Savol: Otam nafaqa yoshiga yetdi, lekin mehnat daftarchasini yo’qotgan. Oldingi ish joyi yopilib ketgan. Shahar arxiviga borsa, bizda sizning ma’lumotlaringiz yo’q, deyishibdi. Otam 6 yil o’sha korxonada ishlagan. Qanday qilib saqlanmasligi mumkin?
Javob: Ushbu holatda siz birinchi navbatda tumaningizdagi Ichki ishlar bo’limiga murojaat qilishingiz lozim. Tuman Ichki ishlar bo’limi sizga mehnat daftarchasi topilmaganligi to’g’risida ma’lumotnoma beradi. Ushbu ma’lumotnomani asos qilib quyidagi idoralarga murojaat qilishingiz mumkin.
Otangizning oxirgi ishlagan joyi yopilib ketgan bo’lsa, nafaqa olish uchun otangiz mehnat daftarchasi o’rniga ish stajini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni taqdim qilish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori bilan qabul qilingan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 59-bandida mehnat daftarchasi mavjud bo‘lmagan taqdirda, shuningdek, mehnat daftarchasida zarur yozuvlar bo‘lmagan yoki mehnat faoliyati davrlari to‘g‘risida noto‘g‘ri va noaniq yozuvlar mavjud bo‘lgan hollarda ish stajini tasdiqlash uchun (ish bilan band shaxsning ish stajidan tashqari) ma’lumotnomalar, buyruqlardan ko‘chirmalar, shaxsiy hisobvaraqlari va ish haqi berish uchun vedomostlar, mehnat shartnomalari (kontraktlar), arxiv ma’lumotnomalari va mehnat faoliyati davrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan boshqa hujjatlar asosida qabul qilinishi ko’rsatilib o’tilgan.
Agarda yuqoridagi hujjatlarni topa olmasangiz, siz ularni davlat arxividan topishingiz mumkin. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risida”gi Nizomining 23-bandida nodavlat korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalar tugatilganda yoki shaxsiy arxiv hujjatlari egasi vafot etganda, vorislar va qonuniy merosxo‘rlar bo‘lmaganda ularning hujjatlari davlat mulkiga o‘tkazilib, doimiy saqlash uchun davlat arxivlariga topshirilishi belgilab qo’yilgan. Ko’rsatilgan hujjatlar davlat arxividan yo’q qilinishi mumkin emasligi yuqoridagi Nizomning 22-bandida belgilangan.
Agar siz davlat arxividan kerakli hujjatlarni topa olmasangiz, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qarori bilan tasdiqlangan “Imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlar ro‘yxatlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ning 58-bandiga asosan, ish stajining belgilanishin so’rab shahar yoki tuman hokimiyatiga murojaat qilishingiz mumkin. Ish staji to‘g‘risidagi hujjatlar harbiy harakatlar, tabiiy ofatlar, avariyalar, halokatlar yoki boshqa favqulodda vaziyatlar natijasida to‘liq saqlanmagan yoki qisman saqlangan hollarda ish stajini tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyatlar, tumanlar (shaharlar)ning mahalliy davlat hokimiyati organlari (hokimliklar) tomonidan tashkil etiladigan ish stajini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.
Agar otangiz ushbu choralarga qo’l urgandan keyin ham ish stajini tasdiqlay olmasa, sizga
O’zarxivning viloyat bo’limiga;
Muassasa joylashgan tuman Ijtimoiy ta’minot bo’limiga;
Tuman prokuraturasiga tuman arxivi ustidan shikoyat qilishni maslahat beramiz. Ishingiz tezroq hal bo’lishi uchun yuqorida keltirilgan manzillarning har biriga bir vaqtning o’zida murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz.
Shuningdek, otangiz tuman pensiya jamg’armasidan pensiya nafaqasini olishi kechikkani uchun, arxiv idoralari kerakli hujjatni o’z vaqtida topib bermaganligi natijasida otangizga yetkazilgan moddiy zararni undirish maqsadida tumaningizdagi Fuqarolik ishlari bo’yicha sudga tuman arxiv bo’limi ustidan da’vo arizasi ham yozishingiz mumkin.