Fuqarolar mansabdor shaxslar ustidan shikoyat qilish huquqiga ega
Fuqarolarning davlat organlari va mansabdor shaxslar ustidan shikoyat qilish huquqi O’zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning murojaatlari” to’g’risidagi qonuni (Bundan keyin Qonun) bilan tartibga solinadi. Qonunning 1-moddasiga ko’ra, fuqarolar davlat boshqaruvida ishtirok etishga va O’zbekiston Konstitutisyasi va boshqa qonunlarida o’zlariga berilgan huquqlar va erkinliklarni ro’yobga chiqarish maqsadida davlat organlariga ariza va shikoyat qilishga haqlidirlar.
“Shikoyat” tushunchasi Qonunning 8-moddasida berilgan bo’lib, unga ko’ra, “shikoyatlar davlat organlarining […] va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari yoxud qarorlari tufayli fuqarolarning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini tiklash talab qilingan murojaatlaridir.”
Fuqarolarining murojaatlari yozma yoki o’gzaki shakldagi ariza yoki shikoyat ko’rinishida berilishi mumkin.Qonunning 2-moddasida aytilishicha, anonim ariza va shikoyatlar davlat organlari tomonidan ko’rib chiqilmaydi. Shuning uchun shikoyatlarda fuqaroning ism-sharifi va yashash joyi ko’rsatilgan bo’lishi kerak. Ushbu talablarga javob beradigan shikoyatlarni davlat organlari qabul qilishlari va belgilangan tartibda ko’rib chiqishlari shart.
Shikoyatni qabul qilgan davlat organiga o’z vakolatlari doirasida quyidagi vazifalar yuklatilgan:
– shikoyatni xolisona, har tomonlama va o’z vaqtida tekshirish;
– shikoyatga sabab bo’lgan noqonuniy qarorni bekor qilish yoki o’zgartirish,
– fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash,
– fuqaroga shikoyatni tekshirish natijalari va qabul qilingan qarorning mohiyati to’g’risida yozma tarzda ma’lum qilish.
Mansabdor shaxslar shikoyatlarni davlat organiga tushgan kundan e’tiboran bir oy muddat ichida hal etishlari shart. Agar shikoyat qo’shimcha o’rganishlar va tekshirishni talab qilmasa, davlat organi shikoyatda ko’tarilgan masalalarni 15 kundan kechiktirmay hal etishi kerak. Shu bilan birga, shikoyatni hal etish uchun maxsus tekshiruvlar o’tkazish, qo’shimcha materiallarni so’rab olish va shu kabi chora-tadbirlar ko’rish zarur bo’lsa, davlat organi shikoyatni hal etish muddatini, istisno tariqasida, qo’shimcha bir oyga uzaytirishi mumkin. Bu haqda shikoyat bergan shaxsga ma’lum qilinadi. Shikoyatni ko’rib chiqish umumiy muddati ikki oydan oshmasligi lozim.
Shikoyat qondirilgan taqdirda fuqaroning murojaati bo’yicha g’ayriqonuniy qaror qabul qilgan davlat organi unga shikoyat bilan murojaat qilish va uning ko’rib chiqilishi tufayli ko’rgan moddiy zararini, tegishli organning talabiga binoan shikoyat ko’rib chiqilishi munosabati bilan bir joydan boshqa joyga borish maqsadida qilgan sarf-xarajatlarini va shu vaqt ichida boy bergan ish haqini to’laydi. Xarajatlarni undirishga doir nizolar sud tartibida ko’rib chiqiladi.
Qayerga murojaat qilish kerak?
Qonunning 8-moddasiga ko’ra, davlat organi va mansabdor shaxsning xatti-harakatlari yoki qarori ustidan shikoyat bo’ysunuv tartibiga qarab, yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxsga yoxud sudga beriladi. Militsiya xodimining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan yuqori turuvchi davlat organiga shikoyat qilish kerak. O’zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi (bundan keyin IIV), tashkiliy tuzilmasiga ko’ra, militsiya IIV tarkibiga kiruvchi davlat xizmatidir. Bevosita qaysi bo’limga shikoyat qilish kerakligi haqida, IIVning ishonch telefonlariga telefon qilish orqali o’rganishingiz mumkin. O’zbekiston fuqarolarining har qanday huquqbuzarlik haqida ma’lumot berish yoki shikoyat qilishlarini rag’batlantirish uchun, IIV veb-sahifasining “Aloqa” sahifasida shunday deb yozilgan:
“Hurmatli yurdoshlar! Siz huquq-tartibot va qonunchilik buzulishiga oid har qanday masalalar bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va boshqarmalarining navbatchilik qismlariga quyidagi “Ishonch telefonlari” orqali murojaat qilishingiz mumkin. Murojaat etgan shaxsning ism-sharifi sir saqlanishi kafolatlanadi”
O’zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi veb sahifasining “Ishonch Telefonlari” bo’limida ham shunga o’xshash eslatma bor:
“Agar sizning qonuniy huquqlaringiz buzilsa, hech ikkilanmay Adliya vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalaridagi “IShONCh TELEFONI”ga qo‘ng‘iroq qilishni unutmang. Adliya idoralarining mutaxassislari sizning haq-huquqingizni himoya qilishga va buzilgan huquqingizni tiklashga yordam beradi!”
Demak, militsiyaning noqonuniy xatti-harakatlari ustidan shikoyatni yuqori turuvchi ichki ishlar organiga topshirish kerak. Masalan, tuman ichki ishlar boshqarmasida ishlaydigan xodim ustidan viloyatlar va Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasiga shikoyat qilinadi. Yoki shahar ichki ishlar boshqarmasida ishlaydigan xodim ustidan IIVga shikoyat qilinadi. Shikoyat arizasini to’g’ri IIVga jo’natsa ham bo’ladi. Ammo bunday hollarda ko’pincha IIV masalani hal qilish uchun quyi turuvchi ichki ishlar boshqarmalariga yuborishi mumkin, masalan, tuman yoki shahar ichki ishlar boshqarmasiga.
Militsiya ustidan prokuraturaga shikoyat qilish foydaliroq bo’lishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi “Prokuratura to’g’risida”gi Qonunining 23-moddasiga binoan, Prokuror vakolatiga fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari to’g’risidagi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini muhofaza qilish to’g’risidagi qonunlarga rioya etilishini nazorat qilish kiradi. 44-moddaga ko’ra esa, Prokuror vakolatiga ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash joylarida va jinoiy jazolar ijro etuvchi muassasalarda shaxslarni saqlash qay darajada qonuniy ekanligini nazorat qilish ham kiradi. Demak militsiya xodimlari xatti-harakatlarining qay darajada qonuniy ekanligini nazorat qilish prokuratura vazifalaridan biriga kiradi. Prokuraturaga shikoyat yo’llamoqchi bo’lsangiz, bevosita o’zingiz yashaydigan tuman prokuraturasiga murojaat qilishingiz mumkin.
Shikoyatingiz tezroq ko’rib chiqilishi uchun, shikoyatingizni bir vaqtning o’zida 2-3 joyga yuborishingizni tavsiya qilamiz. Masalan, shikoyatingizning bir nusxasini tegishli ichki ishlar boshqarmasiga, bir nusxasini tegishli prokuratura bo’limiga va bir nusxasini O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Apparatiga yuborishingiz mumkin. Bunda davlat organlarining manzillarini shikoyatingizda ketma-ket yozsangiz bo’ladi. Shunda shikoyatingizni o’qigan mutasaddi shaxs, shikoyat boshqa qaysi davlat organlariga yuborilganligini biladi va bu holat uning siz shikoyat qilayotgan masalalarni tezroq hal qilishiga turtki bo’lib xizmat qilishi mumkin.
Qonunning 2-moddasiga ko’ra, mabodo siz shikoyatingizni shikoyatni ko’rib chiqishga vakolati bo’lmagan davlat organiga yuborgan bo’lsangiz, 5 kun muddat ichida shikoyatingiz tegishli davlat organiga jo’natilishi va bu haqda sizga ma’lum qilinishi kerak.
Shikoyatni yozishda va uni jo’natishda quyidagilarni unutmang!
Shikoyatingizda shikoyatning mohiyatini sodda tilda va batafsil yoriting. Masalan, militsiya xodimi o’zini qanday tanishtirganligi, sizni nima sababdan, qaysi kuni, soat nechchida va qayerda to’xtatganligini, agar sizni tintuv qilgan bo’lsa, uni qanday amalga oshirganligi haqida batafsil bayon qiling.
Shikoyat qilmoqchi bo’lgan aksariyat davlat organlari telefon raqamlari va manzillarini O’zbekiston Respublika Hukumat Portalidan olishingiz mumkin. Shikoyatingizni qaysi davlat organiga yuborishni o’rganganingizdan keyin, uni ikki usul bulan jo’natishingiz mumkin. Birinchisi usul pochta orqali shikoyatni buyurtma qilib (“zakaznoy”) yuborish. Buyurtma xati jo’natilganda pochta xizmatchisi sizga xatni kimga va qachon yuborganingizni tasdiqlovchi patta beradi. Shikoyatlarni ko’rib chiqish muddatlari buzilsa, shu patta yordamida haq-huquqlaringizni talab qilishingiz mumkin. Undan tashqari, shikoyatni qabul qilib olgan davlat organi ham xatingiz buyurtma xati bo’lib kelganini ko’radi va tegishli muddatlarda javob berishga majbur bo’ladi. Ikkinchi usul shikoyatingizni bevosita o’zingiz tegishli davlat organiga olib borib berishingizdir. Bunda e’tibor berish kerak bo’lgan holat shundan iboratki, shikoyatni ikki nusxada olib borib, bittasini mutasaddi shaxsga bering, ikkinchisiga esa shikoyat qabul qilib olinganligini tasdiqlash uchun xatni qabul qilib olgan odamga imzo va kun sanasini qo’ydirib oling. Ikkinchi nusxani o’zingizda saqlang. Bu sizga shikoyat qachon va kimga topshirilganligini isbotlashda yordam beradi.
Shikoyatni elektron manzilga yuborish mumknmi?
Umuman olganda davlat organlariga shikoyatni ularning elektron manzillariga yuborish taqiqlanmagan. Yuqorida aytib o’tilganidak, shikoyat og’zaki yoki yozma shaklda bo’lishi mumkin. Eng muhimi, shikoyat anonim bo’lmasligi va unda, albatta, shikoyat qiluvchining ism-sharifi va yashash joyi ko’rsatilgan bo’lishi kerak. Shikoyat anonim bo’lgan taqdirda, shikoyat ko’rib chiqilmaydi.
Biz shikoyatni davlat organi elektron manziliga yubormaslikni tavsiya qilamiz. Bunga birinchi sabab shuki, elektron manzilga yuborgan shikoyatingiz davlat organiga yetib boradimi yo’qmi, buni bilish qiyin. Masalan, siz yuborgan shikoyat electron pochtaning “Spam” (“Keraksiz xatlar”) papkasiga ketib qolgan bo’lishi mumkin. Bunday xatlarni pochta egalari odatda o’qimaydi.
Davlat organlari elektron manzillarining aksariyatini O’zbekiston Respublika Hukumat Portalidan topishingiz mumkin.
Shikoyatni e’tiborsiz qoldirganlik uchun javobgarlik
Tegishli davlat organlari yoki mansabdor shaxslar yuborilgan shikoyatlarni o’rganmasdan e’tiborsiz qoldirsa, ular “Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida”gi qonunni buzgan hisoblanadi va buning uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksining 4-moddasiga ko’ra, fuqarolarning murojaatlarini ko’rib chiqishni g’ayriqonuniy tarzda rad etganlik, murojaatlarini ko’rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzganlik, asossiz, qonunga zid qaror qabul qilganlik, shuningdek, fuqaroning buzilgan huquqlarini tiklashni, shikoyat munosabati bilan qabul qilingan qarorni real bajarishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.
“Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida”gi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jinoyi javobgarlik ham tayinlangan. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 144-moddasiga binoan, murojaat ko’rib chiqilishini asossiz rad etish, murojaatni ko’rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoki qonunga zid qaror qabul qilish eng kam oylik ish haqining 25 barabarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha qamoq bilan jazolanadi. Shuningdek, fuqaroni davlat organiga yuborgan shikoyati uchun mansabdor shaxs tomonidan ta’qib qilish, eng kam oylik ish haqining 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
3 Comments