Mamlakatimizda MXX organlari faoliyati “O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati to’g’risida”gi Nizomi (bundan keyin Nizom) bilan tartibga solinadi. Mazkur Nizom 1991-yil 2-noyabrda qabul qilingan.
MXX asosiy vazifalari O’zbekiston Respublikasi manfaatlari yo’lida razvedka va kontrrazvedka faoliyati bilan shug’ullanish va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash hisoblanadi (MXX vazifalari bilan batafsil tanishib chiqish uchun Nizomning II-bo’limiga murojaat qiling). MXX bevosita Prezidentga bo’ysunub, respublika qo’mitasining huquqlari bilan ta’minlangan.
I-bo’limning 7-bandiga ko’ra, MXX amaldagi buyruqlar va ko’rsatmalarga muvofiq, agar ular Konstitutsiyaga va qonunlarga zid bo’lmasa, operativ-qidiruv va boshqa xil xizmat faoliyatlarini amalga oshiradi. Nizomning III-bo’limi MXX organlari faoliyatining asosiy tamoyillarini belgilaydi. Unga ko’ra, MXX organlarining faoliyati qonuniylik, qonun oldida hammaning tengligi, shaxsni, uning huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish, insonparvarlik va baynalmilallik tamoyillari asosiga quriladi (qonuniylik, qonun oldida hammaning tengligi va insonparvarlik tamoyillariga Jinoyat Kodeksining 4, 5 va 7-moddalarida ta’rif berilgan). III-bo’limning 2-bandiga ko’ra, MXX organlari o’z faoliyatini fuqarolarning huquqlari va erkinliklarig qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiradilar.
MXX xodimlari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar ustidan tobelik tartibida yuqori turuvchi organga, prokuraturaga yoki sudga murojaat qilish mumkin. Yuqorida ta’kidlangani kabi, MXX O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo’ysungani sababli, tobelik tartibida Prezident devoniga shikoyat yuborish mumkin. Shu bilan birgan, shikoyatni prokuraturaga ham yo’llash mumkin. O’zbekiston Respublikasi “Prokuratura tog’risidagi” Qonunining 2 va 4-moddalariga binoan, prokuratura organlarining asosiy vazifalari qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini, O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish va huquqbuzarliklarning oldini olishdan iborat. Shu bilan birga prokuratura organlari vazirliklar, davlat qo’mitalari va boshqa davlat organlari tomonidan qonunlarning ijro etilishi va fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan qonunlar ijrosi ustidan nazorat qiladi. Mazkur davlat organlariga shikoyat qilish O’zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi.
Tobelik tartibida Prezident devoniga yoki prokuraturaga shikoyat qilish bilan birga fuqarolar to’g’ridan-to’g’ri sudga ham shikoyat qilishlari mumkin. Fuqarolarning o’z huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun davlat organlarining g’ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqlari O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasi bilan kafolatlangan. Sudga shikoyat bilan murojaat qilish tartibi esa O’zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to’grisida”gi Qonuni (bundan keyin Qonun) bilan tartibga solinadi. Muzkur Qonunga ko’ra, fuqarolarning davlat organlari, korxonalar, jamoat birlashmalari yoki mansabdor shaxslarning g’ayriqonuniy xatti-harakatlari bilan o’z huquqlari yoki erkinliklari buzilgan deb hisoblaganlarida shikoyat bilan sudga murojaat qilish tartibini belgilaydi.
Qonunning 2-moddasiga ko’ra, sudga shikoyat berilishiga loyiq xatti-harakatlar jumlasiga quyidagilar kiradi: (1) fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzgan; (2) fuqarolarning o’z huquqlari va erkinliklarini ro’yobga chiqarishdga monelik tug’dirgan; va (3) fuqaro zimmasiga qonunga xilof ravishda qandaydir majburiyat yuklatilishiga sabab bo’lgan xatti-harakatlar kiradi.
Qonunning 6-moddasi sudga shikoyat bilan murojaat qilish muddatlarini belgilab, quyidagi muddatlarni belgilaydi:
– Fuqaro o’z huquqlari va erkinliklari buzilganligidan xabar topgan kundan boshlab 3 oy;
– Fuqaro yuqori turuvchi organ, mansabdor shaxsning shikoyatini qanoatlantirishni rad etish haqida yozma bildirishini olgan kundan boshlab 1 oy;
– Agar fuqaro o’z shikoyatiga yozma javob olmagan bo’lsa, shikoyat berganidan keyin bir oy muddat o’tgan kundan boshlab 1 oy.
Shikoyat berishning uzrli sabablarga ko’ra o’tkazib yuborilgan muddati sud tomonidan tiklanishi mumkin. Qonun “uzrli sabablar” doirasiga kiradigan sabablar ro’yxatini bermaydi. Shuning uchun agar siz murojaat qilish muddatlarini o’tkazib yuborgan bo’lsangiz, shikoyat arizangizda buning sababini va suddan murojaat qilish muddatlari o’tib ketgan bo’lsa ham shikoyatingizni qabul qilishni so’rashingiz kerak bo’ladi.
Sud shikoyatning asosliligini aniqlagach, ustidan shikoyat berilgan xatti-harakatni noqonuniy deb topadi va fuqaroning talablarini qanoatlantirish majburiyatini yuklaydi (8-modda). Sudning qonuniy kuchga kirgan qarori barcha davlat organlari va mansabdor shaxslar uchun majburiy va uni bajarishlari shart (9-modda). Qaror bajarilganligi haqida sudga va fuqaroga sud qarori olingan kundan boshlab kechi bilan 1 oy ichida xabar qilinishi shart. “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan keltirilgan shikoyatlarni sudlarda ko’rish amaliyoti to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining Qaroriga ko’ra, sud qaror bajarilishi ustidan nazorat o’rnatib, qaror bajarilmagan taqdirda tegishli chora-tadbirlar ko’rishi shart.
Mazkur Nizomdan boshqa bevosita MXX xodimlari qonunbuzarliklarini oldini olishga qaratilgan huquqiy hujjat mavjud emas. Qo’shni davlatlarda, masalan Rossiya Federatsiyasi va Qozoqistonda, MXXga tenglashtirilgan davlat organlarining faoliyati alohida qonun bilan tartibga solinadi. Masalan, Rossiya Federatsiyasida 1995-yilda kuchga kirgan, 26 moddadan iborat bo’lgan “Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati organlari to’g’risida”gi qonuni mavjud. Federal xavfsizlik xizmati (FXX) faoliyatini tartibga soluvcha yana bir qator huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo’lib, barchasini FXXning veb sahifasidan topish mumkin. Qozoqiston xavfsizlik xizmati organlariningorganlarining faoliyati ham qonun bilan batafsil tartibga solinadi.
Rossiya qonunchiligi
Rossiya FXX Qounining 6-moddasiga ko’ra, FXX o’z faoliyatini amalga oshirishda davlat fuqarolarning haq-huquqlari kafolatlanishini ta’minlaydi. Fuqarolarning haq-huquqlari faqatgina federal konstitutsion qonunlari va federal qonunlari bilan ruxsat etilgandandagina mumkin. FXX organli haq-huquqlarimni buzdi deb ishongan fuqarolar FXX yuqori turuvchi organlariga, prokuratura yoki sudga shikoyat qilishlari mumkin deb belgilaydi. FXX organlari tomonidan haq-huquqlari buzildi deb ishongan jismoniy va yuridik shaxslar FXXdan tushuntirishnoma (разъяснения) talab qilishga haqlilar. FXX organlari xodimlari o’z vazifalarini amalga oshirishda qilinga qonunbuzarliklar uchun jismoniy va yuridik shaxslar moddiy va ma’naviy zararni qoplash uchun kompensatsiya talab qilishga haqlilar. Kompensatsiya talab qilish tartibi ham batafsil yoritilgan.
6-moddaning oxirgi paragrafi FXX xorimlar sodir etgan qonunbuzarliklar ustidan tegishli FXX bo’limi boshlig’i, prokuror yoki sud fuqaroning haq-huquqlari tiklanishi, kompensatsiya to’lanishi va ayibdor FXX mansabdor shaxlariga qarshi chora ko’rishlari shart deb belgilangan.
Shikoyat ko’rib chiqish bilan bog’liq bo’lgan sud xarajatlari, sud shikoyatni qanoatlantishni rad etish haqida qaror chiqargan taqdirda fuqaro zimmasiga yoki sud davlat organi yoki mansabdor shaxsning xatti-harakatlarini qonuniy emas deb topgan taqdirda ular zimmasiga yuklatilishi mumkin.
41 Comments