Savol: Men, otam va onam 4 xonali uyda 20 yildan ortiq turamiz. Propsikada faqat otam bor. Uy buvamning (vafot etgan) nomida. Notarius uyni ¾ (to’rtdan uch) otamga ¼ (to’rtdan bir) amakimga ulush qilib chiqarib bergan. Amakim vafot etdi.
- Endi amakimning ulushi uning bolalariga (3ta bolasi bor) o‘tadimi? O‘tsa 1/4 bo‘libmi yoki maydalanib?
- Bu uyda men va onamning haqqi bormi? Ya’ni, propiskamiz bo‘lmasa ham ulushimiz bormi?
Javob: Savolingizda so‘ralgan masalalar Fuqarolik Kodeksining V bo‘limi “Vorislik huquqida” belgilangan qoidalar asosida tartibga solinadi.
- Fuqarolik huquqida “Meros transmissiyasi” degan tushuncha mavjud. Ushbu qoida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 11401-moddasida berilgan bo‘lib, unga ko‘ra, agar vasiyatnoma bo‘yicha yoki qonun bo‘yicha vorislikka chaqirilgan merosxo‘r meros ochilganidan keyin uni qabul qilib olishga ulgurmasdan vafot etgan bo‘lsa, unga tegishi kerak bo‘lgan merosni qabul qilib olish huquqi uning qonun bo‘yicha merosxo‘rlariga, agar barcha meros mol-mulk vasiyat qilingan bo‘lsa, uning vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlariga o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1135-moddasiga asosan meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik xuquqiga ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradi. Ushbu vaziyatda, savolingizdan tushunilishicha, amakingiz o‘z ulushini o‘z nomiga o‘tkazmasdan vafot etgan. Demak bu holatda, amakingizning merosdan oladigan ¼ ulushi uning farzandlariga o‘tadi. Amakingizning 3 nafar farzandi ¼ qismgagina ega chiqadilar. Ya’ni ular ¼ ulushni 3 ga bo‘lib oladilar. Ularning har birida merosdan voz kechish huquqi bor.
Tushunish osonroq bo‘lishi uchun misoldan foydalanishga harakat qilamiz. Masalan, Meros qoldiruvchi hayotligida o‘g‘li va qizi bor edi, ular meros ochilishiga qadar vafot etgan. O‘g‘lidan 2 nabira, qizidan qiz nabira qoldi. Ularning hammasi taqdim qilish huquqi bo‘yicha birinchi navbatdagi merosxo‘rlar hisoblanishadi. Mantiqqa ko‘ra meros birinchi navbatdagi merosxo‘rlar o‘rtasida teng ulushlarda, ya’ni 1/3 ulushdan taqsimlanishi kerak deb faraz qilish mumkin. Biroq, Fuqarolik Kodeksining 1140-moddasiga ko‘ra, taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik qonun bo‘yicha merosxo‘r meros ochilgunga qadar vafot etgan taqdirda, unga tegishli ulush uning avlodlariga o‘tishini nazarda tutadi. Binobarin, meros quyidagicha taqsimlanadi: qiz nabira meros qoldiruvchining qizi ortidan uning ulushiga vorislik qiladi, ushbu ulush merosning ½ qismiga teng, o‘g‘ildan bo‘lgan nabiralar esa o‘z otalarining ulushini o‘zaro bo‘lib oladilar, ya’ni har biri 1/4 qismiga voris bo‘ladi.
- Sizning va onangizning ulushingiz faqat otangizning ulushi doirasidadir. Ya’ni, sizlar otangizning 3/4 qismi uchun ulushdorsiz. Siz va onangizdagi vorislik huquqi otangiz vafot etgach yuzaga keladi. Ayni vaqtda otangiz va amakingizning farzandlari o’rtasida ulushning qanday bo‘linishi sud tomonidan hal qilinadi. Sud ulushni bo’lishda quyidagicha yo’l tutadi. Agarda xonadonda mustaqil kirib chiqish imkoniyati bo’lsa, yer-mulkni bo’lib berishi mumkin. Ammo kvartira nuqtayi nazaridan qaralganda bu imkonsiz. Shu bois, sud uyni baholab, taraflarga sotuvdan kelib chiqadigan summani taqsimlab beradi. Shuni unutmaslik kerakki, taraflardan biri boshqalarning ulushini sotib olish bo’yicha birlamchi huquqqa ega.
Yana quyidagilarni e’tiborga olishingiz lozim:
- a) Meros asosida o‘tadigan mol-mulk er-xotinning umumiy mulki sifatida qaralmaydi. (Oila Kodeksi 23-modda). Er-xotinning umumiy mulki deganda, Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi. Meros asosida o’tadigan mol-mulk er-xotinning umumiy mulki emasligini ta’kidlashning muhim jihati shundaki, deylik, ota-onangiz ajrashsa, otangizga meros asosida o’tgan mol-mulk er-xotin o’rtasida taqsimlanmaydi. Ajrashishda, umumiy qoidaga ko’ra, er-xotining umumiy mulki teng taqsimlanadi.
- b) Ota-ona hayotligida bolalar ularning mol-mulkiga nisbatan mulkdor bo‘lish huquqiga ega emas. Demak, ayni vaqtda siz otangizga tegishli meros ulushidan da’vo qila olmaysiz. Mazkur huquq otangiz vafot etgach yuzaga keladi. (Oila Kodeksi 90-modda)
Xulosa qilib aytganda, amakingiz bolalari amakingizdan qoladigan merosga, siz esa otangizdan qoladigan merosga ega bo‘lasiz. Ammo sizda merosga nisbatan huquq otangiz vafot etgach vujudga keladi.