Savol: Pasportimning amal qilish muddati tugashiga yana bir yil bor. Hozir chet elga ishlashga chiqsam, keyin bir yildan so’ng muddati yetganida, o’sha joydagi elchixonadan yangi pasport olsam bo’ladimi? Yoki hozirdan biryo’la yangi pasport olishim mumkinmi, ya’ni amal qilish muddatini bir yildan ko’proq muddatga hozirning o’zida cho’zdirib olishim mumkinmi? Agar mumkin bo’lsa buni amalga oshirish tartibini tushuntirib bersangiz.
Javob: “Xorijdagi O’zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga pasport berish va almashtirish Tartibi” ga ko’ra, xorijda doimiy yashovchi O’zbekiston Respublikasi fuqarolari O’zbekiston Respublikasining ular yashayotgan mamlakatdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalaridan yangi pasport olishlari yoki pasportlarini almashtirishlari mumkin. Chet elda doimiy yashash huquqiga[1] ega bo’lsangiz yoki chet elda talaba vizasiga ega bo’lsangiz, o’sha davlatdagi O’zbekiston Respublikasining elchixonasi yoki konsulligi orqali pasport almashtirishingiz mumkin. Boshqa hollarda esa “O’zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risida” gi Nizomga asosan, O’zbekistonga qaytib, pasportingiz muddati tugagandan so’ng uch kun ichida pasport almashtirish uchun ariza yozib, pasportingizni Ichki Ishlar bo’limiga topshirishingiz kerak.
Fuqaro xorijga jo‘nab ketadigan taqdirda, agar pasportning amal qilish muddati olti oydan kamroqni yoki kirish vizasidagi muddatni tashkil etsa, pasport oldindan almashtirilishi mumkin.
Odatda, pasportning tugash muddatiga bir yil qolganida pasport almashtirish mumkin emas. Ammo O’zbekiston Respublikasida biometrik pasport berishning birinchi bosqichida xorijga chiquvchi fuqarolarning pasportlari biometrik pasport bilan almashtirilishi bois, pasportingizning muddati qachon tugashidan qat’iy nazar, xorijga chiqishdan oldin yangi biometrik pasport olasiz.
[1] “Permanent Residency”(PR) yoki “Постоянное место жительства” (ПМЖ)
24 Comments