Savol: Vrach-stomatolog bo’lib ishlayman. Men ishlaydigan apparaturamni (bor mashina) o’zimning hisobimdan sotib olganman. Shu aparaturani o’zimning nomimda qoldirish, ya’ni bu kasalxonadan ishdan ketadigan bo’lsam, bor mashinamni ham olib ketish uchun nima qilishim kerak?
Javob: Avvalo ushbu uskunaga oid hujjatlarni tekshirib chiqish lozim. Uskunaga oid hujjatlarda uskuna egasi aniq ko’rsatilgan bo’lsa, muammo yuzaga kelmasligi kerak. Bundan tashqari imkon bo’lsa, kasalxonaga tegishli uskunalar ro’yxatini ham tekshirib chiqish lozim. Agar ushbu uskuna kasalxona hisobida turmagan bo’lsa, muammo yuzaga kelmaydi. Ammo shunda ham uskunaning aniq kimga tegishliligini aniqlashning ilojib bo’lmasa va/yoki bu borasida xavotiringiz mavjud bo’lsa, o’zingiz yashab turgan tumanlararo fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga murojaat qiling. Ushbu holatda nizo mavjud bo’lmagani uchun, suddan Fuqarolik-protsessual kodeksi 283-moddasi asosida “stomatologik uskunaga xususiy mulk huquqqi asosida egalik qilish faktini” aniqlash bo’yicha ariza yozib murojaat qilasiz. Agar kasalxona uskunaga o’z egaligini da’vo qilsa, ushbu ish keyinchalik da’vo tartibidagi ishga o’tkaziladi.
Fuqarolik-protsessual kodeksining 283-moddaga ko’ra, fuqarolar yoki tashkilotlarning shaxsiy, mulkiy huquqlari vujudga kelishi, o‘zgarishi yoki tugashiga sabab bo‘ladigan faktlarni sud aniqlaydi.
Sud quyidagi faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi:
8) imoratga xususiy mulk huquqi asosida egalik qilish faktini;
10) yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa faktlarni, agap qonun hujjatlarida ularni belgilashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa.
Arizachi yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni tasdiqlaydigan tegishli hujjatlarni boshqacha tartibda olishi mumkin bo‘lmagan yoki yo‘qotilgan hujjatlarni tiklashning imkoni bo‘lmagan taqdirdagina sud bu faktlarni aniqlaydi.
Ariza berish va uning mazmuni
Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni belgilash to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha arizalar arizachi (da’vogar) yashab turgan joydagi sudga beriladi.
Arizada muayyan faktni aniqlash arizachiga qanday maqsadlar uchun zarur ekanligi ko‘rsatilishi, shuningdek, arizachining tegishli hujjatlarni olish imkoniyatiga ega emasligini yoxud yo‘qolgan hujjatlarni tiklab bo‘lmasligini tasdiqlovchi dalillar keltirilishi kerak.