kamdan-kam mamlakatlar tajribasida uchraydigan amaliyot — xorijdan mutaxassis yollanib, ushbu konsepsiya ijrosini mas’ul etib tayinlandi. Janubiy koreyalik mutaxassis Kim Nam Sok O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari — AKT bo‘yicha maslahatchi etib tayinlandi. Ilgari Koreya Respublikasining davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Kim Nam Sok boshchiligidagi guruh O‘zbekiston Respublikasida “elektron hukumat”ni shakllantirishga ko‘maklashadi.

RAQAMLAR VA STATISTIKA

Bugungi kunda davlat interaktiv xizmatlari soni 1088 taga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 438 taga ko‘pdir (material 2015 yil noyabr oyida tayyorlangan). Mamlakatda interaktiv davlat xizmatlarini rivojlantirish bґyicha ko‘rilgan choralar natijasida soliq (soliq.uz) va statistik hisobotlar (stat.uz)ni elektron shaklda topshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlari ulushi 100 foizga yetdi.

2015 yilning 1 aprel holatida 220 mingdan ortiq firmalar o‘z nomlarini internet tarmog‘i orqali rezerv qilib qo‘ygan. Ilgari bojxona yuk deklaratsiyalarini qog‘oz shaklida rasmiylashtirish jarayonlariga kamida 25 soat vaqt sarflangan bo‘lsa, endilikda customs.uz tizimi orqali bu jarayon bir necha daqiqalarda amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining ma’lumotlariga qaraganda, 2014 yilda eksport-import operatsiyalari yuzasidan rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyalarining 402 mingdan ortig‘i yoki 98,7 foizi elektron tarzda taqdim etilgan. Xo‘jalik sudlariga elektron shaklda (economical-court.uz) da’vo arizalari, rasmiy iltimosnomalar berish imkoniyatlaridan samarali foydalanilayotganini ham aytish o‘rinli.

 

Portaldan qanday foydalaniladi?

Portaldan to‘laqonli foydalanish hamda davlat organlariga murojaat qilish uchun eng avvalo siz portalda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishingiz kerak. Buning uchun portaldagi login orqali, ID.uz – Yagona identifikatsiya tizimidan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishingiz zarur. Shu bilan birga, bugungi kunda elektron raqamli imzo va UzCard yordamida ham portaldan ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

Ma’lumot uchun: shu o‘rinda sizda ushbu portalda ro‘yxatdan o‘tish murakkabdek ko‘rinishi ham mumkin. Ammo ma’lumki, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunga binoan, jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan, shuningdek imzo (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaatlar anonim murojaatlar deb hisoblanadi. Shuning uchun ham davlat portalidan foydalanishda bir qator rasmiyatchilikni bajarish talab qilinadi.

Biz sizga ID.uz – Yagona identifikatsiya tizimidan ro‘yxatdan o‘tib qo‘yishni tavsiya qilamiz. Chunki ushbu tizim sizga nafaqat hukumat portalidan emin-erkin foydalanishda, ayni paytda milliy umail.uz pochta tizimidan ham foydalanish imkonini beradi.

Siz ID.uzdagi raqamingiz bilan portaldan ro‘yxatdan o‘tganingizdan so‘ng, shaxsiy ma’lumotlaringiz aks etgan darcha paydo bo‘ladi. Siz ushbu ma’lumotlarni tasdiqlab yoki tahrir qilib, “ruxsat berish”tugmasini bosasiz.

 

Mening arizalarim bo‘limida Siz yuborgan arizalar ro‘yxati, ularning holati va ularga berilgan javob xatlari bilan tanishishingiz mumkin.

Murojaat yuborish

Yuqorida qayd etilganidek, yagona portal orqali davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga tegishlicha shikoyat qilish, ariza yoki taklif berishi mumkin.

Xo‘sh, qanday qilib murojaat qilish mumkin?

Bu savolga portalda qadamba-qadam izoh berilgan:

Avvalo yuqorida ta’kidlanganidek, Yagona portal tizimiga kirasiz. So‘ngra portalning yuqori o‘ng burchagida turgan “Davlat tashkilotiga murojaat qilish” tugmasini bosasiz. Sizga 5 qadamdan iborat quyidagi oyna ochiladi:

1-qadam. Birinchi qadamda sizga murojaat yuborishning umumiy tartibi, amaldagi qonunchilik talablari haqida batafsil axborot beriladi. Xususan, odobsizlik mazmunidagi murojaatlar (uyatsiz yoxud haqoratli iboralar, tahdidlar, mantiq va ma’nosi bo‘lmagan takliflar va shunga o‘xshash murojaatlar); murojaat matnida tushunarsiz qisqartirishlar yoki reklama materiallari mavjud bo‘lgan, tarkibida aniq arizalar, shikoyatlar yoki takliflar bo‘lmagan murojaatlarga javob berish rad etilishi mumkinligi ogohlantiriladi. Siz matn ostida joylashgan “roziman” belgisini qayd etasiz.

2-qadam. Bu qadamda sizga murojaatni kimning nomidan yuborish haqida savol beriladi. Ya’ni Siz murojaat qilayotgan shaxs turini tanlaysiz: agar siz fuqaro sifatida murojaat qilayotgan bo‘lsangiz,“jismoniy shaxslar” qatoriga belgi qo‘yasiz. Agar tadbirkor yoki biror firma nomidan murojaat yuborayotgan bo‘lsangiz, “yuridik shaxslar”ning yoniga belgi qo‘yasiz.

3-qadam. Bunda murojaat yuborilayotgan idorani aniqlashtirib olishingiz mumkin. Agar aniq bir vazirlik yoki tashkilotga murojaat yuborayotgan bo‘lsangiz, unda “tashkilotni tanlash” buyrug‘i orqali maqsadingizga erishasiz. Lekin savolingiz bir necha tashkilotga tegishli bo‘lishi mumkinligini o‘ylasangiz, u holda “sohani tanlash” orqali murojaatni yuborasiz. Ba’zi holatlarda murojaatni kimga yuborishingizni bilmasangiz, unda “kalit so‘z”ni kiritishingiz mumkin. Masalan, “asfalt”, “pensiya”, “elektr” va hokazolar.

4-qadam. Mazkur qadamda murojaatingizga oid asosiy ma’lumotlarni kiritishingiz zarur bo‘ladi:

Murojaat sohasi – nima masalada ekanligi;

Murojaat turi – ariza, shikoyat yoki taklif1;

Javob olish yo‘li – Sizga qanday javob qaytarishsin: elektron pochta yoki pochta orqali xat bilan;

Murojaatning ko‘rinishi – shaxsiy (bir kishiga taalluqli), ommaviy (bir necha kishi nomidan);

Murojaat mavzusi – nima mavzuda murojaat qilayotganligingiz qisqacha;

Murojaat matni – murojaatingizni batafsil tushuntirasiz;

Faylni ilova qilish – agar murojaatingizga biron fayl (hujjatning skaner varianti, foto yoki videomaterial va h.k.) ilova qilmoqchi bo‘lsangiz, uni qo‘shishingiz mumkin.

Agarda barchasini to‘g‘ri bajarganingizga ishonchingiz komil bo‘lsa, unda sizda uchta variant bo‘ladi: Imzo chekish (ko‘proq tadbirkorlar foydalanadi), yuborish va qoralamani saqlash.

Imzo chekish – bu yerda ERI moduli, ya’ni elektron raqamli imzo orqali tasdiqlashingiz mumkin.

Yuborish – ushbu tugmani bosish orqali sizning murojaatingiz o‘z manziliga yuboriladi.

Qoralamani saqlash – agarda yozgan murojaatingizni hali yuborish uchun yetarli deb hisoblamasangiz yoki uni keyinroq yanada boyitmoqchi bo‘lsangiz, unda ushbu tugma orqali uni saqlab qo‘yishingiz va keyinchalik yana tahrir qilib, yuborishingiz mumkin.

5-qadam. Mazkur qadam “Tamom” deb nomlanib, murojaatni yuborish yoki qoralamaga saqlash tamomlanganligini bildiradi. Amaliy olib qaraganda bu qamad hech narsani anglatmaydi, shunchaki ma’lumot beradi xolos.

Murojaatga javoblar

Sizning murojaatingizga javob kelganini qanday bilasiz?

Eng avvalo foydalanuvchilarga qulay bo‘lishi uchun SMS xizmat joriy etilgan. Ya’ni shaxsiy ma’lumotlaringizga kiritgan telefon raqamiga uchta holatda SMS-bildirishnomalar keladi. Bular:

1. Murojaat yuborilganda.

2. Murojaat ko‘rib chiqish uchun qabul qilinganda.

3. Murojaatga javob berilganda.

Shuningdek, murojaat holatini “Mening arizalarim” sahifasidan ko‘rishingiz mumkin. Agarda murojaatga javob berilgan bo‘lsa, unda o‘sha murojaat sahifasiga kirib, eng pastiga tushsangiz “Natija” degan joydan javob xatini olishingiz mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, portal orqali mansabdor shaxslar qabuliga yozilish, telefon orqali o‘z murojaatlaringizni yetkazishingiz ham mumkin bo‘ladi.

Agar tegishli davlat idorasi murojaatingizga javob qaytarmasa nima bo‘ladi?

Agar davlat organi Sizga masalangiz bilan bog‘liq bo‘lmagan javobni yo‘llaganida, qonunchilikda belgilangan muddatlarni buzganida, Sizning murojaatingiz bo‘yicha asossiz yoki qonunga zid bo‘lgan qaror qabul qilganida, yoki boshqa yo‘l bilan Sizning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan huquqlaringizni buzganida va boshqa shu kabi holatlarda Siz yuqori turuvchi tashkilot, yoki sudga bunday xatti-harakatlar ustidan shikoyat bilan murojaat qilishingiz mumkin.

Masalan, hokimlik javob bermasa, Vazirlar Mahkamasiga, biror bir vazirlik hududiy boshqarmasi javob bermasa, vazirlik rahbariyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ariza yoki shikoyat yozishga haqlisiz.

Murojaatlaringiz siz kutmagan oqibatlarga olib keladimi?

Albatta, agar murojaat O‘zbekiston qonunchiligi talablari asosida yozilgan bo‘lsa, sizga nisbatan hech qanday salbiy oqibatlarga olib kelmaydi. Lekin shunday holatlar ham borki, yuqori turuvchi organga tegishli tashkilot ustidan shikoyat qilinganda, bundan jahli chiqqan tashkilotga sudga yoki boshqa idoralarga murojaat qilishi ham mumkin. Amaliyotda bunday holatlar uchrab turadi. Muhimi, Siz qonun doirasida murojaat qilsangiz, bas. Hech kim sizga tazyiq o‘tkaza olmaydi.

Yusuf TOSHKENBOYEV

Manba: Sahar Maktabi

______________________________

1Murojaatlar arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida bo‘lishi mumkin.

Ariza — huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaat.
Taklif — davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan murojaat.
Shikoyat — buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaat.

Comments are closed.