Fuqarolik huquqi

Meros qanday taqsimlanadi?

Savol: Yaqinda mening otam vafot etdi. Otamning nomlarida bitta 3 xonali kvartira va 6 sotix yer uchastkasi (bo’m-bo’sh, uy qurish uchun berilgan) bor edi. Otamning 1-turmushlaridan 2 ta farzandlari bor, lekin ular 30 yildan beri Rossiyada, shu davlat fuqarosi, ular bilan aloqa uzilib ketgan, adreslari ma’lum emas. 2-turmushidan 3 ta farzandlari bor. Ular O’zbekistonda. 3-turmushidan 1 ta farzandlari bor – men. Yuqorida ko’rsatilgan meros qanday tartibda taqsimlanadi? Agar barcha aka-opalarim rozi bo’lishsa, men ushbu mulklarni qanday qilib o’zimning nomimga o’tkazib olishim mumkin? Assalamu Alaykum.

Javob: O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1112-moddasiga ko’ra, vorislik vasiyat va qonun bo’yicha amalga oshiriladi. Qonun bo’yicha vorislik, agar vasiyat mavjud bo’lmasa yoxud vasiyat butun merosning taqdirini belgilamasa, shuningdek ushbu Kodeksda belgilangan boshqa hollarda amalga oshiriladi. Otangizning qoldirgan uy va 6 sotix yer to’g’risida vasiyatnomasi mavjud bo’lmasa, ushbu holatga nisbatan qonun bo’yicha vorislik amalga oshiriladi.

Meros taqsimlanishi, kimningdir nomiga o’tkazilishi uchun avvalambor meros ochilishi kerak. Fuqarolik kodeksining 1116-moddasiga ko’ra, meros fuqaroning o’limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida ochiladi. Otangiz vafot etgan ekan, demak, otangizning qoldirgan meroslari ochilishi, ya’ni otangiz qoldirgan mulk taqsimlanishi mumkin. Fuqarolik kodeksining 1117-moddasida merosning ochilish joyi haqidagi norma o’rnatilgan bo’lib, unga ko’ra meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joyi merosning ochilish joyi hisoblanadi. Sizning holatingizda esa otangiz doimiy ro’yxatdan o’tgan yashash joyi merosning ochilish joyi hisoblanadi.

Qonun bo’yicha vorislikka ko’ra, Fuqarolik kodeksining 1134-moddasida ifodalanganidek, meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradilar. Bundan ma’lum bo’ladiki, otangizning nechinchi turmushidan bo’lishidan qat’i nazar, barcha farzandlari, vafot etgan payti qonuniy nikohda turgan xotini va agar ota-onasi yoki ulardan qaysi biri tirik bo’lsa, barchasi qonunan vafot etgan otangizning merosidan teng ulushlarga ega bo’ladi.

Yuqorida sanalgan qonun bo’yicha merosxo’rlardan biri meros ochilgunga qadar vafot etgan bo’lsa, Fuqarolik kodeksida belgilangan taqdim qilish huquqi bo’yicha vorislik amalga oshiriladi.

”140-modda. Taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik

Taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik qonun bo‘yicha merosxo‘r meros ochilgunga qadar vafot etgan taqdirda, unga tegishli ulush uning avlodlariga o‘tishini nazarda tutadi, bunda ulush taqdim qilinayotgan qonun bo‘yicha merosxo‘r bilan bir xil darajada qarindosh bo‘lgan avlodlar o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Bola, nevara, chevara, evara merosxo‘rligida taqdim qilish huquqi qarindoshlik darajasi cheklanmagan holda amal qiladi, yon qarindoshlik bo‘yicha merosxo‘rlikda taqdim qilish huquqiga meros qoldiruvchining tug‘ishgan aka-ukalari (opa-singillari) nomidan uning jiyanlari yoxud meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi (tog‘asi) yoki ammasi (xolasi) nomidan uning amakivachchalari (tog‘avachchalari) va ammavachchalari (xolavachchalari) ega bo‘ladilar”.

Kodeksning 1146-moddasiga asosan meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rning iltimosiga ko‘ra unga merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma berishi shart. Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e‘tiboran olti oy o‘tganidan keyin beriladi.Qonun bo‘yicha meros olinganida ham, vasiyatnoma bo‘yicha meros olinganida ham, agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni so‘rab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi to‘g‘risida ma‘lumotlarga ega bo‘lsa, guvohnoma yuqorida ko‘rsatilgan muddat tugamasidan oldin berilishi mumkin.

Fuqarolik kodeksining 1147-moddasida merosdan voz kechish huquqi o’rnatilgan bo’lib, unga ko’ra, merosxo‘r o‘zining vorislikka chaqirilganini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab olti oy ichida merosdan voz kechishga haqli. Uzrli sabablar bo‘lgan taqdirda bu muddat sud tomonidan ko‘pi bilan ikki oyga uzaytirilishi mumkin. Merosdan voz kechish merosxo‘r tomonidan meros ochilgan joydagi notariusga ariza berish orqali amalga oshiriladi. Agar ishonchnomada vakil orqali merosdan voz kechish vakolati maxsus nazarda tutilgan bo‘lsa, merosdan shu tarzda voz kechilishi mumkin. Merosdan voz kechish keyinchalik bekor qilinishi yoki qaytarib olinishi mumkin emas. Merosxo‘r merosdan voz kechish uchun o‘ziga berilgan muddat o‘tganidan keyin bunday huquqni yo‘qotadi. Agar merosxo‘r meros qoldirilgan mol-mulkni egallashga amalda kirishgan yoxud uni tasarruf etgan yoxud o‘zining ana shu mol-mulkka bo‘lgan huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlarni olish uchun murojaat etgan bo‘lsa ham, merosdan voz kechish huquqini ko‘rsatilgan muddat o‘tmasidanoq yo‘qotadi.

Demak, sizning holatingizda otangizning boshqa turmushidan bo’lgan farzandlari otangiz qoldirgan merosdan voz kechishlarini meros ochilgan joydagi (otangizning oxirgi doimiy yashash manzilidagi) notariusga vorislikka chaqirilgan va chaqirilishini bilishi lozim bo’lgan kundan boshlab olti oy ichida yozma ravishda ariza berish bilan rasmiylashtirishi mumkin. Merosdan voz kechuvchi vorislar merosdan voz kechish haqidagi arizani o’zlarining advokatlari yoxud ishonchli vakillari orqali ham amalga oshirishlari mumkin, bunday holatda advokat yoki ishonchli vakil bilan o’zaro tuzilgan shartnomada merosdan voz kechish huquqini ham advokat yoki ishonchli vakil amalga oshirishi nazarda tutilgan bo’lishi kerak. Agar boshqa merosxo’rlarning harakatlarida merosni egallash, hujjatlarini rasmiylashtirish va shunga o’xshash boshqa harakatlar kuzatilgan bo’lsa, bunday holatda merosxo’rda merosdan voz kechish huquqi olti oy o’tmasdanoq tugatilgan hisoblanadi. Sizning holatingizda esa boshqa aka-opalaringiz merosdan voz kechish huquqidan foydalanishlari uchun meros ochilganidan, ya’ni otangiz vafot etganlaridan olti oy o’tmagan va opa-akalaringiz tomonidan otangiz qoldirgan merosni egallashga doir bo’lgan biror bir harakat kuzatilmagan bo’lishi lozim. Bundan tashqari, merosxo‘r merosdan voz kechganida vasiyatnoma bo‘yicha yoki qonun bo‘yicha merosxo‘rlar jumlasidan bo‘lmish boshqa shaxslar foydasiga, ushbu holatda esa sizning foydangizga voz kechayotganini ko‘rsatishga haqli.

Fuqarolik kodeksining 1151-moddasida meros ochilgan paytda hozir bo’lmagan merosxo’rlarning huquqlari haqida qoidalar belgilangan va ushbu normalarni hozirda Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bo’lgan va yashash joyi sizga noma’lum bo’lgan otangizning merosxo’rlariga nisbatan tatbiq qilish mumkin. 1151-moddaga ko’ra, agar merosxo‘rlar orasida turgan joyi noma‘lum shaxslar bo‘lsa, qolgan merosxo‘rlar, vasiyatnomani ijro etuvchi (meros boshqaruvchisi) va notarius ularning turgan joyini aniqlash hamda ularni vorislikka chaqirish yuzasidan zarur choralarni ko‘rishlari shart.

Agar turgan joyi aniqlanib, meros olishga chaqirilgan-u, lekin hozir bo‘lmagan merosxo‘r ushbu Kodeksning 1147-moddasida nazarda tutilgan muddat ichida merosdan voz kechmagan bo‘lsa, qolgan merosxo‘rlar merosni taqsimlash niyatlari to‘g‘risida uni xabardor qilishlari shart. Agar hozir bo‘lmagan merosxo‘r xabar qilingan paytdan e‘tiboran uch oy ichida qolgan merosxo‘rlarni merosni taqsimlash haqidagi kelishuvda ishtirok etish istagi to‘g‘risida xabardor qilmasa, qolgan merosxo‘rlar hozir bo‘lmagan merosxo‘rga tegishli bo‘lgan ulushni ajratib, o‘zaro kelishuvga ko‘ra meros taqsimotini amalga oshirishga haqlidirlar.

Agar hozir bo‘lmagan merosxo‘rning turgan joyi meros ochilgan kundan e‘tiboran bir yil mobaynida aniqlanmasa va uning merosdan voz kechishi to‘g‘risida ma‘lumotlar bo‘lmasa, qolgan merosxo‘rlar meros taqsimotini ushbu moddaning ikkinchi qismi qoidalari bo‘yicha amalga oshirishga haqlidirlar.

Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksining 1155-moddasida meros hisobidan to‘lanishi lozim bo‘lgan xarajatlar haqida qoidalar belgilangan bo’lib, unga ko’ra, meros vorislar o‘rtasida taqsimlanishidan oldin meros qoldiruvchining vafoti oldidan xastaligi tufayli qilingan zarur xarajatlar, meros qoldiruvchini dafn etish xarajatlari, merosni egallash, muhofaza qilish, boshqarish va vasiyatnomani ijro etish, shuningdek vasiyatnomani ijro etuvchi yoki merosni boshqaruvchiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash to‘g‘risidagi talablar meros hisobidan qondirilishi lozim. Bu talablar meros qiymati hisobidan boshqa barcha talablardan, shu jumladan ipoteka yoki boshqa garov bilan ta‘minlangan talablardan oldin imtiyozli ravishda qondirilishi lozim.

Otangiz qoldirgan merosning to’laligicha sizning nomingizga o’tishi borasida barcha opa-akalaringiz, ya’ni otangizning boshqa merosxo’rlari rozi bo’lishsa, ular meros ochilgan joydagi notariusga o’zlariga tegishli bo’lgan meros huquqidan sizning foydangizga voz kechganliklari haqida ariza yozishlari kerak. Yashash joyi noma’lum bo’lgan merosxo’rlar borasida tegishli harakatlar yuqoridagi moddalarga asosan olib borilishi lozim.

One Comment