Kundalik hayotimizda biron ishni qilishdan oldin, mazkur ish qonun bilan ta’qiqlangan yoki ta’qiqlanmaganligi haqida o’ylashimiz tabiiy hol. Ba’zi holatlarda masala ochiq-oydin bo’ladi. Xususan, o’g’rilik qilish yoki biron kishini do’pposlash huquqbuzarlik ekanligini taxmin qilish qiyin emas. Qolaversa bunday xatti-harakatlar bevosita tegishli qonun hujjatlari bilan (masalan, Jinoyat Kodeksi) ta’qiqlangan. Ammo ba’zi holatlarda xatti-harakatning ta’qiqlangan yoki ta’qiqlanmaganligini aniqlash oson emas. Boz ustiga, bunday xatti-harakatlar haqida qonun hujjatlarida ham hech narsa aytilmagan bo’lishi mumkin. Masalan, hovlida bedana boqish, uzuk taqish, ko’cha supurish yoki ertalablari yugurish alohida huquqiy hujjat bilan tartibga solinmangan. Xo’sh, ma’lum bir xatti-harakat alohida qonun-qoida bilan tartibga solinmagan bo’lsa, uni amalga oshirish mumkinmi?
Mumkinlik tamoyili va uning ahamiyati
Fuqarolik-demokratik jamiyatlarda erkin harakat qilish “Qonun bilan taqiqlanmagan har qanday xatti-harakatni bajarish mumkin” (bundan buyon Mumkinlik tamoyili) tamoyiliga asoslanadi. Mumkinlik tamoyili shaxs va davlat o’rtasidagi munosabatlarning huquqiy chegaralarini belgilab beradi. Unga ko’ra, kishilar amaldagi qonun-qoidalar bilan ta’qiqlanmagan har qanday xatti-harakatni qilishlari mumkin. Hobbsga ko’ra, kishi tashqi cheklovlarsiz yashamas ekan, to’la ma’noda erkin hayot kechirishi mumkin emas.[1] Jon Lokka ko’ra, kishining erkinligi faqat tegishli qonun chiqaruvchi organ tomonidan qabul qilingan qonunlar bilan cheklanishi mumkin.[2] Davlatning majburlash kuchini ajratilgan vakolatdan tashqarida qo’llashni esa tiraniya deb ataydi. Monteske erkinlikni qonun bilan ta’qiqlanmagan har qanday xatti-harakatni amalga oshira bilish deb ta’riflaydi.[3]
Demak, ushbu tamoyilga binoan, davlat shaxsni faqatgina qonun-qoidalarda belgilangan holatlarni buzganligi uchungina javobgarlikka tortishi mumkin. Qonun-qoidalar bilan ta’qiqlanmagan xatti-harakatlar esa o’z-o’zidan amalga oshirishga ruxsat berilgan deb hisoblanadi. Masalan, shaxs qizil rangli ko’ylak kiyish, choy ichish, sigareta chekish, kitob o’qish, velosiped uchish uchun davlatdan ruxsat olishi kerak emas. Ammo shaxs jamoat joylarida yalang’och yurgani, spirtlik ichimlik ichgani, nasha chekkani yoki velosipedni yo’l qoidalariga rioya etmasdan haydagani uchun javobgarlikka tortilishi mumkin.
O’zbekiston qonunchiligida mumkinlik tamoyili mustahkamlanganmi?
Mumkinlik tamoyilining bevosita davlat huquqiy hujjatlarida mustahkamlanishini birinchi bo’lib 1789-yilgi Fransuz inson va fuqaro huquqlari Deklaratsiyasida ko’rish mumkin.[4] Mazkur hujjatda kishilarning o’z haq-huquqlarini amalga oshirishlari boshqalarning haq-huquqlari bilangina cheklanadi deb belgilangan (4-modda). Shu bilan birga, qonun faqatgina jamiyat uchun xavf tug’ridarigan xatti-harakatlarni cheklashga haqli bo’lib, qonun bilan cheklanmagan har qanday xatti-harakatni qilish mumkim deydi (5-modda). Mumkinlik tamoyili bugunning eng nufuzli xalqaro hujjatida ham o’z aksini topgan. Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining 29-moddasiga binoan, har bir insonning huquq va erkinliklari faqat qonun bilan cheklanishi mumkin.[5]
Mumkinlik tamoyilini qonunchiligimizda bevosita o’z ifodasini topmagan bo’lsa ham, qonunchiligimizning asosini tashkil etadi. Masalan Konstitutsiya 25-moddasiga ko’ra, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega bo’lib, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.
Mumkinlik tamoyilini aniqroq aksini alohida qonunchilik hujjatlarida ko’rish mumkin. Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksning 8-moddasiga binoan, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritish qonuniylikka rioya qilish asosida olib boriladi. Bu degani, ma’muriy huquqbuzarlik uchun hech kim qonun hujjatlarida belgilangan asoslar va tartibdan boshqacha tarzda ta’sir ko‘rsatish chorasiga tortilishi mumkin emas. 10-moddada esa ma’muriy huquqbuzarlik deganda qonun hujjatlariga binoan ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy, aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik tushunilishi aytiladi.
Jinoyat Kodeskining 2-moddasiga ko’ra, Jinoyat Kodeski o’z vazifalarini amalga oshirish uchun javobgarlikning asoslari va prinsiplarini, qanday ijtimoiy xavfli qilmishlar jinoyat ekanligini aniqlaydi, ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralarini belgilaydi. 14-moddada esa jazo qo‘llash tahdidi bilan bilan taqiqlangan aybli ijtimoiy xavfli qilmish (harakat yoki harakatsizlik) jinoyat deb topiladi.
Shu bilan birga, aybsizlik prezumpsiyasi[6] mumkinlik tamoyili bilan chambarchas bog’liq bo’lgan jinoyat va jinoyat-protsessual huquqning asosiy tamoyillaridan biri. Mazkur tamoyilga ko’ra, kishining jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Tabiiki, kishining aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlashini uchun tegishli xatti-harakat qonun hujjatlari bilan ta’qiqlangan bo’lishi kerak (Mumkinlik tamoyilining sharti).
Demak, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeks va Jinoyat Kodeksida belgilangan huquqbuzarlik va jinoyat tushunchalariga ko’ra, shaxs qonunda belgilangan tartibda ta’qiqlangan xatti-harakatlarni sodir etgani uchungina ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Bunda davlat biron kishini javobgarlikka tortish uchun, uning xatti-harakatlari aynan qaysi qoidani buzganligini ko’rsatib berishi kerak.
Ruxsat tamoyili
Mumkinlik tamoyili faqatgina shaxslarga nisbatan qo’llanilib, davlat organlari va mansabdor shaxslarga nisbatan mazkur tamoyilning teskarisi qo’llaniladi. Ruxsat tamoyiliga ko’ra, davlat organlari va mansabdor shaxslar faqatgina vakolatlari doirasida, ya’ni amaldagi qonunchilik bilan ruxsat berilgan xatti-harakatlarnigina bajarishi mumkin.[7] Ruxsat tamoyili Konstitutsiya va qonunlarda o’z aksini topgan. Konstitutsiyaning 7 va 15-moddalariga binoan, davlat hokimiyati Konstitutsiya hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi va ular Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko’radilar. Yangi qabul qilingan “Ichki ishlar organlari to’g’risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko’ra, Ichki ishlar organlari xodimlari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Ichki ishlar organlari to’g’risida”gi Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga aniq rioya etishi hamda ularni bajarishi shart. Mazkur moddaning davomida qonunlarni aniq bajarishdan va ularga rioya qilishdan har qanday chekinish, qanday sabablarga ko‘ra yuz berganidan qat’i nazar, qonuniylikni buzish hisoblanadi va belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi deb aytiladi.
Mumkinlik va ruxsat tamoyillarining kundalik hayotimizda qanday ahamiyatga ega?
Mumkinlik va ruxsat tamoyilini kundalik hayotimizning deyarli barcha holatlarida qo’llash mumkin. Masalan, ba’zi joylarda voyaga yetmagan bolalar masjidga kiritilmayotgani haqida aytilyapti. Bunday holat yuz berganda, ota-ona birinchi navbatda bolani masjidga kiritmayotgan uchastka noziri yoki boshqa mansabdor shaxsdan qaysi qonun hujjati asosida ish yuritayotganini so’rashi kerak. Agar mansabdor shaxs bunday qonun hujjatini borligini aytsa, ota-ona mazkur hujjat nomini so’rab, uni topishi va sinchkovlik bilan o’rganib chiqishi kerak.[8] Bordiyu mansabdor shaxs o’z harakatlarini biron bir aniq qonun hujjati bilan asoslab bera olmasa, uning xatti-harakatlari noqonuniy hisoblanadi. Bunday mansabdor shaxs ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat topshirish kerak bo’ladi.
Yoki bo’lmasa, metro yo’laklari va tunellarda meva va sabzavot sotayotgan kishilarni ichki ishlar xodimlarini haydayotganini ko’rish mumkin. Agar biron qonun hujjatida metro yo’laklari va tunellarda jismoniy shaxslarning savdo bilan shug’ullanishi mumkin emas deb belgilanmangan bo’lsa, Ichki ishlar xodimlari o’z vakolatlarini suiste’mol qilga bo’ladilar.
Ruxsat tamoyilini esa quyidagi misolda ko’rish mumkin. Toshkent metro bekatlarida militsiya xodimlari yo’lovchilar sumkalarini tekshirayotganini ko’rish mumkin. Bunday chorani militsiya xodimlari o’z xohish-irodasiga ko’ra bajara olmaydilar. Ruxsat tamoyiliga ko’ra, mansabdor shaxsning o’z xizmat vakolatlari doirasida amalga oshirgan har bir xatti-harakati qonun hujjatlari asosida amalga oshirilishi kerak. Demak, metro bekatlarida yo’lovchilarning sumkalari tekshirilishi qonuniy bo’lishi uchun, bunday harakat qonun hujjatida kimga nisbatan, qachon, kim tomondan va nima sababdan amalga oshirilishi mumkinligi aniq belgilab o’tilgan bo’lishi kerak.
Demak, kundalik hayotimizda duch kelgan ta’qiqlarni hamisha mumkinlik tamoyili asosida tahlil qilinishi kerak. Mansabdor shaxs kishini faqatgina qonun hujjatlarida belgilangan holatlarni buzganligi uchun javobgarlikka tortishi mumkin. Qonun-qoidalar bilan taqiqlanmagan xatti-harakatlar esa o’z-o’zidan amalga oshirishga ruxsat berilgan deb hisoblanadi. Mansabdor shaxs xatti-harakatlari esa hamisha ruxsat tamoyili asosida tahlil qilinishi kerak. Bunda mansabdor shaxslar faqatgina vakolatlari doirasida, ya’ni amaldagi qonunchilik bilan ruxsat berilgan xatti-harakatlarnigina bajarishi mumkin. Bunday qilmaslik vakolatning suiste’mol qilinishi deb hisoblanadi va tegishli qonuniy choralar ko’rilishi uchun mansabdor shaxs ustidan tegishli idoralarga shikoyat qilish kerak.
[1] Qarang, Thomas Hobbes, Leviathan, On the Liberty of Subjects, Chapter XXI, https://ebooks.adelaide.edu.au/h/hobbes/thomas/h68l/chapter21.html.
[2] Qarang, John Locke, Second Treaties of Government, http://www.earlymoderntexts.com/assets/pdfs/locke1689a.pdf.
[3] Qarang, Stanford Encyclopedia of Philosophy, Baron de Montesquieu, Charles-Louis de Secondat, https://plato.stanford.edu/entries/montesquieu/#4.2.
[4] Qarang, 1789 yilgi Frantsuz inson va fuqaro huquqlari Deklaratsiyasi, http://www.conseil-constitutionnel.fr/conseil-constitutionnel/root/bank_mm/anglais/cst2.pdf.
[5] Qarang, Inson Huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasi, 1948-yil 10-dekabr, http://www.ohchr.org/EN/UDHR/Documents/UDHR_Translations/uzb.pdf.
[6] Qarang, Aybsizlik prezumpsiyasi: Tarix va talqin, 2010-yil, 8-mart, https://kundalik.wordpress.com/2010/03/08/aybsizlik-prezumpsiyasi-tarix-va-talqin/; Qarang, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi; Jinoyat Kodeksning 9-moddasi; Jinoyat-Protsessual Kodeskning 23-moddasi; O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 17-sonli “Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan ta’minlashga oid qonunlarni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 5-bandi.
[7] Qarang, Мнение судьи Конституционного Суда Российской Федерации С. Д. Князева, http://www.consultant.ru/document/cons_doc_LAW_126311/07597ea219c3e5c348363de82c2d9263a69ae02f/.
[8] Qonun hujjatda haqiqatan ham voyaga yetmagan bolalarning masjidga chiqishi ta’qiqlangan bo’lsa, ota-ona mazkur ta’qiq konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarga qanchalik mosligini o’rganish uchun malakali advokatga murojaat qilib, sudga shikoyat topshirish masalasini muhokama qilishi mumkin.