Dolzarb mavzu, Konstitutsiyaviy huquq, Maqolalar, Mehnat va jtimoiy ta'minot

Mehnatga majburlagani uchun kimga qanday javobgarlik bor?

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, har qanday huquqbuzarlikning sodir etilishi yuridik javobgarlik uchun asos bo‘ladi. Yuridik javobgarlikning 4 asosiy ko‘rinishi mavjud: jinoiy, ma’muriy, intizomiy va fuqarolik-huquqiy. Paxta dalasida sodir bo‘lgan noxush voqeaga aloqasi bo‘lgan har qanday mansabdor shaxs yoki davlat organiga nisbatan yuqorida sanab o‘tilgan javobgarlik turlarining bittasi va/yoki bir nechtasi qo‘llanilishi mumkin.

Maktab va boshqa o‘quv muassasalari o‘quvchi-talabalarining paxta terimiga noqonuniy jalb etilgani uchun ushbu o‘quv maskanlari rahbarlari ham javobgarlikka tortilishi mumkin. Bunda eng avvalo, umumta’lim maktabi direktorlari mas’uldir, chunki qonunchilikka ko’ra maktabning o‘quv-tarbiya jarayoniga va kundalik faoliyatiga bevosita rahbarlikni direktor amalga oshirishi belgilangan.

Paxta dalasidagi doktor yoki hamshiraning javobgarligi ham uning majburiyatlaridan kelib chiqib belgilanadi. Majburiyatlar doirasi ko‘p holatlarda mehnat shartnomasida va shu kabi boshqa hujjatlar bilan belgilanadi. Masalaning qiyin jihati shundan iboratki, tibbiyot xodimlarining paxta dalasiga chiqib paxta terayotganlarga tibbiy yordam ko‘rsatishi hech qanday rasmiy hujjatda belgilanmagan. Shunday bo‘lsa ham, paxta dalalariga tibbiyot xodimlari biriktirilyapti va ular paxta teruvchilarning sog‘lig‘i uchun mas’uldirlar.

Yuqoridagi davlat organlari yoki mansabdor shaxslar xatti-harakatlari ustidan shikoyat arizasini yozishdan oldin, huquqbuzarlik uchun mas’ul bo’lgan mansabdor shaxsga huquqbuzarlik zudlik bilan to’xtatilishini, aks holda yuqori turuvchi davlat organi yoki mansabdor shaxsga shikoyat arizasi bilan murojaat qilishingizni aytishingiz maqsadga muvofiq. Hattoki sizga nisbatan qilingan huquqbuzarliklar haqida ommaviy axborot vositalariga (OAV) xabar berishingiz haqida ham ogohlantirishingiz mumkin. Ba’zan shunday ish tutilganda, shikoyat yozishga hojat qolmaydi va sizga nisbatan qilingan huquqbuzarlikka chek qo’yiladi.

Tegishli davlat organlari yoki mansabdor shaxslar yuborilgan shikoyatlarni o’rganmasdan e’tiborsiz qoldirsa, ular amaldagi qonunchilikni buzgan hisoblanadi va buning uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Comments are closed.