Savol: Mening haydovchilik guvohnomamning haqiqiylik muddati tugagan. Uni yangilash uchun qayerga boraman va qanday hujjatlarni olib borishim kerak? Oldindan rahmat.
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalarini va shahar elektr transporti vositalarini boshqarish huquqini berish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” gi Qarorining III bo’lim 19-bandiga asosan haydovchilik guvohnomasini olish uchun fuqarolar doimiy yoki vaqtinchalik turar joylaridagi, majburiy xizmatga chaqirilgan harbiy xizmatchilar esa xizmat joylaridagi hududiy YHXB RIB (TRIB)larida topshirlari ko’rsatilib o’tilgan.
Xuddi shu Qarorning V bo’lim 59-bandida haydovchilik guvohnomasini va (yoki) uning talonini olish uchun zarur bo’lgan hujjatlar ro’yxati keltirilgan. Unga ko’ra, haydovchilik guvohnomasini olish uchun
– belgilangan tartibda ariza;
– eski haydovchilik guvohnomasi va (yoki) uning taloni;
– haydovchining imtihon varaqasi yoki haydovchilik guvohnomasini bergan hududiy YHXB tasdiqnomasi, tibbiy ma’lumotnoma;
– fuqaroning pasporti yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjat topshirilishi kerak.
Qarorning 60-bandiga ko’ra, transport vositalarini oxirgi 12 oy davomida boshqargan shaxslarning haydovchilik guvohnomalari tegishli imtihonlarsiz almashtiriladi.
Quyidagilar transport vositalarining 12 oy mobaynida boshqarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lib hisoblanishi mumkin:
a) ishlayotgan haydovchilar uchun mehnat daftarchasidan ko‘chirma yoki ishlayotgan joyida unga biriktirilgan avtotransport turi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma (buyruqdan ko‘chirma);
b) shaxsiy transport haydovchilari uchun ularga tegishli bo‘lgan transport vositasining ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi qayd etish guvohnomasi;
v) ishonchnoma yoki ijara shartnomasi bilan avtomobil boshqargan shaxslar uchun avtomobil ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi qayd etish guvohnomasi va uni boshqarish uchun notarial idora tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma yoki ijara shartnomasi.
Transport vositasini oxirgi 12 oy davomida boshqarmagan shaxslarning haydovchilik guvohnomalari nazariy va amaliy imtihon topshirganlaridan so‘ng almashtirib beriladi.