Jinoyat va ma'muriy huquq

Mast holda sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik bormi?

Jinoyat huquqida aqli rasolik

yoxud

Aqli noraso va mast qiluvchi yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilivchi kishilarning jinoiy javobgarligi

O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining umumiy qoidasiga ko’ra, aqli rasolik javobgarlikka tortish uchun shart bo’lgan talablardan biri hisoblanadi. Kodeksning 17-moddasida jinoiy javobgarlikka tortilish uchun kishi [1] javobgarlikka tortish yoshiga to’lgan va [2] aqli raso bo’lishi kerak deb belgilangan. Kodeksning 18-moddasiga ko’ra, aqli raso kishi deb jinoyat sodir etish vaqtida o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan va o‘z harakatlarini boshqara olgan shaxsga aytiladi. “Ijtimoiy xavfli qilmish” deb Kodeks bilan qo’riqlanadigan ob’ektlarga zarar yetkazadigan yoki shunday zarar yetkazish real xavfini keltirib chiqaradigan qilmishlarga aytiladi (14-modda).

Yuqoridagi ta’rifga ko’ra, aqli rasolikning ikki elementi bor: aqliy/intelleltual (o’z qilmishini ijtimoiy xavfli xususiyatini anglay olish qobiliyati) va irodaviy (o’z harakatlarini boshqara olish qobiliyati). Ayiblanuvchi aqli raso deb topilishi uchun ikkala element mavjud bo’lishi kerak. Aqli noraso kishida ikki elementdan biri yoki ikkalasi bo’lmaydi va shu sababli u o’z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydi va/yoki harakatlarini boshqara olmaydi. Aqli norasolikka quyidagi ruhiy kasalliklar misol bo’lishi mumkin: [1] shizofreniya; [2] epilepsiya; [3] maniakal-depressiv psixoz; [4] miya sifilisi; [5] progressiv falajlik; [6] qarilik aqli zaifligi; [7] epidemik entsefalit va boshqa qiyin davolanadigan ruhiy kasalliklar (Rustambaev, 138-bet). Rustambaevning Jinoyat Kodersiga yozgan sharhiga ko’ra, aqli norasolikda “miyaning qabul qilish funktsiyasi buziladi, buning natijasida, odatda, ongning muhim sifati – anglash yo’qoladi.” (137-bet).

Ruhiy kasalliklarga yo’liqqan bo’lishiga qaramasdan kishi o’z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglash yoki o’z harakatlarini boshqara olish qobiliyatiga ega bo’lsa, u javobgarlikka tortilishi mumkin. Rustambayev Jinoyat Kodeksiga yozgan sharhida shunday deb yozadi: “Aqli raso deb, nafaqat ruhiy jihatdan sog’lom shaxs, qandaydir ruhiy buzilishi bo’lgan, ammo jinoyat sodir etish vaqtida o’z harakatlarini u yoki bu sharoit  yoki holatda ongli va to’g’ri baholay olish imkoniyatiga ega shaxs  ham topilishi mumkin.” (135-bet).

Anglo-sakson huquq tizimida ham aqli norasolikni (“insanity”) belgilashda yuqoridagi qoidadan foydalaniladi (“M’Naghten Rule”). AQShning ba’zi shtatlarida esa aqli norasolik boshqacha qoidalarga ko’ra belgilanishi mumkin. Shunday qoidalardan biri “irresistible impulse” (taxminan “kuchli hayajon” deb tarjima qilsa bo’ladi) qoidasidir. Bu qoidaga ko’ra, ayiblanuvchi o’z xatti-harakatlarining ijtimoiy xavfliligini anglaydi, lekin aynan jinoyat sodir etish vaqtida ruhiy hayajon yoki kasallik sababli o’z harakatlarini, ularning noqonuniy ekanligini bilsa ham, boshqara olish qobiliyatiga ega bo’lmaydi. O’zbekistonga qonunchiligiga ko’ra esa, kuchli ruhiy hayajonlanish ostida jinoyat sodir etish Jinoyat kodeksining 55-moddasi, d-bandiga ko’ra, jazoni yengillashtiruvchi holat hisoblanadi.

Shaxsni aqli noraso deb faqat sud e’lon qilishi mumkin. Bunday qarorni sud sud-psixiatriya ekspertizasiga asoslanib qabul qiladi. Ammo sud-psixiatriya ekspertizasi ayiblanuvchini aqli noraso deb topgan taqdirda ham, sud ham shunday qarorga keladi, degani emas. Sud jinoiy ishning barcha xususiyatlarini o’rganib chiqib, ayiblanuvchi, ruhiy kasalligi bo’lishiga qaramasdan, jinoyat sodir etish vaqtida (1) o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan va/yoki (b) o‘z harakatlarini boshqara olgan degan xulosaga kelib, ayiblanuvchini aqli raso deb topib, jazo tayinlashi mumkin. Sudning bu vakolatini, yani ayiblanuvchining aqli norasoligi masalasida mustaqil ravishda qaror berishini ba’zi sharhlovchilar jiddiy tanqid qiladi. Sababi, ruhiy kasalliklarning aksariyati o’ta murakkab xususiyatga ega bo’lib, hattoki mutaxassislar tomonidan aniqlanishi qiyin bo’lgan holatlardan biri hisoblanadi. Ruhiy kasallikning mavjudligini aniqlash bilan bog’liq bo’lgan murakkabliklar Primal fear (“Первобытный страх”) jinoiy-huquqiy dramasida juda yaxshi tasvirlangan.

Ba’zi davlat qonunchiliklarida “cheklangan aqli rasolik” degan tushuncha mavjud (masalan, Daniya, Italiya, Finlyandiya, Germaniya, Shveytsariya, Yaponiya, Ukrainiya, Rossiya va Moldova).  Bunday holatlarda qonunchilik ayiblanuvchini, u ruhiy kasallikka uchragan bo’lsa ham, cheklangan jinoiy javobgarlikka tortishi mumkin deb belgilaydi.

Mast holatida jinoyat sodir etish masalasi deyarli har doim aqli rasolik va norasolik tushunchalari bilan birga muhokama qilinadi. Kodeksning 19-moddasi mastlik holatida sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik haqida so’z yuritiladi. Unga ko’ra, mastlik holatida yoki giyovandlik vositalari, psixotrop yoki odamning aql-irodasiga ta’sir etuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida jinoyat sodir etgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinmaydi. Bunday holat shaxsni aqli noraso deb topish uchun asos bo’lmaydi. Shu bilan birga, mast yoki giyohvandlik vositalari ta’siri ostida jinoyat sodir etish Jinoyat kodeksining 56-moddasining o-bandiga ko’ra, jazoni og’irlashtiruvchi holat hisoblanadi.

Mast holatda sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikdan ozod qilmaslikning bir necha sababi bor. Birinchidan, ko’p jinoyatlar aynan mast holatda sodir etiladi. Statistika ko’rsatkichlariga ko’ra, masalan AQShda, sodir etilgan jinoyatlarning 40 %, ba’zi hollatrada esa 80%, aynan mast holatda yoki prixotrop moddalar ta’siri ostida bo’lganda sodir etilgan. Demak, mast bo’lish jinoyat sodir etishga sabab bo’luvchi faktorlardan hisoblanadi. Bunday holatda ayiblanuvchi sudda o’zini boshqarolmaganligini, harakatlarining ahamiyatini anglay olmaganligini aytadi. Mast holatda sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikdan ozod qilish va/yoki javobgarlikni yengillashtirish jamiyatda jinoyat sodir etish darajasini oshirib yuborishi ham mumkin. Sababi, mast qiluvchi ichimlik yoki boshqa odamning aql-irodasiga ta’sir etuvchi moddalarni iste’mol qiluvchi kishi, xatti-harakatlari keyinchalik ijtimoiy xavfli qilmish keltirib chiqarishi mumkinligi ma’suliyatiga yuzaki qarashiga olib keladi.

Mast holatda sodir etilgan jinoyatlar javobgarlikdan ozod etilmasligining yana bir sababi, har bir shaxs mast qiluvchi yoki psixotrop moddalardan foydalanish ularni o’z xatti-harakatlarini boshqarishlariga va umuman fikr-yuritish qobiliyatlariga ta’sir qilishini bilishadi.

Jinoyat huquqi sharhlovchilariga ko’ra, kishi qanchalik mast bo’lmasin, xatti-harakatlarining ijtimoiy xavflilik darajasini tushunib turadi va o’zini-o’zi boshqarish qobiliyatiga ega bo’ladi. Aqli noraso kishi esa, atrofida bo’layotgan voqealarni umuman boshqacha tasavvur qiladi. O’z qilmishlarining ijtimoiy xavfliligini tushunmaydi va/yoki o’z xatti-harakatlarini boshqarish qobiliyatiga ega bo’lmaydi.

AQSh qonunchiligida mast holatda jinoyat sodir etish ba’zi hollarda jazoni yengillashtirishi mumkin. Masalan, Virjiniya shtatida, mast holatda jinoyat sodir etish faqat qotillik uchun javobgarlikni yengillashtirishi mumkin. Janubiy Karolinada esa, mast holatda jinoyat sodir etish, O’zbekiston qonunchiligi singari, javobgarlikni yengillashtirmaydi.

Mast holatda sodir etilgan jinoyat uchun faqat bir holatda e’tiborga olinishi mumkin deb hisoblaydigan sharhlovchilar bor. Ularga ko’ra, patologik mastlik aqli norasolik deb ko’rilishi mumkin. Patologik mastlik kutilmaganda ro’y beradigan mastlik bo’lib, juda kam miqdorda iste’mol qilingan mast qiluvchi ichimlik yoki boshqa psixotrop modda iste’mol qilish natijasida kutilmagan jiddiy psixik muammolarni keltirib chiqaradi. Patologik mastlikning ko’p uchraydigan formalari paranoid va epileptoid holatlari hisoblanadi.

Kishining aqli rasoligiga nisbatan har qanday shubhalar ayibsizlik prezumptsiyasi tamoiliga muvofiq, ayiblanuvchining foydasiga ko’rilishi kerak.

Ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan va sud tomonidan aqli noraso deb topilgan shaxsga nisbatan tibbiy yo’sindagi majburlov choralari qo’llanilishi mumkin.

Comments are closed.