Jinoyat va ma'muriy huquq, Sharh

Mashinaga videokamera o’rnatish mumkinmi?

Transport vositasi haydovchilari orasida avtoulov videoregistratorini o’rnatish tabora keng tarqalmoqda. O’z navbatida, bunday amaliyot avtoulov haydovchilari va DAN xodimlari o’rtasida kelishmovchiliklarga ham sabab bo’lmoqda. Haydovchilar bunday jihozni o’z mashinalari saloniga o’rnatishga haqlari borligini aytsa, DAN xodimlari bu ishning noqonuniyligini aytadi. Bu maqolada ushbu masalaga oydinlik kiritib, bir-biriga bog’liq bo’lgan ikki savolga javob qidiramiz: (a) avtoulov videoregistratorini o’rnatish mumkinmi? (b) avtoulov videoregistori yordamida DAN xodimi xatti-harakatlarini yozib olish qonuniymi?

Avtoulov videoregistratori nima?

Avtoulov videoregistratori bu mashina harakatlanayotganda va to’xtab turganda uning atrofida (va ba’zilari salon ichida ham) sodir bo’layotgan harakatlarni video va audio  formatda yozib oluvchi jihozdir. Mazkur jihozdan foydalanishning asosiy sababi yo’l harakati qoidalari buzilganda kim aybdor ekanligini hodisa ro’y bergandan so’ng ko’ra olish. Bu esa keyinchalik ish sudga oshirilganda tomonlar uchun o’ta muhim isbotlovchi dalil vazifasini o’tashi mumkin. Masalan, ba’zi holatlarda yo’l harakati qoidasi qaysi avtoulov haydovchisi tomonidan buzilganini aniqlash qiyin bo’ladi. Shu bilan birga, avtoulov videoregistratori DAN xodimi to’xtatganda ham vaziyatga oydinlik kiritishda juda qo’l kelmoqda.

Avtoulov videoregistratorini mashinaga o’rnatish mumkinmi?

Avtoulov videoregistratoridan foydalanish amaldagi qonunchilik bilan tartibga solinmagan. Ammo ushbu jihozni o’rnatganlari uchun jazo belgilayotgan DAN xodimlari O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksining 1282-moddasiga ishora qilishmoqda. Mazkur moddaning birinchi va ikkinchi bandlarining matni quyidagicha:

“Transport vositasini boshqarish paytida transport vositasi salonining old qismiga ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan o‘rnatilgan monitordan (displeydan) tele-, videodasturlarni tomosha qilish uchun foydalanish — eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Transport vositasi salonining old qismiga o‘zboshimchalik bilan monitor (displey) o‘rnatish, eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur moddada ikki holat haqida gap bormoqda. Birinchi holatga (moddaning birinchi bandi) bevosita transport vositasini ishlab chiqargan korxona tomonidan o’rnatilgan monitor va displeylar kiradi. Masalan, yangi ishlab chiqarilayotgan mashinalarda salonning old qismiga ishlab chiqaruvchi tomonidan o’rnatilgan monitor yoki displeyni ko’rish mumkin. Bunday moslama, asosan, haydovchi uchun yo’l xaritasini ko’rish (xalq orasida inglizcha ibora bilan “ji-pi-es” (GPS) deb ham ataladi) vazifasini o’taydi. Tabiiki, bunday monitordan musiqa tinglash va klip yoki videodasturlarni tamosha qilish uchun foydalanish ham mumkin. 1282-modda mazkur moslamadan faqatgina “tele” va “videodasturlarni” tomosha qilish uchun foydalanishni taqiqlaydi. Bunday monitor yoki displeydan shahar xaritasiga qarab manzilga yetib olish maqsadida foydalanish esa man etilmagan.

1282-moddada nazarda tutilgan ikkinchi holatda (moddaning ikkinchi bandi), monitor yoki displey mashinaning old qismiga haydovchi tomonidan o’zboshimchalik bilan o’rnatilishi nazarda tutilgan. Ilk qarashda, moddaning aynan shu qismi haydovchilarga avtoulov videoregistratoridan foydalanishni taqiqlayotgandek ko’rinadi, chunki unda gap salonning old qismiga har qanday monitor yoki displey o’rnatish haqida ketmoqda. Mazkur moddani bu yo’sinda talqin etish to’g’ri emas. Fikrimizcha, 1282-moddaning ikkinchi bandidagi “o’zboshimchalik bilan” deb yozilgan birikmaga e’tibor bermoq lozim. Zero, mazkur modda ustida ishlagan huquqshunoslar “o’zboshimchalik bilan” iborasini umuman ishlatmasliklari mumkin edi. Shunda, 1282-moddaning ikkinchi bandini quyidagicha o’qish mumkin bo’lar edi:

“Transport vositasi salonining old qismiga [o‘zboshimchalik bilan] monitor (displey) o‘rnatish, eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi”.

Demak, mazkur modda ustida ishlagan huquqshunoslar “o’zboshimchalik bilan” iborasini bejiz kiritmaganlar. A.Madvaliyev tahriri ostida chop etilgan O’zbek tilining izohli lug’atida “o’zboshimcha”likka “boshqalar bilan hisoblashmasdan, faqat o’z erki, o’z xohishi bilan ish tutadigan va shu tarzda amalga oshirilgan” ishlar deb ta’rif berilgan. Xo’sh, qanday monitor/displey o’zboshimcha o’rnatilgan-u, qaysilari o’zboshimcha emasligi nimaga asoslanib qaror qilinadi? Bu haqda esa amaldagi qonunchilikda hech narsa deyilmagan. Huquqiy munosabatlar doirasida “o’zboshimchalik” tushunchasini davlat organidan ruxsat olmasdan o’rnatish deb tushunish to’g’riroq bo’lsa kerak. Ushbu yondashuv qo’llaniladigan bo’lsa, 1282-moddasining ikkinchi bandi faqat tegishli davlat organidan ruxsat olmasdan avtoulov videoregistratorlarini salonning old qismiga o’rnatishni taqiqlaydi, deyish mumkin. Endi esa savol tug’iladi. Avtoulov videoregistratorini salonning old qismiga o’rnatish uchun qaysi davlat organidan ruxsat olish kerak? Mazkur masala bo’yicha ham amaldagi qonuchilikda hech narsa deyilmagan. Umumiy qoidaga ko’ra, amaldagi qonunchilik bilan aniq tartibga solinmagan xatti-harakatni bajarish noqonuniy hisoblanmaydi.

Shuni ham ta’kidlab o’tish kerakki, 1282-moddasi ikkinchi bandi o‘zboshimchalik bilan monitorni (displeyni) transport vositasi salonining old qismiga o‘rnatishni taqiqlaydi. Demak, mashinaning boshqa qismiga o’rnatilgan avtoulov videoregistratori, masalan mashina tomiga yoki o’rta qismiga, noqonuniy hisoblanmaydi.

Videoregistrotor yordamida DAN xodimi xatti-harakatlarini yozib olish mumkinmi?

Avtoulov registratori yordamida transport vositasi haydovchisi DAN xodimi xatti-harakatlarini yozib olishi mumkin. DAN xodimi bilan muomala qilishda videoregistratordan qanday foydalanish va bu ishning foydalari haqida bu yerda (rus tilida) o’qishingiz mumkin.

DAN xodimlari haydovchilarning videoregistratordan foydalanishlariga qarshi chiqishlari turgan gap. Bunday holatlarda ba’zi DAN xodimlari videoregistratorga tushishdan qochib yuzini yopsa, ayrimlari do’q urishi mumkin. Ba’zi DAN xodimlari esa, “Meni videoregistratorga tushurishingizga qarshiman, shu tufayli bunday qilishga haqqingiz yo’q. Undan mening roziligimsiz foydalanishni davom ettirsangiz, mening huquqimni poymol qilgan bo’lasiz va men sizni sudga berishim mumkin”, deb aytishi mumkin. Ko’p haydovchilar DAN xodimining bunday ogohlantirishidan keyin, videoregistratorni o’chirib qo’yishga qaror qilishi mumkin. Xo’sh, DAN xodimi va haydovchi o’rtasidagi muloqotni videoregistratorga yozib olish mumkinmi?

Ushbu masala ham amaldagi qonunchilik bilan aniq tartibga solinmagan. Shu sababli, O’zbekiston qonunchiligida belgilangan umumiy qonun-qoidalardan keylib chiqib javob beramiz.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 29-moddasiga binoan, har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega. Axborotni olish, izlash va tarqatish huquqi amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi bo’lgandagina cheklanishi mumkin.

Konstitutsiyaning 15-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar. Shu bilan birga, Konstitutsiyaning 16-moddasiga muvofiq, Konstitutsiyaning birorta qoidasi O‘zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilmasligi kerak. Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas. Demak, davlat organlari xodimlari fuqarolarning Konstitutsiyada tilga olingan huquqlarini jiddiy sababsiz cheklashi noqonuniy hisoblanadi.

Konstitutsiya fuqarolarning sha’ni va obro’sini ham himoya qiladi. Uning 27-moddasiga ko’ra, har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Avtoregistratorni o’rnatish va uning yordamida DAN xodimi xatti-harakatlarini yozib olish uning sha’ni va obro’siga tajovuz qilmaydi. DAN xodimi sha’ni va obro’siga tajovuz qilish masalasi haydovchi yozib olingan ma’lumotdan qanday maqsadda foydalanishiga bog’liq. DAN xodimi tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar haqidagi ma’lumotdan, eng avvalo, dalil sifatida foydalanish kishining sha’ni va obro’siga tajovuz hisoblanmaydi. Bunday ma’lumot internetga joylashtirilgan (masalan, Yutubga (Youtube)) taqdirda ham, hech qanday tajovuz haqida gap borishi mumkin emas. Zero, yuqorida ta’kidlangani kabi, axborot yig’ish va uni tarqatish har bir kishining konstitutsiyaviy huquqi hisoblanadi.

Qolaversa, qonuniylik va oshkoralik kabi tamoyillar har bir huquqiy tizimning asosini yaratadi. Avtoulov videoregistratorlari davlat mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlarini yozib olish va ularni fosh etishda muhim ahamiyatga ega bo’lgani uchun, ulardan foydalanish har bir kishining huquqi hisoblanadi.

Avtoulov videoregistratorga yozib olingan ma’lumotdan dalil sifatida foydalanish

Aytaylik, transport vositasiga o’rnatilgan avtoulov videoregistratori muhim holatni yozib oldi. Masalan, haydovchi qizil yo’l chirog’iga o’tmagan bo’lsa ham, DAN xodimi haydovchiga qizil chiroqqa o’tgansiz deb aytayapti. Shu bilan birga, mashinaga videoregistrator o’rnatilganligidan xabari bo’lmagani uchun, haydovchiga ochiqchasiga choy-chaqa evaziga qo’yib yuborishini aytayapti. Ish sudgacha borgan taqdirda, bunday ma’lumotdan qanday foydalanishingiz mumkin? Mazkur masala, asosan, O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksi bilan tartibga solingan. Mazkur Kodeksning 276-moddasiga binoan, dalillar har qanday faktik ma’lumotdan iborat bo’lib, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishga oid bo’lishi kerak. Mas’ul mansabdor shaxs shu ma’lumotlarga asoslanib ma’muriy huquqbuzarlik holati yuz bergan yoki bermaganligini, muayyan shaxsning uni sodir etishda aybdorligini va ishni to‘g‘ri ko‘rib chiqish uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqa holatlarni qonunda belgilangan tartibda aniqlaydi. Kodeksning 277-moddasiga ko’ra, mas’ul mansabdor shaxs dalillarga ishning hamma holatlarini har tomonlama, to‘la va ob’yektiv jamlab tekshirishga asoslangan o‘zining ichki ishonchi bilan qonunga amal qilgan holda baho beradi. Demak, Kodeks mansabdor shaxsning o’z “ichki ishonchi”ga tayanishi mumkinligi aytilmoqda. Bu degani, videoregistrator yordamida yozib olingan holatlar to’g’ridan-to’g’ri dalil bo’lib xizmat qilmaydi. Shuning uchun videoregistratorga yozib olingan ma’lumot ishni ko’rib chiqishda dalil sifatida qo’llanilishini istagan taraf mansabdor shaxsga bunday ma’lumot ishning hamma holatlarini har tomonlama, to‘la va ob’yektiv tekshirishiga yordam berishini ko’rsatib berishi kerak.

Xuddi shunga o’xshash qoidalarni O’zbekistan Respublikasi Fuqarolik protsessual Kodeksining 56, 57 va 58 moddalarida ham o’qish mumkin.

Xulosa o’rnida: Amaliy masalahatlar

Yuqoridagi tahlilimiz shuni ko’rsatmoqdaki, amaldagi qonunchilik avtoulov videoregistratorini o’rnatishni va uning yordamida DAN xodimi xatti-harakatlarini yozib olishni taqiqlamaydi. Ammo amalda buni DAN xodimlariga tushuntirish oson kechmasligi turgan gap. Buning ikki sababi bor: birinchisi, amaldagi qonunchilik videoregistratordan foydalanish masalasini aniq tartibga solmagan bo’lib, tegishli moddada (Ma’muriy javobgarlik Kodeksining 1282-moddasi ikkinchi bandi) noaniqlik va mantiqsizlik ko’zga tashlanadi. Bu esa amaliyotda haydovchilar va DAN xodimlari orasida jiddiy kelishmovchiliklarni keltirib chiqarishi turgan gap. Bunday vaziyatlarda masala haydovchilar foydasiga hal bo’lishi uchun, o’quvchilarimizga yuqorida muhokama qilingan masalalarni sinchkovlik bilan o’rganib chiqishni va DAN xodimi avtoregistratorni o’rnatish noqonuniy deb iddao qilganda unga qonunchilikda aynan nima deb aytilgani haqida batafsil tushuntirishga harakat qilishlarini tavsiya qilamiz. Agar DAN xodimi o’z iddaosidan qaytmasa va videoregistratorni o’rnatish va uning yordamida DAN xodimi xatti-harakatlarini yozib olish noqonuniy deb turib olsa, unga yo’l harakati qoidalari buzilgani haqida bayonnoma to’ldirishi mumkinligini va siz o’z huquqlaringizni sudda himoya qilishga tayyor ekanligingizni ayting. Bayonnomani to’ldirishda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida keyingi maqolamizda batafsil yozamiz. Ammo hozir shuni aytishimiz mumkinki, DAN xodimi bayonnomani to’ldirib bo’lganidan keyin, u bilan, albatta, sinchkovlik bilan tanishib chiqing. Bayonnomaning barcha bo’limlari to’ldirilgan bo’lib, DAN xodimi siz aynan qaysi yo’l harakati qoidasini buzganingizni ko’rsatgan bo’lishi kerak. Bayyonnomaning biron qismi to’ldirilmagan bo’lsa, uning to’ldirilishini yoki bo’sh qolgan joylariga “Z” deb yozilishini talab qiling. Aks holda, DAN xodimi sizga qo’l qo’ydirib olib, bo’sh joylarni o’z ixtiyoriga ko’ra keyinroq to’ldirishi mumkin. Shularga e’tibor bergandan keyingina bayonnomani imzolashingiz kerak. Bayonnomaning “Bayonnoma bilan tanishdim, uning mazmuni bo’yicha quyidagilarni bildiraman” qismiga DAN xodimining vajlariga qarshi ekanligingizni va yo’l harakati qoidalarini buzmaganigizni yozib qo’ying.

Va nihoyat, bizning fikrimizcha, Ma’muriy javobgarlik Kodeksining 1282-moddasiga o’zgartirish kiritilib, transport vositasi salonining old qismiga shahar xaritasini ko’rsatuvchi qurilma (GPS) va videoregistrator kabi elektron vositalardan foydalanish noqonuniy emasligi ta’kidlanishi kerak. Bunday jihozlar haydovchining yo’lni yaxshi ko’ra olish qobiliyatini cheklamaydi. Shu o’rinda qo’shni davlatlarda transport vositalarida videoregistratordan keng foydalanilayotganini eslatib o’tish o’rinli. Masalan, Qozog’iston, Rossiya, Ozarbayjon, Ukraina, Belarus kabi MDH davlatlarida videoregistratorlardan yo’l harakati qoidalarini kim buzganini yozib olishda va DAN xodimi xatti-harakatlarini yozib olishda keng qo’llanilib, yo’l harakati hodisalari bo’yicha ishlarni ko’rib chiqishda va DAN xodimlari ustidan nazorat o’rnatishda bunday amaliyot qo’l kelayotgani aytiladi. Bugunga qadar mazkur davlatlarda videoregistratordan foydalanish qonun bilan cheklanmagan.

Comments are closed.